O‘zbekistonda Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazi tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzurida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzurida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazi tashkil etiladi va u Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida joylashtiriladi.
Belgilab qo‘yilishicha:
Markaz yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat ta'lim muassasasi hisoblanadi va bu yerda oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi, shuningdek, qayta tayyorlanib malakasi oshiriladi, Markaz O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida g‘azna hisobvaraqlariga, milliy va xorijiy valyutada bank hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;
Markazda Afg‘oniston tomoni buyurtmanomalariga muvofiq gumanitar, pedagogika va muhandis-texnik ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga zarurat bo‘lganda, ta'lim yo‘nalishlariga Afg‘oniston tomoni buyurtmanomalariga binoan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishiga ruxsat berildi.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
o‘zaro kelishilgan oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi dasturlariga muvofiq malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish;
ijodiy, baynalmilal, bag‘rikenglik ta'limi muhitini shakllantirish;
pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, pedagogika texnologiyalari va o‘qitish uslublarini takomillashtirish;
O‘zbekiston Respublikasining yetakchi ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va tegishli tarmoq idoralari hamda tashkilotlari bilan munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash.
Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzurida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy komissiya tarkibi 1 -ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazi tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziriga zarurat bo‘lganda, Markaz tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.
Belgilanishicha:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Afg‘oniston tomoni bilan kelishgan holda, Markaz faoliyatiga o‘quv-uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Afg‘oniston tomoni bilan kelishuv asosida Markaz belgilaydigan tartib hamda muddatlarda o‘quvchilar va talabalar o‘qishga qabul qilinadi hamda bitiruvchilar attestatsiyadan o‘tkaziladi;
Markazda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasi ta'lim tizimida qabul qilingan normalarga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq kunduzgi hamda sirtqi ta'lim shakllari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Markaz xodimlariga oliy ta'lim muassasalari filiallarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash miqdori va shartlari tatbiq etiladi;
Markazga respublika ta'lim muassasalaridan o‘qituvchilar va mutaxassislar mehnatga soatbay haq to‘lash shartlari asosida jalb etiladi;
respublika ta'lim muassasalaridan jalb etiladigan o‘qituvchilarning Markazga kelib-ketishi va yashashi bilan bog‘liq xarajatlar Markaz tomonidan qoplanadi.
Mavzuga oid
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024
O‘zbekiston va YeI afg‘on masalasi bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvni davom ettiradi
22:45 / 02.11.2024