Jahon | 16:44 / 04.12.2017
6830
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda 50 mln dollarlik geroin yo‘q qilindi

Foto: Bloomberg

Afg‘onistondagi Amerika qo‘shinlari guruhi qo‘mondonligining ma'lum qilishicha, Hilmond viloyatida o‘tkazilgan amaliyot natijasida 50 million dollarlik giyohvand moddalar zaxirasi yo‘q qilindi.

Afg‘onistonning ko‘knor jahon bozoridagi ulushi taxminan 85 foizni tashkil etadi. Amerikalik harbiylarning baholashicha, giyohvand moddalar sotuvidan olingan daromad «Tolibon» guruhini 60 foizgacha moliyalashtiradi.

«Biz birgalikda faqatgina so‘nggi bir necha hafta ichida Hilmondda 50 million dollarlik giyohvand moddalarni yo‘q qildik. Bu «Tolibon»ni moliyalashtirishning asosiy manbasi va tolib narkokartellari biz ularga ov e'lon qilganimizni yaxshi anglab turibdi», - deya ma'lum qildi AQSh va NATOning birlashgan guruhi qo‘mondoni general Jon Nikolson.

Yer usti reydlari va aviahujumlardan foydalanilgan amaliyot 19 noyabr kuni boshlandi. Natijada geroin ishlab chiqarish bo‘yicha laboratoriya va zavodlar yo‘q qilindi. General Nikolsonning so‘zlariga ko‘ra, o‘ziga prezident Tramp tomonidan joriy yilning avgustida berilgan vakolatlar terrorchilarning moliyalashtirish manbalari bilan ancha samarali kurash olib borish imkonini taqdim etdi.

Pokiston bilan chegarada joylashgan Hilmond viloyati esa ko‘knor ishlab chiqarish bo‘yicha eng yirik hudud sanaladi. Bu yerning katta qismi «Tolibon» harakati jangarilari tomonidan nazorat qilinadi.

Shu bilan birga, toliblarning o‘zlari giyohvand moddalar ishlab chiqarishga aloqador emasliklarini iddao etib, «Tolibon» hokimiyat tepasida bo‘lgan vaqtda mamlakatda geroin ishlab chiqarish miqdori ancha pasayganini aytishadi.

Mavzuga oid