Alisher Shodmonov JSSTning xalqaro anjumanida ishtirok etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Moskva shahrida o‘tkazilayotgan «Barqaror taraqqiyot davrida silni to‘xtatish: ko‘p tarmoqli yondashuv» mavzusida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning vazirliklar darajasidagi birinchi xalqaro global konferensiyasida ishtirok etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 16 noyabr kuni ochilgan mazkur nufuzli anjumanda Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin so‘zga chiqib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tarixida birinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro anjumanning dolzarbligi va undan ko‘zlangan maqsadga to‘xtalib o‘tdi.
Ta'kidlanganidek, tadbirning asosiy maqsadi JSSTga a'zo davlatlar orasida Barqaror rivojlanish Maqsadlari doirasida silga qarshi samarali kurash tizimini tashkil etishdir.
Bu bejiz emas. Chunki sil bugun inson hayotiga katta xavf solayotgan asosiy infeksion kasalliklardan biri hisoblanadi. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, har yili dunyo miqyosida sil bilan kasallangan 10 million bemor ro‘yxatga olinadi. Silga qarshi global kurash to‘g‘risida e'lon qilingan hisobotga ko‘ra, dunyo aholisining qariyb uchdan bir qismi ushbu xastalikning boshlang‘ich ko‘rinishi bilan og‘rigan.
Shu bois, mazkur anjumanda dunyoning 120 dan ortiq davlatlarining sog‘liqni saqlash vazirlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining rivojlanish masalalari bo‘yicha muassasasi va hududiy organlari rahbar xodimlari, sil kasalliklari bilan ishlovchi nodavlat tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, xayriya fondlari vakillar ishtirok etmoqda.
Xalqaro anjumanning birinchi kunida so‘zga chiqqan vakillar silga qarshi kurash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini yuqori baholadi.
Chunki mamlakatda sil xastaliklarining oldini olish va davolash bo‘yicha prezident Sh.Mirziyoyev topshirig‘i bilan alohida dasturlar ishlab chiqilgan. Ftiziatriya xizmatining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi va kasalliklarning oldini olish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosiga a'zo 53 davlat orasida 3-o‘rinni egallab, xalqaro miqyosda e'tirof etildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining OIV/OITS masalalari bo‘yicha qo‘shma dasturi ijrochi direktori Mishel Sidibe, BMTning sil kasalligi masallari bo‘yicha maxsus elchisi Erik Gusbi sil kasalligi va OIV infeksiyasini davolash, oldini olishda O‘zbekiston tajribasi bo‘yicha Markaziy Osiyo uchun mamlakatda xalqaro anjuman o‘tkazish taklifi bilan chiqdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning JSST bosh direktori Tedros Gebreyyesus, JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab, Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vaziri Veronika Skvortsova bilan o‘zaro hamkorlikdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
18:19 / 13.11.2024
JSST maktab o‘quvchilariga yuklama ortib borayotganidan xavotirda
18:52 / 08.11.2024
Har yili dunyoda 1 milliarddan ortiq bola zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda - JSST
17:48 / 01.11.2024
Dunyodagi eng halokatli infeksiya nomi ma’lum bo‘ldi
17:08 / 30.10.2024