Jahon | 08:55
905
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Eron yana o‘zaro hujumlarni to‘xtatishga kelishdi

Axios nashrining yozishicha, AQSh va Eron navbatdagi qurolli to‘qnashuvlardan so‘ng yana bir-biriga hujum qilmaslikka kelishib oldi. Tomonlar 30 iyun kuni Qatarda bo‘lib o‘tadigan muzokaralargacha harbiy harakatlardan tiyilishni rejalashtirmoqda.

Foto: REUTERS

Nashr Vashingtondagi manbasiga tayanib xabar berishicha, 30 iyun kuni Qatarda Ho‘rmuz bo‘g‘ozida erkin kema qatnovini tiklash masalasi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shu vaqtga qadar tomonlar o‘zaro zarba bermaslik majburiyatini tasdiqlagan.

Hozirda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qisman ochiq bo‘lib, Eron dengiz kemalaridan harakat yo‘nalishlarini mamlakat harbiy rahbariyati bilan kelishishni talab qilmoqda. Tehron hozircha g‘arb davlatlariga bo‘g‘ozni to‘liq minalardan tozalash uchun ruxsat bermagan.

Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, bu sababli kemalar akvatoriyada faqat ikkita tor yo‘lak orqali harakatlanmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp bo‘g‘oz to‘liq ochilganini aytgan bo‘lsa-da, u orqali amalga oshirilayotgan yuk tashish hajmi AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyotlari boshlanishidan oldingi ko‘rsatkichning yarmidan ham kamligicha qolmoqda.

26–27 iyun kunlari, rasman amal qilayotgan sulhga qaramay, AQSh va Eron o‘rtasida yana yirik hujumlar almashinuvi kuzatildi. AQSh Eron ikki kun davomida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlangan ikki tijorat kemasiga zarba berganidan so‘ng mamlakatning sohilbo‘yi harbiy obektlariga hujum qildi.

Tehron esa mazkur kemalar Islom inqilobi muhofizlari korpusi bilan kelishilgan yo‘nalishdan chiqqanini ta’kidlab, Vashingtonning harakatlarini Eronning bo‘g‘oz ustidan nazoratini susaytirishga qaratilgan urinish sifatida baholadi.

Bunga javoban Eron Kuvayt va Bahrayndagi AQSh harbiy bazalariga zarba berdi. The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, Bahrayndagi harbiy obekt jiddiy zarar ko‘rgan.

Rasman sulh rejimi 8 apreldan buyon amal qilib kelayotgan bo‘lsa-da, shu vaqt ichida har ikki tomon uni bir necha bor buzgan.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Fors ko‘rfazidan jahon bozorlariga neft yetkazib berishdagi eng muhim transport yo‘laklaridan biri hisoblanadi. Shu bois bozor ishtirokchilari uning to‘liq ochilishini uzoq vaqtdan beri kutmoqda.

17 iyun kuni AQSh va Eron o‘zaro anglashuv memorandumini imzolaganini e’lon qilgach, neft narxlari pasayishni boshlagan. 24 iyun kuni Brent nefti bir barrel uchun 73,22 dollarga, WTI nefti esa 69,87 dollargacha tushgan.

Biroq tomonlar o‘rtasidagi kelishuv hali yakuniy emas. Memorandum imzolanganidan keyingi 60 kun ichida Eron yadroviy dasturi, AQSh qo‘shinlarini qo‘shni davlatlardan chiqarish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi kemalardan to‘lov undirish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishilishi kerak. Hozircha ushbu muzokaralar yuzasidan aniq natijalar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid