Sport | 12:30 / 08.12.2017
23617
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Olimpiadadan chetlatilishi: Bundan kimlar zarar ko‘radi?

5 dekabr kuni Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Rossiyani Janubiy Koreyada o‘tadigan Qishki Olimpiada o‘yinlaridan chetlatdi.

Tashkilot qaroriga ko‘ra, doping mojarolariga aralashmagan sportchilarga «neytral» - Olimpiada bayrog‘i ostida musobaqada ishtirok etishga ruxsat beriladi.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasining bu qarori juda ko‘p soha vakillariga moliyaviy zarar keltiradi. Ularning orasida mediakompaniyalar asosiy o‘rinni egallaydi. 

Telekompaniyalar

Olimpiada o‘yinlarini «Perviy», «Rossiya 1» va «Match TV» telekanallari namoyish etishni rejalashtirayotgandi. 2018 va 2020 yillardagi Olimpiada o‘yinlarining namoyish qilish huquqi 40 million dollarga baholangan va u «Telesport» kompaniyasidan sotib olinishi kerak edi.

Rossiya terma jamoasini Olimpiadadan chetlatilishi natijasida, telekanallarga pul sarflab, o‘yinlar translyatsiyasini sotib olishga hojat qolmadi. Biroq, ba'zi sport turlari bo‘yicha alohida qaror qabul qilinishi mumkin.

Telekanallardagi manbaning xabariga ko‘ra, Rossiyasiz Olimpiadani namoyish qilishdan iqtisodiy foyda yo‘q. Asosiy musobaqalar kunduz kuni o‘tkaziladi. Bunda telekompaniyalar o‘zining oddiy dasturlari orqali ham reklamadan ko‘proq daromad olishi mumkin. 

Internet-OAV

Sports.ru sayti va sport haqidagi mobil ilovalarni ishlab chiqaruvchi Tribuna Digital kompaniyalari ham XOQ qaroridan xursand emas. Olimpiada - sportni doimiy ravishda kuzatib bormaydigan auditoriyani ham qiziqtiruvchi musobaqa bo‘lib, reklama beruvchilarni ko‘proq jalb qilishi kerak edi. Endi esa Sports.ru 20-25 mln rubl miqdoridagi daromad yo‘qotishga tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, individual sport turlarining ahvoli ham achinarli. Chunki ular har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan musobaqa paytida medallar uchun kurashib, hammaning e'tiborini o‘ziga qaratib olar va shu bilan daromad olishga harakat qilar edi. Endi esa e'tibordan chetda qolib, to‘rt yillik moliyalashtirishdan ham ayrilishi mumkin.

Boshqa xarajatlar

RBK xabariga ko‘ra, Rossiya olimpiya qo‘mitasi (ROQ) terma jamoani Olimpiada o‘yinlariga tayyorlash uchun 1 milliard rubl sarflagan. 

Ma'lumki, ROQ «Gazprom», «Aeroflot», «Nornikel», «Sibirskoye zdorove» va ZA Sport kompaniyalaridan homiylik yordamini oladi. Terma jamoaning olimpiadadan chetlatishi esa, bu kompaniyalarning xarajatlari ham zoye ketganini bildiradi.

Hozircha ROQ terma jamoaning Olimpiadada ishtirok etishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilmadi. Ammo daromadlarning avvalgidek bo‘lishiga endi hech qanday kafolat yo‘q.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid