Jahon | 10:00
776
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Eron bilan kelishuv hali yakunlangan emas

Vashington va Tehron harbiy harakatlarni to‘xtatish, Eronning yuqori boyitilgan uranini zararsizlantirish hamda AQSh sanksiyalarini bosqichma-bosqich bekor qilishni nazarda tutuvchi kelishuv loyihasi bo‘yicha o‘zaro anglashuvga erishdi. Tomonlar yakuniy tinchlik bitimi yuzasidan muzokaralarni boshlashga ham rozilik bildirgan.

Foto: REUTERS

AQSh ma’muriyati 17 iyun kuni Eron bilan erishilgan hadli kelishuv tafsilotlarini oshkor qildi. Vashingtonda jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda yuqori lavozimli rasmiy “Amerika Qo‘shma Shtatlari va Eron Islom Respublikasi o‘rtasidagi Islomobod anglashuv memorandumi” mazmunini taqdim etdi.

Hujjatga ko‘ra, tomonlar barcha frontlarda, jumladan Livan hududida ham harbiy harakatlarni zudlik bilan va doimiy ravishda to‘xtatishga intiladi.

14 banddan iborat memorandumda Eron o‘z ixtiyoridagi yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini suyultirish yoki boyitish darajasini pasaytirish majburiyatini oladi. AQShning ta’kidlashicha, bu chora Tehronning yadroviy qurol yaratish imkoniyatini bartaraf etishga qaratilgan.

Buning evaziga Vashington Eron neft sanoatiga nisbatan qo‘llanib kelingan sanksiyalarni bekor qilishga tayyorligini bildirgan. AQSh kafolatiga ko‘ra, kelishuv imzolangandan keyin Eron xalqaro bozorlarga neft eksport qilish imkoniyatini qayta qo‘lga kiritadi.

Shuningdek, 60 kunlik muzokaralar davri muvaffaqiyatli yakunlansa, qo‘shimcha iqtisodiy cheklovlar ham bekor qilinishi mumkin. Tomonlar mazkur muddat davomida to‘liq tinchlik bitimi shartlarini kelishib olishga harakat qiladi.

Memorandumda Eron uchun kamida 300 milliard dollarlik tiklanish va rivojlanish jamg‘armasini tashkil etish g‘oyasi ham qayd etilgan. Biroq ushbu jamg‘arma faqat yakuniy kelishuv imzolangan taqdirdagina tashkil etiladi. AQSh ma’muriyati bu mablag‘ni moliyalashtirishda ishtirok etmasligini ma’lum qilgan.

Hujjatda dunyo energetika bozori uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida dengiz qatnovini to‘liq tiklash masalasi ham aks etgan.

AQSh ma’muriyati vakiliga ko‘ra, kelishuv nafaqat harbiy ziddiyatni yumshatish, balki Eron iqtisodiyotini xalqaro tizimga qayta integratsiya qilish imkoniyatini ham yaratadi.

Ayni paytda AQSh prezidenti Donald Tramp mazkur kelishuv hali yakunlangan bitim emasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hozircha anglashuv memorandumi bo‘lib, agar Eron kelishuv shartlariga amal qilmasa, Vashington harbiy amaliyotlarni qayta tiklashi mumkin.

«Bu hozircha anglashuv memorandumi. Agar u menga ma’qul kelmasa, biz yana zarbalarga qaytamiz», — dedi Tramp G7 sammiti davomida.

Ma’lum qilinishicha, memorandum 19 iyun kuni rasman imzolanishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida yakuniy tinchlik bitimi shartlarini ishlab chiqish bo‘yicha 60 kunlik muzokaralar boshlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid