O‘zbekiston | 08:55 / 08.12.2017
13679
15 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining aholi bandligini ta'minlashga doir faoliyati takomillashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining aholi, birinchi navbatda, yoshlar va xotin qizlar bandligini ta'minlashga doir faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalla institutining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 2017 yil 3 fevraldagi PF-4944-son Farmoni bilan tasdiqlangan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish kompleks chora-tadbirlari dasturini bajarish hamda aholi, birinchi navbatda, yoshlar va xotin-qizlarning bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va mehnat organlarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining:

aholi, birinchi navbatda, yoshlar va xotin-qizlar bandligiga ko‘maklashish masalalarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tuman (shahar) bo‘linmalari va mehnat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish mexanizmini;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tuman (shahar) bo‘linmalari xodimlarini ishsizlarni va band bo‘lmagan fuqarolarni ishga joylashtirishda faol ko‘maklashganligi uchun moddiy rag‘batlantirish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilindi.

2. Aholi, birinchi navbatda, yoshlar va xotin-qizlar bandligiga ko‘maklashish masalalarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tuman (shahar) bo‘linmalari va mehnat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlandi hamda u 2018 yil 1 yanvardan boshlab amalga kiritiladi.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish har bir organini, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston Xotin- qizlar qo‘mitasining tuman (shahar) bo‘linmalarini butunjahon Internet tarmog‘iga ulagan holda kompyuter bilan hamda Bo‘sh ish o‘rinlarning milliy bazasidan foydalanish imkonini beradigan konfiguratsiya bilan jihozlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘radilar.

4. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi uch oy muddatda aholi, birinchi navbatda, yoshlar va xotin-qizlar bandligiga ko‘maklashish masalalarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tuman (shahar) bo‘linmalari xodimlarini Bo‘sh ish o‘rinlari milliy bazasiga bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni kiritish va fuqarolarni ishga joylashtirish to‘g‘risidagi ma'lumotlarni rasmiylashtirish uchun Bo‘sh ish o‘rinlari milliy bazasidan foydalanish ko‘nikmalariga o‘qitishni ta'minlaydi.

5. Fuqarolarni ishga joylashtirilganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarini to‘lash to‘g‘risidagi ma'lumotlar bilan tasdiqlangan to‘lovlarni amalga oshirish, shuningdek, Bo‘sh ish o‘rinlari milliy bazasiga mikrofirmalar, kichik korxonalar, oilaviy korxonalar, fermer va dehqon xo‘jaliklaridagi, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar va hunarmandlardagi bo‘sh ish o‘rinlarining mavjudligi to‘g‘risidagi ishonchli ma'lumotlarni kiritish yo‘li bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tuman (shahar) bo‘linmalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tizimi 2018 yil 1 apreldan boshlab joriy etiladi.

6. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.

7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.A.Xaitov zimmasiga yuklandi.
 
Aholi, birinchi navbatda, yoshlar va xotin-qizlar bandligiga ko‘maklashish masalalarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tuman (shahar) bo‘linmalari va mehnat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ishga joylashtirish bo‘yicha agentlar ABKM bilan tuzilgan bitimlar asosida aholini, birinchi navbatda, yoshlar va xotin-qizlarni quyidagi yo‘llar bilan ishga joylashtirishga ko‘maklashish ishlarini amalga oshiradilar:

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish tegishli hududiy organlarida (keyingi o‘rinlarda FO‘O deb ataladi) yashaydigan va ishga joylashtirishga muhtoj bo‘lgan shaxslarni, shuningdek, salohiyatli ish beruvchilarni, birinchi navbatda, kichik va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari jumlasidan bo‘lgan ish beruvchilarni hisobga olish bo‘yicha ma'lumotlarning yagona axborot bazasini tashkil qilish; 

bo‘sh ish o‘rinlari bazasiga mikrofirmalar, kichik korxonalar, oilaviy korxonalar, fermer va dehqon xo‘jaliklaridagi, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar va hunarmandlardagi bo‘sh ish o‘rinlarining mavjudligi to‘g‘risidagi ishonchli ma'lumotlarni kiritish.

Aholini ishga joylashtirishga ko‘maklashganlik uchun bitimlar tuzgan ishga joylashtirish bo‘yicha agentlarga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga rag‘batlantiruvchi tusdagi to‘lovlar amalga oshiriladi.

To‘lovlar miqdori O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan mehnat bozoridagi real vaziyatdan va respublikaning har bir aniq tumani (shahri)dagi bandlik dinamikasidan kelib chiqqan holda, lekin qonunchilikda belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdorining 5 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.

ABKM tomonidan ishga joylashtirish bo‘yicha agentga tegishli ro‘yxatdan o‘tkazishdan keyin "Ishga joylashtirish" AATdan foydalanish imkoniyati beriladi, ushbu imkoniyat ularga quyidagi huquqlarni beradi:

bo‘sh ish o‘rinlari bazasidan, shu jumladan bo‘sh ish o‘rinlari bazasidagi vakantsiyalar to‘g‘risidagi axborotni kiritish, o‘zgartirish va chiqarish imkoniyatidan foydalanish;

ishsizlarni va band bo‘lmagan shaxslarni ishga joylashtirishga yo‘llanmani rasmiylashtirish.

"Ishga joylashtirish" AATdan foydalanish uchun ishga joylashtirish bo‘yicha agentlar shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni ABKMga quyidagi maqsadda taqdim etadi:

ABKM bilan ishga joylashtirish bo‘yicha agentlar o‘rtasida bitim tuzish;

"Ishga joylashtirish" AATga ishga joylashtirish bo‘yicha agentlar to‘g‘risidagi asosiy ma'lumotlarni (F.I.O., lavozimi va ish joyi, pasportining raqami, STIR, telefon raqami va elektron pochta manzilini) kiritish.

Ro‘yxatdan o‘tkazish va bo‘sh ish o‘rinlari bazasidan foydalanish uchun ishga joylashtirish bo‘yicha agentlar majburiy tartibda elektron raqamli imzoni rasmiylashtiradilar.

Ishga joylashtirish bo‘yicha agentlar tomonidan "Ishga joylashtirish" AATga va bo‘sh ish o‘rinlari bazasiga ishga joylashtirishga muhtoj bo‘lgan ishsizlar va band bo‘lmagan shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni kiritish quyidagi majburiy tartibotlarni o‘z ichiga oladi:

ishga joylashtirish bo‘yicha agentni indentifikatsiya qilish (ERI va maxfiy kod yordamida tizimga kirish);

ish qidirayotgan band bo‘lmagan shaxs to‘g‘risidagi ma'lumotlarni, uning F.I.O.sini, pasporti raqamini, STIRni, yashash manzilini, jinsi, tug‘ilgan sanasi va joyi, oilaviy ahvoli, qaramog‘idagilarning mavjudligi, ta'lim bo‘yicha olingan ma'lumoti, malakasi va oldingi mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma'lumotlarni kiritish;

ish beruvchilardan olingan bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni kiritish, unda aniq bo‘sh lavozim, mehnat sharoitlari, ish haqi miqdori, ma'lumoti darajasiga nisbatan talablar, malakasi, ish tajribasi, shuningdek, tashkilotning majburiy tartibda STIR aniq ko‘rsatiladi.

Ishga joylashtirish bo‘yicha agentlar tomonidan "Ishga joylashtirish" AATga va bo‘sh ish o‘rinlari bazasiga ishga joylashtirishga muhtoj bo‘lgan shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlarning, shuningdek, bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarning to‘g‘ri kiritilganligi tekshiriladi va belgilangan tartibda ABKMning mas'ul xodimi tomonidan tasdiqlanadi.

Bo‘sh ish o‘rinlari bazasida mavjud bo‘lgan ishga joylashtirishga band bo‘lmagan shaxsni yuborishni rasmiylashtirish "Ishga joylashtirish" AATga kiritilgan ma'lumotlarga muvofiq avtomatik ravishda generatsiya qilinadi, so‘ngra bo‘sh ish o‘rni besh ish kuni mobaynida (ishga joylashtirishga berilgan yo‘llanmaning amal qilish sanasiga) zaxira qilib qo‘yilgan hisoblanadi.

Ishga joylashtirishga berilgan yo‘llanma bo‘yicha ishga qabul qilingan taqdirda ishga joylashtirish bo‘yicha agent bo‘sh ish o‘rinlari bazasiga ishga qabul qilish to‘grisidagi buyruqning tartib raqamini kiritishi shart, unda ishni boshlash sanasi ko‘rsatiladi hamda shu vaqtdan boshlab bo‘sh ish o‘rni to‘ldirilgan hisoblanadi va bo‘sh ish o‘rinlari bazasidan chiqariladi. Keyingi besh kun mobaynida ishga qabul qilish to‘g‘risidagi axborot mavjud bo‘lmagan taqdirda ishga joylashtirishga yo‘llanma avtomatik ravishda o‘z kuchini yo‘qotadi, bo‘sh ish o‘rni esa takroran bo‘sh ish o‘rinlari bazasiga kiritiladi.

Band bo‘lmagan shaxsni ishga joylashtirishning haqqoniyligi ishga joylashtirish bo‘yicha agent tomonidan "Ishga joylashtirish" AATda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarining har oyda to‘langani to‘g‘risidagi davlat soliq xizmati organlaridan muntazam ravishda olingan ma'lumotlari asosida avtomatik ravishda aniqlanadi. Bunda agar sug‘urta badallari ishga qabul qilish to‘g‘risidagi axborot "Ishga joylashtirish" AATga kiritilgan sanadan boshlab kamida olti oy mobaynida to‘langan taqdirda, har oylik sug‘urta badallari esa qonunchilikda belgilangan miqdorlardan kam bo‘lmagan summada to‘langan taqdirda band bo‘lmagan shaxs ishga joylashtirilgan hisoblanadi.

Ishga joylashtirish bo‘yicha agentlarga rag‘batlantiruvchi tusdagi to‘lov ishga joylashtirish bo‘yicha agent tomonidan quyidagilar ta'minlangan taqdirda amalga oshiriladi:

"Ishga joylashtirish" AATga va bo‘sh ish o‘rinlari bazasiga mikrofirmalar, kichik korxonalar, oilaviy korxonalar. fermer va dehqon xo‘jaliklaridagi, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar va hunarmandlardagi bo‘sh ish o‘rinlarining mavjudligi to‘g‘risidagi ishonchli ma'lumotlar kiritilgan bo‘lsa, keyinchalik band bo‘lmagan shaxs ko‘rsatilgan bo‘sh o‘ringa ishga joylashsa - ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq belgilangan to‘lov summasining 100 foizi miqdorida;

band bo‘lmagan shaxs mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bazasida ishga joylashtirilganda, ko‘rsatib o‘tilgan bo‘sh ish o‘rniga kiritish ishga joylashtirish bo‘yicha agentning ishtirokisiz amalga oshirilgan bo‘lsa - ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq belgilangan to‘lov summasining 70 foizi miqdorida;

bo‘sh ish o‘rinlari bazasiga bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ishonchli ma'lumotlar kiritilganda, bunda band bo‘lmagan shaxsni ko‘rsatilgan bo‘sh ish o‘rniga ishga joylashtirish bo‘yicha agentning ishtirokisiz amalga oshirilganda - ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq belgilangan to‘lov summasining 30 foizi miqdorida to‘lanadi;

yuqorida ko‘rsatilgan barcha holatlarda to‘lovlar bo‘sh ish o‘rniga ishga joylashtirilayotgan shaxs har oyda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarini ushbu Nizomning 13-bandida nazarda tutilgan muddatga muvofiq to‘laganda amalga oshiriladi.

Ishga joylashtirish bo‘yicha agentga to‘lovlar quyidagi holatlarda amalga oshirilmaydi:

bo‘sh o‘rinlar bazasiga belgilangan tartibga muvofiq bo‘sh ish o‘rinlari bazasiga kiritish uchun tegishli ma'lumotlarni majburiy tartibda taqdim etishi kerak bo‘lgan tashkilotlar bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar kiritilganda;

"Ishga joylashtirish" AATga aynan u yoki bu shaxs takroran har xil tashkilotlarga oldingi ishga joylashtirilgan vaqtdan boshlab bir yil mobaynida takroran ishga joylashtirilganligi to‘g‘risidagi axborot yoxud aynan u yoki bu tashkilotdagi turli lavozimlarga bir necha marta ishga joylashtirilganligi to‘g‘risidagi axborot kiritilganda;

band bo‘lmagan shaxslar tegishli ma'lumotlarni bo‘sh ish o‘rinlari bazasiga kiritmasdan ishga joylashtirilganda yoxud ma'lumotlar amalda ishga joylashtirilgandan keyin kiritilganda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid