Jahon | 09:46 / 01.12.2017
6603
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh koalitsiyasi zarbalari Iroq va Suriyada 800 dan ortiq aholi o‘limiga sabab bo‘lgan

Foto: Getty Images

AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiyaning Iroq va Suriyada bergan havo zarbalari oqibatida 2014 yildan buyon kamida 800 tinch aholi vakili qurbon bo‘lgan. Koalitsiya tomonidan e'lon qilingan hisobotda shu haqda so‘z boradi. Unda koalitsiya tinch fuqarolarning o‘limida o‘zining aybdorligini tan olishi qayd etilgan. 

“Koalitsiya ixtiyoridagi shu bugungi kungacha mavjud ma'lumotlarga asoslangan holda 2014 yili boshlangan “Bukilmas qat'iyat” amaliyoti davomida koalitsiya zarbalaridan 801 kishining halok bo‘lgani qayd etilgan”, - deyiladi CJTF–OIR tomonidan 30 noyabrda e'lon qilingan hisobotda. 

Unga ko‘ra, garchi koalitsiya IShIDga qarshi sezilarli ijobiy natijalarni qo‘lga kiritganiga qaramay, ittifoqdosh harbiylar “jangarilardan aziyat chekayotgan oddi aholi orasida qurbonlar soni oshishiga sababchilardan biri bo‘lgan”.

“Biz fuqarolarning begunoh odamlarga bexosdan jarohat yetkazmaslik yoki ularning o‘limiga sabab bo‘lmaslikda o‘zimizni mas'ul deb bilamiz”, deyiladi hujjatda. 

Unga muvofiq, AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya Iroq va Suriyada 2014 yil avgustidan 2017 yil oktabriga qadar jami 28,198 zarba bergan. Ushbu davr mobaynida oddiy fuqarolarning ehtimoliy qurbonlari soni 1,790 kishini tashkil etadi”. 

Iyun oyida Amnesty International tashkiloti Iroqning Mo‘sul shahridagi xalqaro koalitsiya harakatlarini keskin tanqid qiluvchi hisobotini e'lon qilgan edi. Hujjatda Iroq va AQSh kuchlari zarbalarida kamida 5,805 fuqaro halok bo‘lgani ta'kidlangan edi.
 
Sentyabr oyida Human Rights Watch AQSh yetakchiligidagi koalitsiyaning Suriyaga berayotgan havo zarbalari tinch aholi vakillari o‘limiga sabab bo‘layotgani, buning oqibatida odamlar uy-joylarini tashlab ketishga majbur bo‘layotgani haqida bong urgan edi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid