O‘zbekiston | 18:40 / 07.12.2017
40526
2 daqiqa o‘qiladi

2 000 dollargacha bo‘lgan summani olib chiqish va olib kirishda majburiy deklaratsiya bekor qilindi

Foto: Getty Images

Prezidentning Jismoniy shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutani olib kirish va olib chiqib ketish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining ijtimoiy tarmoqdagi Huquqiy axborot kanalida xabar berilgan.

Unga ko‘ra, 2018 yil 1 yanvar kunidan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan ekvivalenti 2 000 (ikki ming) AQSh dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd xorijiy valyutani O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish yoki O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketishda yozma ravishda majburiy deklaratsiya taqdim etish tartibi bekor qilindi.

Shuningdek, jismoniy shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutani O‘zbekistondan tashqariga olib chiqib ketishi ekvivalentda 5 000 (besh ming) AQSh dollariga teng yoki undan oshmaydigan summa doirasida hech qanday ruxsatnomalarsiz amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Ruxsat etilgan summadan oshiq mablag‘ni mamlakat hududidan olib chiqish uchun Markaziy Bank ruxsatnomasi talab etiladi. 

Belgilangan summadan ortiqcha mablag‘ni olib chiqib ketish: 

rezidentlar tomonidan – O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsatnomasi asosida; 

norezidentlar tomonidan – O‘zbekiston Respublikasiga kirish chog‘ida to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida amalga oshiriladi, deklaratsiyada naqd xorijiy valyuta summasi olib chiqib ketiladigan naqd xorijiy valyuta summasidan kam bo‘lmagan miqdorda ko‘rsatiladi. 

Norezidentlar – respublikada belgilangan tartibda tashkil qilingan musobaqalar, tanlov va olimpiadalarning sovrindorlari yoki qatnashchilari tomonidan belgilangan summadan ortiqcha naqd xorijiy valyuta olib chiqib ketilayotganda naqd xorijiy valyuta olinganligining qonuniyligini tasdiqlovchi hujjat ular tomonidan ushbu naqd xorijiy valyutani olib chiqib ketish uchun asos bo‘ladi. ​

Mavzuga oid