Jahon | 20:30 / 17.11.2017
18731
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: Ag‘darilgan Mugabening yuzida tabassum

Zimbabveda 15 noyabr kungi davlat to‘ntarishidan keyin hokimiyatdan chetlatilgan Robert Mugabe bugun, 17 noyabr kuni ilk bor omma uchun ko‘rinish berdi. U yuqori martabali harbiy amaldorlar va JAR vakillarini o‘z qarorgohida qabul qilgan. Uning o‘zini ag‘dargan harbiylarni yuzida tabassum bilan qarshilashi tasvirlangan suratlar The Herald gazetasi va ZBC davlat teleradiokompaniyasi tomonidan namoyish etildi.

Qabulda Zimbabve Qurolli kuchlari boshlig‘i, 15 noyabr kuni armiyani poytaxt Xararega boshlagan general Konstantino Guvey Chivenga, Mudofaa vaziri Sidney Sekerameyi, Xavfsizlik ishlari vaziri Kembo Moxadi, prezidentning matbuot kotibi Jorj Charamba, shuningdek Janubiy Afrika Respublikasi emissarlari — mamlakat mudofaa vaziri Nosivive Mapisa-Nkakula, Janubiy Afrika Respublikasi Xavfsizlik ishlari vaziri Bongani Bongo va boshqalar ham bo‘lishgan.

Bundan tashqari, uchrashuvda katolik ruhoniysi, Mugabe va armiya boshliqlari o‘rtasida vositachilik qilayotgan Fidelis Mukonori ham bo‘lgan.

Robert Mugabe Harare shahridagi universitetda tashkil etilgan marosimga tashrif buyurdi.

Uning marosim ochilishidagi nutqi ommaviy salbiy hayqiriqlar bilan kutib olingan.

Foto AP
Foto AP

Eslatib o‘tamiz, harbiylar Zimbabveda 15 noyabr kuni hokimiyatni o‘z qo‘llariga olishdi. Mamlakatni 1980 yildan buyon boshqarib kelgan prezident uy qamog‘iga tashlandi. Armiya poytaxtga kiriboq, ZBC davlat teleradiokompaniyasini egallagandi.

Davlat to‘ntarishi shu oy boshida Mugabe o‘z o‘rinbosari vitse-prezident Emmerson Mnangagvani iste'foga chiqarishi ortidan ro‘y berdi. Prezident bu bilan hokimiyatni unga emas, o‘z rafiqasi Greysi Mugabega qoldirmoqchiligini bildirgandi. Ammo armiya vakillari Mnangagvani qo‘llashdi. Chivenga prezidentga ultimatum qo‘yib, partiyada tozalash ishlari olib borishni to‘xtatishni, o‘z atrofidagi inqilobga qarshi kuchlardan voz kechishni, partiya vakillari uchun teng huquqlilik yaratishni talab qilgandi.

Bu voqealar fonida, 16 noyabr kuni mamlakatga Mugabening asosiy raqibi, sobiq bosh vazir Morgan Tsvangirai qaytib keldi.

Mavzuga oid