Jamiyat | 13:50 / 23.11.2017
12171
2 daqiqa o‘qiladi

Notariuslar mahallalarga chiqib aholiga xizmat ko‘rsatishni boshladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev raisligida joriy yilning 15 noyabr kuni mamlakatda huquqbuzarlik profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud bo‘lgan muammolar va ularni hal etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida firibgarlik jinoyatlarining oldini olish maqsadida notarial tizimidagi byurokratizm va sansolarlik holatlariga chek qo‘yish, mahallalarga chiqib notarial xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan edi.

Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan 73 nafar notarius mavjud 1.007 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga biriktirildi. Bu haqda Toshkent viloyat adliya boshqarmasi KUN.UZ saytiga xabar bermoqda.

Ular tomonidan mahallalarga chiqqan holda aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, qarz shartnomasini notarial rasmiylashtirish tartibi, uning afzalligi va huquqiy oqibati yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, fuqarolar tomonidan qarz shartnomasini rasmiylashtirish yuzasidan murojaatlar bo‘lgan taqdirda, mahalla fuqarolar yig‘inining o‘zida normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan tartibda notarial harakatlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, joriy yilning 18 – 22 noyabr kunlari Bekobod, Bo‘ka, Qibray, Zangiota, Oqqo‘rg‘on, Chinoz va Yangiyo‘l tumanlarida hamda Nurafshon, Ohangaron, Yangiyo‘l shaharlaridagi 22 ta mahalla fuqarolar yig‘inida notariuslar tomonidan 800 nafardan ziyod fuqaro ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazildi.

Bu boradagi ishlar hududlarda davom ettirilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid