22:15 / 29.11.2017
35873

Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida Prezident farmoni qabul qilindi

Foto: Prezident matbuot markazi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.

Yangi vazirlikning asosiy faoliyat yo‘nalishlari quyidagilar xisoblanadi:

a) davlat va jamiyat qurilishiga innovatsiyalarni joriy etish sohasida:

  • innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni ishlab chiqishni, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini rivojlantirish, davlat xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishni tashkil etish;
  • davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini, eng avvalo, infratuzilma obektlari va resurslar eng ko‘p sarf qilinadigan tarmoqlarda keng joriy etishga ko‘maklashish;
  • dolzarb muammolarni, eng avvalo, joylardagi muammolarni hal etishda davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari va aholi bilan o‘zaro hamkorligining innovatsion yondashuvlarini ishlab chiqish;
  • jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

b) iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy etish sohasida:

  • mamlakatimizdagi innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni targ‘ib qilish va ulardan amaliy foydalanishning mexanizmlarini shakllantirish, bozorning tez o‘zgaruvchan jahon kon'yunkturasini hisobga olgan holda milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish;
  • atrof-muhitning ifloslanish darajasini pasaytirish imkonini beruvchi ekologik toza texnologiyalarni qo‘llagan holda unumdorlikni oshirishni nazarda tutadigan «yashil iqtisodiyot» texnologiyalarining prinsiplarini ishlab chiqish va joriy etishga ko‘maklashish;
  • respublika innovatsion salohiyatining, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari, texnoparklar, shuningdek, logistik xablar faoliyati samaradorligining o‘sishiga faol ko‘maklashish;
  • makroiqtisodiy, soliq-byudjyet, pul-kredit parametrlari, shuningdek, integratsiya jarayonlarining iqtisodiyotga ta'sirini baholash bilan o‘zaro bog‘liqlikda iqtisodiyot tarmoqlarini o‘rta va uzoq muddatli rivojlantirish ssenariylarini shakllantirishga ko‘maklashish;
  • xizmatlar sohasini tubdan takomillashtirish, eng avvalo, innovatsion ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish hisobiga ularning sifatini va yalpi ichki mahsulotni shakllantirishdagi rolini oshirish;
  • innovatsion yondashuvlar va texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish orqali turizm sohasining raqobatbardoshligini tubdan oshirish bo‘yicha takliflar kiritish;
  • innovatsiyalarni joriy etish va hududlar iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish ko‘lamini kengaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan orqada qolgan tuman va shaharlarni jadal rivojlantirish hisobiga hududlar iqtisodiy taraqqiyotidagi nomutanosibliklarning oldini olish;

v) qishloq xo‘jaligiga innovatsiyalarni joriy etish sohasida:

  • eng avvalo, mavjud yer, suv va boshqa tabiiy resurslardan oqilona foydalanish imkonini beruvchi «Aqlli qishloq xo‘jaligi» konsepsiyasiga asoslangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining zamonaviy sinalgan shakllarini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritish;
  • agrar sektorda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini maksimal darajada avtomatlashtirish, hosildorlikni jiddiy oshirish va moliyaviy ko‘rsatkichlarni yaxshilash, shuningdek, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash imkonini beruvchi innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishga ko‘maklashish;
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini, shu jumladan yirik riteylerlar yordamida ta'minlash orqali savdo bozorlarini va ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishni kengaytirishga ko‘maklashish;

g) ijtimoiy rivojlanishga innovatsiyalarni joriy etish sohasida:

  • ta'lim tizimida innovatsiyalarni, shu jumladan o‘qitishning zamonaviy, interaktiv va ijodiy uslublarini joriy etish orqali targ‘ib qilishga ko‘maklashish, raqamli texnologiyalardan keng foydalanishni nazarda tutuvchi innovatsion o‘quv dasturlarini ishlab chiqishni ta'minlash;
  • sog‘liqni saqlash tizimini, shu jumladan kasalliklarni barvaqt aniqlash va profilaktika qilishni ta'minlaydigan ilg‘or texnologiyalarni, «Aqlli tibbiyot» va «Yagona tibbiyot axborot markazi» konsepsiyalarini joriy etish orqali jadal rivojlantirishga, shuningdek, aholining uzoq umr ko‘rishi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga ko‘maklashish;
  • «Xavfsiz shahar», «Aqlli shahar» konsepsiyalarini joriy etishni, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish uchun zarur sharoitlarni ta'minlaydigan madaniy, sport va boshqa obektlarni tashkil qilishni ham nazarda tutuvchi ilg‘or standartlarni hisobga olgan holda, shaharsozlikning faqat bosh rejalar, rejalashtirish va qurilish loyihalariga muvofiq izchil rivojlanishini ta'minlashga ko‘maklashish;

d) atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish tizimiga innovatsiyalarni joriy etish sohasida:

