Sport | 15:10 / 04.12.2017
9400
11 daqiqa o‘qiladi

De Xea - eng yaxshi darvozabon. APLda turning muhim voqealari

«Tribuna» Angliya chempionatining 15-turi yakunlarini sarhisob qiladi.

«De XeA» NOMLI PARADOKS

«Emirayts»da kechgan turning markaziy uchrashuvida mehmonlar 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. O‘yinda ikki gol muallifi bo‘lgan Jyessi Lingard yoki ikki marta sheriklariga golli pas uzatgan Pol Pogba emas, «MYu» darvozaboni Devid De Xea barchaning diqqat markazida bo‘lganidan, o‘yinning qanday o‘tganini bilish mumkin ekan.

Qo‘shimcha statistikalar. «Arsenal» uchrashuv davomida jami bo‘lib, 33 marta raqib darvozasiga zarba yo‘llagan. De Xea 14 marta raqiblarning aniq zarbalarini qaytarishga muvaffaq bo‘lgan – bu APL uchun rekord natijadir. Shuningdek, ikki marta Eshli Yangning darvozabonga aylanganini, ikki marta «to‘pchilar»ning zarbasi darvoza to‘siniga tekkanini e'tiborga olsak, «Arsenal» bittadan ko‘proq gol urishga haqliroq bo‘lganini e'tirof etish mumkin.

Shuningdek, o‘yinning xG jadvaliga e'tibor qaratish mumkin.

O‘yinda sodir bo‘lgan vaziyatlarning xavflilik darajasiga qarab, har bir vaziyat o‘z koeffisentiga ega bo‘ladi. Bu hisob-kitobga qaraganda, «Arsenal» 4.6-1.9 hisobida ustunlik qilgan. Ushbu mavsum davomida bir jamoaning bu qadar ustunligi ko‘p kuzatilmagandi. Faqat «Manchester Siti» – «Kristal Palas», «Arsenal» – «Everton», «Arsenal» – «Haddersfild» va «Liverpul» – «Arsenal» o‘yinlarida sodir bo‘lgan. Bu o‘yinlarda 5:0, 5:2, 5:0, 4:0 hisoblari qayd etilganini hisobga olsak, londonliklarga bu safar qanchalik omad kulib boqmaganini ko‘rish mumkin.

Albatta, «Manchester Yunayted»ning xizmatlarini ham yerga urmaslik lozim – ular o‘yin boshida mezbonlar xatolaridan unumli foydalanishdi, uchta gol urishdi. O‘yinning butun qismida balki hisobda oldinda borishmaganda, «Arsenal»ga bu qadar ustunlikni taqdim etmasliklari aniq edi. Buni hisob qisqarganida mezbonlarning vaziyatlari sezilarli kamaygani va «Yunayted» uchinchi golni urguncha, yana vaziyatlar yarata boshlagani bilan asoslash mumkin.   

«SITY-TIME»

«Yunayted» o‘yinning so‘nggi daqiqalari tufayli Yevropaning eng nufuzli turnirini yutib olgan bo‘lishi mumkin, ammo ularning qo‘shnilari uchun ham bu daqiqalar juda qadrlidir. Zero «Manchester Siti»ning APLdagi ilk chempionligi ham aynan so‘nggi daqiqalarda sodir bo‘lgan.

Bu daqiqalar ushbu mavsumda ham Pep Gvardiola jamoasiga juda yordam beryapti. Albatta, «shaharliklar»ning butun o‘yin davomidagi faol harakatlari mana shu so‘nggi daqiqa faktorini yaratayotgandir, ammo asosiysi, «Siti»da so‘nggi daqiqalarda o‘ziga bo‘lgan ishonchning yo‘qolmayotganini ta'kidlash joiz. Masalan, «Sauthempton»ga qarshi o‘tgan turdagi o‘yinni olaylik: O‘yinning so‘nggi soniyasi o‘tayotgan bo‘lsa-da, futbolchilar to‘pni jarima maydoniga uzatishga shoshilmadilar va vaziyat sodir bo‘lishini kutdilar.

Umuman, «Vest Hem» darvozasiga 82-daqiqada Silva tomonidan kiritilgan gol mezbonlarga +2 olib keldi. Jamoa so‘nggi uch o‘yinda bir xil - 2:1 hisoblarida g‘alaba qozonyapti va bu o‘yinlarning har birida hal qiluvchi gol 80-daqiqadan keyin kiritildi. Shuningdek, mavsum boshidagi «Bornmut» va «Everton» darvozasiga so‘nggi daqiqalarda kiritilgan gollarni qo‘shsak, «Manchester Siti» ushbu mavsumda so‘nggi 10 daqiqadagi gollar evaziga 9 ochko olganini ko‘ramiz. Bu ligadagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir.

Ko‘pchilik, manchesterliklarning o‘yinida pasayish albatta sodir bo‘lishini aytishayotgandi, balki o‘sha davr allaqachon kelgandir. Ammo Gvardiola shogirdlari bu davrda ham maksimal ochko olishning uddasidan chiqmoqdalar va derbi oldidan juda qulay ochko farqiga ega bo‘lib olishdi.

«OLTINChI NeGR BOLASI»

«Olti negr bolasi asalari boqqan on

Birini chaqdi ari, so‘ng qolishdi beshovlon»

– deyiladi Agata Kristi qalamiga mansub mashhur asarda. Agar APL g‘olibligi uchun mavsum boshida yo‘lga chiqqan olti top jamoani o‘sha asar qahramonlariga o‘xshatsak, «Tottenhem» so‘nggi turlarda yaxshigina asalari hujumiga duch kelganini ko‘rishimiz mumkin. Pochettino shogirdlaridan bosimni olib tashlash uchun chempionlik uchun kurashmayotganliklarini aytgan bo‘lsa-da, yo‘qotishlar davom etmoqda. Klub APLda so‘nggi 6 o‘yindan atigi 1tasida g‘olib bo‘ldi. Top o‘yinlarda «Arsenal» va «MYu» darvozasi ishg‘ol qilinmadi. «Lester»dan mag‘lubiyat, «Vest Bromvich» bilan o‘z maydonidagi durang – bularning hammasi Madridning «Real» jamoasi ustidan qozonilgan ajoyib g‘alaba bilan bir paytda ro‘y berayotgani yanada tushunarsiz. Ya'ni, «Tottenhem»ning o‘yin sifatida qandaydir pasayish davri yuzaga kelganini baralla aytish qiyin. Ammo fakt shundaki, so‘nggi bir oydagi natijalar tufayli, jamoa «Manchester Yunayted»dan 10, «Manchester Siti»dan 18 ochko ortda qolib ketdi.

LIVeRPUL QAYTMOQDAMI?

«Tottenhem»ning barcha omadsizliklari jamoaning o‘z maydonida «Liverpul» ustidan qozongan 4:1 hisobidagi ajoyib g‘alabasidan so‘ng boshlangan bo‘lsa, aksincha, «Liverpul»ning o‘sha o‘yindan keyingi natijalariga faqat havas qilish mumkin.

Buyog‘iga «Liverpul» 6 o‘yin o‘tkazdi va 5tasida g‘alaba qozondi. Faqat «Chelsi» bilan durang qayd etildi, ayniqsa, o‘sha 5 g‘alabaning barchasi yirik hisobda qayd etilganini, umumiy to‘plar nisbati – 18-2 ekaniga nima deysiz? «Stok Siti», «Vest Hem», «Brayton» jamoalari o‘z maydonlarida har qanday raqibga qarshilik qila oladigan raqib sanalishadi.

Ammo Kloppni yaxshigina boshog‘rig‘i kutib turgan bo‘lishi mumkin. Mane, Saloh, Firmino, Koutino, Solanke, Starrij, Lallana, Oksleyd-Chemberleyn – bu futbolchilar «Liverpul»ning hujum chizig‘ida o‘ynashi mumkin bo‘lgan futbolchilar va bularning hammasi hozirda yaxshi sport formada. Har safar bulardan faqat to‘rt nafarini tanlashga to‘g‘ri keladi. Hozirgi tig‘iz taqvimda Klopp rotatsiyalar orqali, eng yaxshi natijalarni qayd etishi mumkin, ammo ertaga, asosiy tarkibni aniqlashga kelganda, ba'zi noroziliklar chiqishi tabiiy. Salohning ajoyib formasi ortidan, Manening zaxirada qolayotgani va o‘z noroziligini namoyish qilayotgani bunga yorqin misol.

BIG SAM EFFeKTI

«Everton» boshqaruviga Sem Ellardaysning kelishi aniq bo‘lganidan so‘ng, jamoa natijalarida keskin o‘zgarish ro‘y berganini ta'kidlash kerak. «Vest Hem»ga qarshi o‘yinda (4:0) Ellardays tomoshabinlar qatorida o‘yinni kuzatgan bo‘lsa, murabbiyning ilk rasmiy uchrashuvida «Everton» «Haddersfild»ni 2:0 hisobida yengdi. Shu paytgacha, liverpulliklar faqat bir o‘yinda o‘z darvozalarini daxslsiz saqlagandi xolos.

TUR IQTIBOSI

«VVS MOTD ko‘rsatuvida «Arsenal»ni maqtamaganimiz uchun bizni tanqid qilishyapti. «Arsenal» 70 foiz to‘pni nazorat qilgani, 33ta zarba berganini maqtashimiz kerakmush. Pogbani qo‘riqlashga 5 kishi tashlanib, Valensiya yolg‘iz qoldirilgan vaziyat uchun nima deylik? Javob beringlar? Yo‘q, bu shunchaki, hakamning xatosi, shundaymi?»

(Ian Rayt, ekspert, «Arsenal»ning sobiq yulduzi)

 

RAQAMLAR

  • «Manchester Siti» qatorasiga 13 o‘yinda g‘alaba qozonib, Angliya chempionatida «Preston», «Sanderlend», «Arsenal» va «Chelsi» ko‘rsatgan seriyani takrorladi. Agar Gvardiola shogirdlari «Old Trafford»da bo‘lib o‘tadigan 16-turda ham g‘alaba qozonishsa, mutlaq rekord sohibi bo‘ladi.
  • «Arsenal»ning o‘z maydonidagi mag‘lubiyatidan so‘ng, «Manchester Yunayted» o‘z maydonida yuz foizlik natija ko‘rsatayotgan yagona jamoa bo‘lib qoldi. «Manchester Siti» esa, safarda hali ochko yo‘qotgani yo‘q.
  • Aleksandr Lyakazet uy uchrashuvlarida 6-golini urdi. Bu ligadagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir.
  • Antonio Valensiya mavsumdagi 2-golini urdi. Qizig‘i, avvalgi golni ham u 3-daqiqada urgandi.
  • «Kristal Pelas» qatorasiga 10 safar o‘yinida maydonni golsiz tark etmoqda. Bu bilan «burgutlar» «Manchester Siti»ning 1950/51 yilgi mavsumdagi seriyasini takrorladi.
  • «Tottenhem» so‘nggi 7 o‘yinda atigi 1 o‘yinda o‘z darvozasi daxslizligini saqlay oldi. Undan avvalgi 5 o‘yinning 4tasida Loris darvozasi ishg‘ol etilmagandi.
  • Alvaro Morata o‘tgan mavsum boshidan buyon 11 marotaba raqib darvozasini bosh bilan ishg‘ol qildi. Kuchli beshlikdagi eng katta ko‘rsatkich.
  • «Haddersfild» qatorasiga 4 o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi, «Vest Bromvich» esa, uch o‘yindan buyon faqat durang natija qayd etmoqda.

Turning barcha o‘yinlari 

Turnir jadvalidagi holat

Mavzuga oid