20:00 / 03.12.2017
26202

Dunyoning ilk bitkoin milliarderlari haqida ma'lum qilindi

Foto: Reuters

Mark Tsukerbergni Facebook g‘oyasini o‘g‘irlaganlikda ayblagan egizak aka-ukalar Tayler va Kemeron Uinklvosslar dunyoning ilk bitkoin milliarderlari deya e'lon qilindi. The Telegraph shu haqida xabar berdi. 

Uinklvosslar bitkoinlarni sudda Tsukerbergdan yutib olgan pullarga sotib olishgan. 2008 yilda Tsukerberg aka-ukalarga tinchlik bitimi asosida 65 million dollar to‘lagan, 2013 yilda, ya'ni bir bitkoin 120 dollarga baholangan paytlarda ular 11 million dollarga kriptovalyuta sotib olishgan. Telegraph ma'lumotlariga ko‘ra, ular dunyodagi barcha bitkoinlarning taxminan 1 foiziga egalik qilishadi. 

"Bu kriptovalyuta investitsiyalarida ishlab olingan birinchi milliard hisoblanadi, bahsli aktiv uchun ahamiyatli jihat", - deyiladi manbada. 

Ularning moliyaviy holati taxminan 100 ming bitkoinga baholanadi. O‘tgan hafta kriptovalyuta 10 ming dollar ko‘rsatkichni qayd etdi. Manbada ta'kidlanishicha, egizaklar bitkoinlar xaridi bilangina cheklanib qolishmagan, ular o‘zlarining onlayn-birja va venchur fondlarini ham ochishgan. "Biz bitkoinlarni hech qachon sotmaganmiz, uzoq yillarni ko‘zlab, mablag‘  kiritganmiz", - degan Kemeron Uinklvoss 2015 yilda.

Bitkoinlardagi 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ning yana bir egasi kriptovalyuta asoschisi, Satoshi Nakamoto taxallusi ostida yashirin inson hisoblanadi. 

Aka-uka Uinklvosslar Harvardda Mark Tsukerberg bilan birga o‘qishgan. 2002 yilda ular yana bir talaba Divya Narendra bilan birga ConnectU (yana bir nomi -HarvardConnection) ijtimoiy tarmog‘i ustida ishlashni boshlashgan. Bir vaqtlar Tsukerberg ular bilan hamkorlik qilgan, u o‘zining shaxsiy thefacebook.com ijtimoiy tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish haqida o‘ylab yurgan va 2004 yilning fevralida uni ishga tushirgan.

Mavzuga oid
Top