  • atrof-muhit ifloslanishini kamaytirishga, jumladan, atmosfera havosiga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalarni, suv obektlariga tashlanadigan oqova suvlarni kamaytirishga, biologik xilma-xillik va ekotizimni saqlashga qaratilgan innovatsion texnologik yechimlar ishlab chiqish;
  • atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta ishlab chiqarish bo‘yicha innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarning, jumladan, muqobil energiya manbalaridan foydalanish, energiya tejamkor, ekologik toza avtotransport yoqilg‘isini ishlab chiqarish texnologiyalari, chang va gazdan tozalovchi texnologiyalarning amalda qo‘llanishiga ko‘maklashish;
  • suvdan foydalanish tizimini, shu jumladan suvni tozalash, chuchuklashtirish, oqova suvlardan qayta foydalanish va suv tejashning innovatsion texnologiyalarini joriy etish orqali takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • maishiy va sanoat chiqindilarini qayta ishlash, shu jumladan energiya va bioo‘g‘itlarni ishlab chiqarish uchun yuqori texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ilmiy asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish;
  • iqtisodiyotning energiya va resurs sarfini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

ye) ilg‘or texnologiyalar joriy etilishini tashabbus qilish, muvofiqlashtirish va rag‘batlantirish sohasida:

  • innovatsion tadqiqotlar, g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni rag‘batlantirishning samarali tizimini yaratish, shuningdek, istiqbolli fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda novatorlik g‘oyalarini, shu jumladan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish orqali ishlab chiqish;
  • imtiyoz va preferensiyalar taqdim qilish, ko‘rgazma tadbirlarini tashkil etish, yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan o‘zaro manfaatli yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali innovatsion ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
  • yuqori texnologik mahsulotlarni ishlab chiqish bo‘yicha ta'lim, ilmiy-tadqiqot va boshqa muassasalar, ilmiy-eksperimental ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari, texnoparklar va boshqa innovatsiyaga yo‘naltirilgan tuzilmalarning faoliyatini muvofiqlashtirish (ilmiy-tadqiqot ishlari qismida), shuningdek, ularning moddiy-texnika va ilmiy salohiyatini mustahkamlashga ko‘maklashish;
  • innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni ishlab chiqish va tijoratlashtirish bo‘yicha zamonaviy ilmiy-texnologik komplekslar, biznes-inkubatorlar, startap-akseleratorlarni, shu jumladan yetakchi jahon ishlab chiqaruvchilarini jalb qilgan holda tashkil etish, shuningdek, IT-infratuzilmani rivojlantirishga ko‘maklashish;
  • uzoq muddatli texnologik rivojlanish ehtiyojlari va tendensiyalarini hisobga olgan holda zamonaviy yuqori texnologik ishlab chiqarishni, shu jumladan yangi avlod transport vositalari, robot texnikalari va yuqori texnologik mahsulotlarning boshqa turlarini mahalliylashtirish bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish va joriy etish yuzasidan tashabbus ko‘rsatish;
  • mahalliy innovatsion mahsulotlarni, shu jumladan rasmiylashtirilgan xalqaro patent va litsenziyalar asosida joriy etish, ichki va jahon bozorlariga yo‘naltirish imkonini beruvchi samarali mexanizmlarni ishlab chiqish.

Vazirlik:

  • O‘zbekiston Respublikasini innovatsion va ilmiy-texnik rivojlantirish sohasida jamiyat va davlat hayotini har tomonlama rivojlantirishga, mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
  • innovatsion faoliyatni uning samaradorligi indikatorlari asosida baholaydi, ilg‘or texnologiyalarni birinchi darajada joriy etish talab qilinadigan tegishli tarmoq va sohalarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi;
  • innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalari hamda boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
  • ilmiy-tadqiqot, ta'lim va boshqa muassasalar tomonidan amalga oshiriladigan davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi hisoblanadi;
  • yuklatilgan vazifalar doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlarda ishlarning holatini o‘rganadi, innovatsiya faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni to‘plash va umumlashtirishni amalga oshiradi;
  • O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjyeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

Vazirlikning faoliyat sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Vazirlik bilan majburiy tartibda kelishilishi shart etib belilandi.

2018 yil 1 yanvardan boshlab, Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi, Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi huzuridagi Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi hamda uning Ijro etuvchi direksiyasi tugatiladi va tugatilayotgan idora va muassasalarning bo‘shayotgan shtat birliklari Vazirlikka o‘tkaziladi.

Mavzuga oid
Top