20:31 / 25.11.2017
22771

Mirko Yyelichich Marat Bikmayevga «Real» qiziqib qolishi mumkinligini aytdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston chempionatining so‘nggi turidan o‘rin olgan «Lokomotiv» va «Bunyodkor» jamoalari uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Mirko Yyelichich o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Fotojamlanma. «Lokomotiv» derbida «Bunyodkor»ni yengdi va chempionlikni nishonladi 

«Mavsumdan ajoyib taassurotlar qoldi. Jamoamiz mavsum davomida juda katta ko‘lamdagi ishlarni amalga oshirdi. O‘yin bobida ham, jismoniy holat bo‘yicha ham, ruhiy tomonlama ham bir maromda chempionatni o‘tkazdik. Kubok finali odidan chempionatning oxirgi uchrashuvini aynan «Bunyodkor» bilan o‘ynaganimiz yaxshi bo‘ldi. Chempionatni a'lo darajada yakunladik. Endi oltin dublni qayd etish uchun finalda g‘alaba qozonishimiz kerak.

Qachon PRO litsenziyasi olaman? Albatta Pro litsenziyani qo‘lga kiritish rejasi bor. Hozircha jamoa bilan ishlab unga o‘qishga vaqt bo‘lmayapti. Shu boisdan ham hozircha Pro litsenziyani olishga ulgurganim yo‘q. Kelajakda albatta ushbu litsenziyani qo‘lga kiritaman. Men 13 yildan buyon hech qanday tanaffussiz ishlab kelmoqdaman. Eng muhimi bu jamoa bilan birga ishlash. 20 yildan buyon professional klublarda faoliyat olib bormoqdaman. Eng yaxshi o‘qish bu amaliyot, kompyuter oldida o‘tirib nimanidir o‘rganish mumkin, lekin amalda uni qo‘llab ko‘rmasangiz foydasi yo‘q.

O‘zimizga mos legionerlarni tanlab olish juda qiyin bo‘lyapti. Bu ancha og‘riqli masala. Misol uchun, bizda skautlar yo‘q. Shu boisdan ham futbolchilarni YouYube‘dagi roliklarini ko‘rib ularni jalb qilamiz. Lekin bu aldamchi taassurot bo‘ladi. Masalan Marat Bikmayevni eng sara o‘yinlarini qirqib, rolik qilib yasasangiz, unga «Real Madrid» jamoasi qiziqib qolgan bo‘lardi.

Chempionat yakunlangan bo‘lishiga qaramasdan, tarkibimizdagi barcha 22 futbolchi ayni vaqtda futbol o‘ynashga tayyor bo‘lib turibdi. Nega? Chunki bizda hammasi juda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Mavsumni jarohatlarsiz yakunlash qiyin. Ko‘plab jamoalarda chempionat oxiriga kelib jarohatlar ko‘payadi. Bizda esa barcha futbolchilarning jismoniy holati yaxshi», deya gapirib o‘tgan Yyelichich.

Top