Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 17 iyun kuni Bo‘stonliq tumanidagi Obod mahallasida yashovchi 2016 yilda tug‘ilgan K.Y. va 2018 yilda tug‘ilgan K.B. ismli ikki nafar bola yashash uyining pastki qismidan oqib o‘tuvchi Bo‘zsuv kanaliga ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketgan.

Hodisa haqida xabar kelib tushgach, qidiruv-qutqaruv ishlari tashkil etilgan. Olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida 21 iyun kuni g‘avvos-qutqaruvchilar tomonidan bolalardan birining jasadi suvdan topib olingan.

Hozirda ikkinchi bolani qidirish ishlari davom ettirilmoqda. Qutqaruvchilar kanal bo‘ylab uzluksiz ravishda qidiruv-qutqaruv tadbirlarini olib bormoqda.

Mutasaddilar fuqarolarni, ayniqsa, yosh bolalarni suv havzalari va kanallar atrofida nazoratsiz qoldirmaslikka chaqirmoqda.