Jahon | 12:30 / 02.12.2017
14713
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda mahkumlar Nazarboyev haqida qo‘shiq kuylashdi

Olmaota yaqinidagi Zarechniy posyolkasida joylashgan 155/8-son koloniyadagi iste'dodli mahkumlar Qozog‘iston Birinchi prezidenti kuniga atab qo‘shiq yaratishdi. Bu haqda Tengrinews.kz xabar bermoqda.

Kecha davlat bayrami munosabati bilan jazoni ijro etish muassasasi zalida konsert bo‘lib o‘tgan.

Turli jinoyatlari uchun qamalgan mahbuslar qo‘shiqlar kuylashdi, she'rlar o‘qishdi, kichik sahna ko‘rinishlarini sahnalashtirishdi. Kontsertni mahkumlardan biri - Yevgeniy Xoxlov ochib berdi. U Nursulton Nazarboyevning eng yaxshi ko‘rgan qo‘shiqlaridan biri – “Bahor kelganda” ("Kogda vesna pridet")ni ijro etib berdi.

Kontsertning asosiy nuqtasiga esa “Taqdirimiz bayrog‘i” qo‘shig‘i aylandi, u Birinchi prezident kuniga bag‘ishlandi.

Qo‘shiqning naqoratida shunday so‘zlar bor: "Biz Oqo‘rda qanoti ostidamiz. Bizning Prezident Nursulton. Va bizning taqdirimiz bayrog‘i – Bizning Qozog‘iston. Hamda Tyan-Shan qorlaridan Sibir taygasiga qadar Hammasi bizning yerimiz, Bu biz".

155/8-sonli qattiq rejimdagi koloniyada 10 yildan 25 yilgacha bo‘lgan muddatga qamalgan va og‘ir jinoyatlar sodir etgan shaxslar jazoni o‘taydi. Olmaota viloyati prokuraturasining yettinchi boshqarmasi prokurori Marlen Jumaxonovning ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yilning 30 noyabr kuni holatiga ko‘ra bu yerda 804 mahkum bo‘lgan.

Mavzuga oid