Jahon | 20:08 / 28.11.2017
7725
2 daqiqa o‘qiladi

Muxolifat yetakchisi Erdo‘g‘an oilasining ofshorlar bilan bog‘liqligini isbotlashga tayyor

Foto: RIA Novosti / Sergey Guneyev

Turkiyaning Xalq respublika partiyasi yetakchisi Kamol Qilichdaro‘g‘lu Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning qarindoshlari 2011-2012 yillarda Men orolidagi ofshor kompaniyaga millionlab dollarlar o‘tkazishganini isbotlovchi hujjatlarga egaligini ma'lum qildi.    

Erdo‘g‘an boshchilik qiluvchi Adolat va taraqqiyot partiyasi Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim o‘g‘illarining ofshor kompaniyalarga aloqadorligi haqidagi maqolaning  parlamentda taftish qilinishiga yo‘l qo‘ymagan. Qilichdaro‘g‘lu bu qarorni tanqid qilgan va Erdo‘g‘anni o‘zining mablag‘lari haqidagi ma'lumotlarni oshkor qilishga chaqirgan. Uning aytishicha, Turkiya prezidentining farzandlari, qarindoshlari va safdoshlari ofshor kompaniyaga bir necha million dollar kiritishgan.     

Erdo‘g‘an bunga javoban agar Qilichdaro‘g‘lu aytayotganlarini isbotlay olsa, ifte'foga ketishini aytgan. 

“Men Erdo‘g‘andan so‘radim: “Sening farzandlaring, ukang va boshqa qarindoshlaring kichkinagina Men orolidagi, ustav kapitali bir funt sterling bo‘lgan Belvey kompaniyasiga millionlab dollarlar o‘tkazishayotganini bilasanmi?” U menga “Isbotla!” dedi. Bizda bu kompaniyaning barcha moliyaviy hujjatlari bor”, deb aytgan Qilichdaro‘g‘lu parlamentda o‘z partiyasi deputatlari oldidagi chiqishi vaqtida.

U kompaniya hisob raqamiga Erdo‘g‘anning ukasi Mustafo va o‘g‘li Ahmad Burak tomondan 2011-2012 yillarda amalga oshirilgan tranzaksiyalarni aytib o‘tgan. Muxolifatchining aytishicha, banklardan olingan bu hujjatlarning haqiqiyligiga shubha yo‘q.

Mavzuga oid