2018 yilda sayohat qilish tavsiya qilingan mamlakatlar Top-10 ligi e'lon qilindi
Sayyohlar uchun mo‘ljallangan Lonely Planet portali Best in Travel reytingini e'lon qildi. Unda kelgusi 2018 yilda sayohat qilish uchun dunyoning 10 mamlakati ham tavsiya qilingan. Reytingning yuqori 10 ligini Chili, Janubiy Koreya, Portugaliya, Jibuti, Yangi Zelandiya, Malta, Gruziya, Mavritaniya, Xitoy va Janubiy Afrika egallab turibdi.
Chili nafaqat Janubiy Amerika, balki dunyoning ajralib qolgan mamlakati desak xato bo‘lmaydi. Sharq tomonda And tog‘ tizmalari bo‘y cho‘zgan bo‘lsa, g‘arbda Tinch okeani jilvalanib yotadi. Shimolda Atakama sahrosi yastanib yotsa, janubni Patagoniya yovvoyi o‘rmonlari qurshab olgan. Mamlakat fuqarolari Chili mustaqilligining 200 yilligini keng nishonlaydi.
Janubiy Koreyani zamonaviy Osiyoning ixcham ko‘ngilochar maydonchasi deyish mumkin. Futuristik qiyofaga ega poytaxt Seul shahri 2017 yilda yuksak sur'atlarda o‘zgardi. Unda ko‘cha bo‘ylab yangi kafelar, barlar va hatto kutubxonalar joylashgan Seul-ro 7017 ko‘chasi parki ochildi. Janubiy Koreya 2018 yilgi Qishgi Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qiladi. Yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar sayyohlarni mamlakatning turli burchagidan Pyongchangga olib keladi.
Portugaliya Ispaniyaning uzoq vaqtlar mobaynida tashlab turgan soyasidan chiqa boshladi va san'at, madaniyat va oshxonalar rivojlanayotgan o‘ziga xos markazga aylandi. So‘nggi 2 yilda san'atkorona bezatilgan muzeylar sayyohlarga quchog‘ini ochsa, portugaliyalik oshpazlar Lissabondan Algarvgacha bo‘lgan hududlarda ajoyib taomlar tayyorlashadi.
Katta ta'sirga ega Jibuti davlati tektonik platalar harakati sababli 3 qismga ajralmoqda. Vulqonlardan oquvchi magmalar yo‘lida uchragan narsani kuydirib ketsa, Marsga o‘xshash bepoyon sahrolar go‘yoki bug‘lanib yotgandek. Chuqur ko‘llar sohillari tuz kristallari bilan qoplangan. Ammo sayyohlik nuqtainazaridan aynan shu narsa sayyohlik rejasini tuzishga yetib ortadi.
25 yillar muqaddam, Yangi Zelandiya sarguzashtlar shinavandalarini faol jalb qila boshladi. Great Walks sayyohlarni dunyoning eng noyob yovvoyi sahrolari uzra mamlakatning o‘ziga xos manzaralarini piyoda bosib o‘tishga jur'at bag‘ishlar edi. Endilikda, 9 ta yo‘l tarmog‘i ishga tushgach, Great Walk – Buyuk Yurish barpo qilinmoqda.
O‘rta yer dengizida joylashgan arxipelagning uzoq tarixi ko‘pchilikka yaxshi ma'lum. Uzoq asrlar avval barpo qilingan ibodatxonalar, 17-asrda qurilgan istehkomlar sohilni qo‘riqlab turadi go‘yo. Yerosti yo‘laklari va havo hujumiga qarshi qurilgan boshpanalar Maltaning yerosti qal'alaridek tasavvur hosil qiladi. Uning boyliklari ming yillar bo‘lmasa, asrlar osha shu yerda.
Janubiy Kavkaz tog‘lari chorrahasida joylashgan Gruziya tarixi mamlakat o‘tmishi emas, balki bugunidan hikoya qiladi. Ilg‘or fikrlovchi, ammo an'analaridan g‘ururlanadigan va qadimgi retseptlar asosida taom pishiradigan pazandalar ajdodlarini ham sharaf hamda faxr bilan yodga olishadi. 100 yil avval, Gruziya Rossiya inqilobidan so‘ng, mustaqil davlat deb e'lon qilingan edi.
Ushbu orol davlat zangori jilolanuvchi dengizlari va dabdabali sohil dam olish maskanlari bilan mashhur bo‘lib, Mavritaniya marjon qoyalari oralariga sho‘ng‘ish, dengiz to‘lqinlari uzra suzish va orollar bo‘ylab sayohatlar kishining bahri-dilini ochadi. Mavrinatiya mustamlaka bo‘lgan vaqtlarda o‘zining strategik joylashuvi sababli “Hind okeanining yulduzi va kaliti” nomi bilan mashhur edi. Bugungi kunda hukumat moviy osmonli orolni Afrikaga parvozlarni amalga oshirishda mintaqaviy markazga aylantirdi.
Dunyoning aholisi eng ko‘p mamlakati katta, chiroyli bo‘lib, ajoyib-u g‘aroyib sarguzashtlarga ham boydir. 2016 yildan buyon Xitoy o‘ta tezkor temir yo‘llar tarmog‘ini ishga tushirdi va Yer yuzidagi eng katta HSR tarmog‘ini barpo qildi. Pekindagi imperator saroyi – Taqiqlangan shahar – o‘tgan bir necha yillar mobaynida zamonaviy tus oldi hamda xalq uchun yopiq bo‘lgan 4 ta darvozasi ham ochildi. Shanxay minorasi dunyoning eng keng tomosha maydonida sayyohlarni qarshilaydi.
Janubiy Afrikaga borar ekansiz, cho‘milish havzalari va tog‘lar, yovvoyi o‘rmonlar va keng dalalardan tashqari ajoyib shahar Keyptaunni ham tomosha qilishni unutmang. JAR yillar mobaynida dunyoning jozibali mamlakatlaridan biri bo‘lib kelayotganini ham unutmaslik lozim.
Mavzuga oid
14:42 / 11.11.2024
Amerikaning kruiz kompaniyasi Tramp siyosatidan qochishni istaganlar uchun dunyo bo‘ylab 4 yillik sayohat taklif qilmoqda
23:10 / 24.10.2024
2024 yilda chet elga sayohatga borgan o‘zbekistonliklar soni ma’lum qilindi
11:00 / 09.10.2024
Amerikalik ayol bor mulkini sotib, orzusidagi sayohatga chipta olgandi. Ammo unga kemaga chiqish taqiqlandi
16:26 / 08.10.2024