Jamiyat | 13:30 / 27.11.2017
13697
2 daqiqa o‘qiladi

150 mln. so‘m va 15 ming dollarni bosqinchilik bilan egallab olgan 4 yigit ushlandi 

Foto: Toshkent shahar IIBB

2017 yilning 22 noyabr kuni noma'lum shaxslar, Mirzo Ulug‘bek tumani hududida, o‘zganing mol-mulkini bosqinchilik yo‘li bilan egallash maqsadida oldindan jinoiy til biriktirib, fuqaro O.ning xonadoniga g‘ayriqonuniy ravishda kirganlar. Shundan so‘ng, O. va K.ga jismoniy zo‘rlik ishlatib, ularga tegishli 150.000.000 so‘m va 15.000 AQSh dollari miqdordagi pul mablag‘larini egallab olib, jinoyat sodir etilgan joydan yashiringanlar. Bu haqda poytaxt IIBB xabar bermoqda.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 164-moddasi 3-qismi «v» bandi (bosqinchilik, ya'ni o‘zganing mol-mulkini bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, uy joyga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan holda talon-toroj qilish maqsadida hujum qilib hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) alomatlari bilan bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. 

Joriy yilning 25 noyabr kuni Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan «Tozalash-Antiterror» tadbiri jarayonida, ushbu jinoyat S.T., N.A., S.J. va B.U. tomonidan sodir etganligi aniqlanib, daliliy ashyolar bilan ushlanganlar. 

S.T., N.A., S.J. va B.U.ga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi tanlash masalasi ko‘rilmoqda. 

Hozirda ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.

Mavzuga oid