O‘zbekiston | 23:51 / 30.11.2017
4298
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Rossiya Parlamentlarining Yuqori palatalari o‘rtasida yangi shartnoma imzolanadi

O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi yetakchilarining sa'y-harakatlari bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yanada ijobiy tus oldi, parlamentlararo aloqalar ham shular jumlasidandir. Federatsiya Kengashining mintaqaviy siyosat, mahalliy boshqaruv va Shimol ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Chernetskiy Arkadiy Mixaylovich Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda shunday bayonot bilan chiqdi. Tadbirda ishtirok etgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi. 

"2007 yildan buyon birinchi marta Federatsiya Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi o‘rtasida hamkorlikka doir Komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish yo‘llarini muhokama qilish, yaqin yillardagi hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab olish rejalashtirilmoqda. Yangi bosqichdagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston va Rossiya Parlamentlarining Yuqori palatalari o‘rtasida yangilangan shartnomani imzolash ko‘zda tutilmoqda", - deydi Chernetskiy. 

Shuningdek, Rossiya tomon O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoqlarning nufuzli Xalqaro parlamentlar tashkilotiga qaytishini muhim voqea deb hisoblaydi. 

"O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi o‘zining Xalqaro parlamentlararo tashkilot a'zoligini qayta tiklashga doir qarorini aynan Sankt-Peterburgdagi assambleyada qabul qilgani ikki karra yoqimlidir. Shuni mamnunlik bilan ta'kidlaymizki, O‘zbekiston bugungi kunda Valentina Ivanovna Matviyenko rahbarlik qilayotgan MDH davlatlari parlamentlararo assambleyasining faoliyatiga katta qiziqish bildirmoqda. 

O‘zbekistonlik parlamentariylar shu yilning mart oyida assambleyaning yubiley yig‘ilishida ishtirok etishdi. Ularning bundan keyin ham parlamentlararo assambleyadagi faoliyatlarini davom ettirishlariga umid bildiramiz", - dedi Federatsiya Kengashi vakili.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid