Sayyohlar uchun Toshkentdagi mo‘'jaz va ko‘hna maskan
Yurtimizga har mavsumda minglab sayyohlar tashrif buyuradi. Ularning asosiy sayohati poytaxtimiz Toshkentdan boshlanishi barchamizga sir emas. Shunday vaqtlar bo‘ladiki xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarimizni qaysi manzilga olib borishni bilmay qolamiz.
Odatda, sayyohlarni zamonaviy inshootlar, yangi majmualar emas, balki shu mamlakatning tarixini, madaniyatini aks ettiruvchi muzeylar, milliy bozorlar va beqiyos hunarmandchilik namunalari ko‘proq qiziqtiradi.
Shunday ekan, bugun sizlarni Toshkent shahrida joylashgan muhtasham va uzoq yillik tarixga ega O‘zbekiston amaliy san'at muzeyi bilan yaqindan tanishtiramiz.
Mazkur muzeyga nafaqat chet ellik sayyohlar, balki yurtdoshlarimiz, maktab o‘quvchilari, talabalar ham ekskursiya uyushtirib, sayohat qilishlari mumkin.
Muzey tarixiga nazar
O‘zbekiston amaliy san'at muzeyi tarixi 1927 yilga borib taqaladi. Muzeyga Toshkentda “O‘zbekiston xalq ustalarining sara asarlari ko‘rgazmasi” tashkil etilganida asos solingan. Keyinchalik mazkur ko‘rgazma “O‘zbekiston xalq xo‘jaligi ko‘rgazmasi” nomi ostida doimiy tarzda tashkillashtirilib borilgan.
1937 yil 7 iyulda “Hunarmandchilik muzeyi” sifatida faoliyat ko‘rsata boshladi.
Qachon qurilgan?
Muzey binosi 1870 yilda qurilgan bo‘lib, 1896-1904 yillari bu binoning badiiy bezash ishlarida Toshkent va farg‘onalik kulollar, yog‘och va ganch o‘ymakorligi ustalari qatnashdi. Ta'mirlash ishlarida Toshkentlik ustalar Sheralixo‘ja Xasanov, Arslonqul Nazarov, Olimjon Qosimjonov, Qo‘qonlik usta Norqo‘zi Nurmatov, Rishtonlik usta Abdullo va marg‘ilonlik usta Umurzoq Ahmedov jalb qilingan.
1960 yildan muzey nomi “Amaliy san'atning doimiy faoliyatdagi ko‘rgazmasi” tarzida o‘zgartirildi. 1970 yilda muzeyning ekspozitsiyalar maydonini kengaytirish maqsadida eski bino hovlisi yangi imoratlar bilan to‘ldirildi.
Mahobatli binoning betakror dizayni
Muzeyning markaziy zali (mehmonxona) arxitektura jihatidan juda ham serhasham qilib bezatilgan. Uning devorlari o‘ymakor ganch bo‘lib ustidan tempera bo‘yoqlar berilgan. Zalning naqshkor shiftini to‘rt tomondan mohirona bezatilgan guldor va o‘ymakor ustunlar ushlab turadi.
Shiftning qoq o‘rtasida va burchaklarida umumiy kompozitsiyaga mos tushadigan xovzaklar bor. Ularning atrofidan o‘tkazilgan (planka) murakkab geometrik chiziqli xovzak ichidagi gullarga qo‘shilib ketadi.
Zalning shifti “kundal” uslubida naqshdor qilib ishlangan bo‘lib, unda yupqa oltin zarhal qog‘ozlar juda ustalik bilan yopishtirilgan.
Mehmonxonaning to‘rida va etagida ikkitadan tokcha, boshqa bir tomonida mehrob bor. Tokcha naqshdor ganch panjara bilan to‘silgan.
Zalning to‘rida va shimol tomonida bir xilda, o‘ymakorlik bilan ishlangan ikkita katta eshik bor. Ularni o‘zbek amaliy san'atining eng yaxshi namunalaridan biri deyish mumkin. Bu eshiklarni ko‘zdan kechirgan har bir kishi ustaning san'atiga, nafosatiga qoyil qoladi.
Kalonxona eshigining peshtoqiga – kitoba o‘rnatilgan bo‘lib, arab yozuvida sharq hikmatli ruboiyi forsiy tilda bitilgan. Kalonxona devorlari ganch o‘ymakorligi bilan ishlanib, to‘q ranglar va zarhal bilan sayqallangan. Kalonxona shipi ham yog‘ochdan ishlanib, alohida bo‘laklarga bo‘linib pardozlangan. Shift markaziga xauzak ishlanib, keyinchalik u yerga ganch qandil osilgan.
Kalonxona devorlarida 1985-1991 yillar davomida O‘zbekiston halq rassomi Chingiz Axmarovning sharq miniatyurasi asosida ishlangan “Afsona”, “Navro‘z”, “So‘zana”, “Kulol”, “Olimlar” nomli asarlari xolstga temper bo‘yoqlar bilan chizilgan.
Amaliy san'atning nodir durdonalari
Mustaqillik davriga kelib muzey majmuasi noyob amaliy san'at buyumlari bilan to‘ldirila boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 18 avgustdagi 405-son qarori bilan “Amaliy san'atning doimiy faoliyatdagi ko‘rgazmasi”ga “O‘zbekiston amaliy san'at muzeyi” nomi berilib, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.
Ayni paytda, O‘zbekiston amaliy san'at muzeyi o‘zbek xalqining badiiy va dekorativ san'ati kolleksiyalari to‘plangan “xazina”ga aylangan. Uning fondida 7500 tadan ziyod eksponatlar mavjud bo‘lib, ulardan 1000 ga yaqini ekspozitsiyada o‘rin olgan.
Muzey fondida yog‘och o‘ymakorligi, ganch o‘ymakorligi, badiiy kulolchilik, misgarlik, zargarlik, zardo‘zlik, kashtachilik, lak miniatyurasi, gazlamachilikning turli xillari (chitgarlik, atlas, adras, beqasam, kimxob, baxmal va boshqalar) kabi nodir buyumlar to‘plamlari saqlanmoqda. Bu badiiy asarlar ichida mashhur xalq ustalari-xorazmlik yog‘och o‘ymakor ustasi Ota Polvonov, buxorolik ganchkor usta Usto Shirin Murodov, samarqandlik usta Bolta Jo‘rayev, Umarqul Jo‘raqulov, qo‘qonlik usta Qodirjon Haydarov, Lutfulla Fozilov, Toshkentlik usta Muhiddin Raximov, usta Usmon Zufarov va yana yuzlab o‘zbek ustalarining ishlari o‘zbek badiiy hunarmandchiligini jahonga tanitgan asarlari saqlanib kelinmoqda.
Milliy san'at jilosi
2017 yilning avgust-noyabr oylari davomida O‘zbekiston Amaliy san'at muzeyi O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti bilan hamkorlikda O‘zbekiston xalqlarining madaniy-tarixiy merosini,
urf-odatlarini ommaviylashtirish maqsadida chet ellik sayyohlarga folklor jamoalar tomonidan milliy o‘yinlar, an'anaviy yo‘nalishdagi sozanda va raqqosalarning musiqiy dasturlari, shuningdek, milliy liboslar namoyishi havola etila boshlandi.
Milliy liboslar namoyishi
Folklor jamoalarining musiqiy dasturlar
2017 yil iyul-noyabr oylari O‘zbekiston Amaliy san'at muzeyi turistlar va mahalliy aholini jalb qilish orqali 5 oy mobaynida jami 196,2 mln.so‘mlik xizmat ko‘rsatdi.
Muzeyda pullik xizmat ko‘rsatish
2017 yilning yanvar-noyabr oyida muzey tomonidan pullik xizmat ko‘rsatish darajasi 2016 yilga nisbatan 80 % ga oshdi.
Muzeyda 3 tilda ekskursiya tashkil etiladi:
•o‘zbek tili
•rus tili
• ingliz tili
O‘zbekiston amaliy san'at muzeyi o‘z fondida saqlanib kelayotgan noyob, nodir eksponatlarni, yurtimiz tarixi, madaniyati va san'ati durdonalarini tomosha qilishga hamda madaniy hordiq chiqarishga chorlab qoladi.
Manzil: Toshkent shahar, 100031, Rakatboshi-15.
Mo‘ljal: Kosmonovtlar metro bekati.
Ma'lumot uchun telefonlar: 256-40-42, 256-28-58.
Muzeyning ishlash vaqti: 9.00-18.00 ga qadar.
Muzey dam olish kunlarisiz ishlaydi.
Reklama huquqi asosida
Mavzuga oid
16:31 / 14.11.2024
Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida birinchi temiryo‘l sayohat dasturi boshlanadi
23:32 / 13.11.2024
Florensiya «haddan ziyod turizm»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar qabul qildi
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
10:26 / 03.11.2024