Jamiyat | 09:29 / 18.11.2017
9735
3 daqiqa o‘qiladi

Eronlik sportchilar zilzila jabrdiydalariga yordam berish uchun medallarini sotmoqdalar

12 noyabr kechki vaqt Eron va Iroq chegarasida yuz bergan 7,2 magnitudali zilzila oqibatida Eronda 500 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, 8 mingga yaqin kishi jabrlandi. 

Eronlik sportchilar ushbu fojiaga munosabat bildirib, odamlarga yordam berish uchun mablag‘lar yig‘a boshlashdi. 

Xususan, zilziladan eng ko‘p aziyat chekkan Kirmanshoh viloyatidan bo‘lgan og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiya chempioni Kiyonush Rustamiy 2016 yilgi Olimpiadada qo‘lga kiritgan oltin medalini auksionga qo‘ydi va olingan mablag‘ni fojia jabrdiydalariga yo‘llamoqchi. “Men oltin medalimni o‘z xalqimga qaytarmoqdaman, axir u odamlarga tegishli”, deb yozgan Rustamiy instagramda. 

Foto: Kiyonush Rustamiy

Bundan tashqari, Rustamiy qolgan sportchilar bilan birga ko‘chada sovuqda qolgan odamlarga kiyim-kechak, adyollar va boshqa zarur narsalar yig‘ish bilan shug‘ullanmoqda.  

Foto: 

Riodagi Paralimpiadada o‘q otish bo‘yicha g‘olib bo‘lgan Sarah Javanmardiy ham o‘z oltin medalini sotishga qaror qildi. 

Foto: Sarah Javanmardiy

Rustamiy va Javanmardiydan o‘rnak olib, kurashchi Mas'ud Mustafo-Joxar ham 2004 yilgi Afinadagi Olimpiadada qo‘lga kiritgan kumush medalini sotishga qaror qildi. 

Foto: Mas'ud Mustafo-Joxar

Shuningdek, Eron tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan biri Ali Dayi ham odamlarga ko‘mak berishga bel bog‘ladi. U bankda hisob raqam ochib, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi obunachilaridan bu hisob raqamga pul o‘tkazishni iltimos qilgan. “Birgalikda ko‘p ish qila olamiz”, deb aytgan Dayi videomurojaatida. Bu videomurojaatni oxirgi kunlar ichida 2 mln dan ko‘proq kishi ko‘rgan.

Foto: Ali Dayi

Eron va Iroq chegarasida yuz bergan zilzila joriy yildagi eng kuchlisi bo‘ldi. Zilzila kuchi Isroil va BAAda ham sezilgan.

Mavzuga oid