21:10 / 10.12.2017
9458

Shanxayda dunyodagi eng katta konteyner terminali ochildi

Foto: Getty Images

Shanxayning Yanshan portida dunyodagi eng katta avtomatlashtirilgan konteyner terminali ochildi. Mahalliy "Penpay" axborot portalining yozishicha, terminal 10 dekabrdan sinov rejimida ishlashni boshladi.

Terminal sohil bo‘ylab 2350 metrga cho‘zilgan bo‘lib, uning maydoni 2,23 mln kvadrat metrni tashkil qiladi. Terminal to‘liq quvvat bilan ishlay boshlagandan keyin uning yuk aylanmasi oyiga 4 mln TEU’ga (20 futlik standart konteyner) yetadi. Istiqbolda bu ko‘rsatkichni 6,3 mln taga yetkazish rejalashtirilgan. 

Terminal Xitoyda ishlab chiqarilgan eng zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan hamda unda yuklash-yuk tushirish ishlari yuqori darajada avtomatlashtirilgan. Terminalda 26 ta ko‘prikli kran, 120 ta relsli kran va 130 ta avtomatik boshqariluvchi transport vositasidan foydalaniladi.  

“Avtomatlashtirilgan terminal nafaqat portning umumiy yuk aylanmasini oshirishga, balki atrof-muhitga chiqariladigan karbonat angidrid gazi miqdorini 10 foizga kamaytirishga imkon beradi”, deb ma'lum qildi terminal ochilishida “Shanxay xalqaro porti” kompaniyasi prezidenti Chen Uyuan.

Shanxay konteyner portlari dunyo reytingida yetakchi o‘rinni egallaydi. 2016 yil natijalariga ko‘ra, bu yerda yuk aylanmasi 37 mln ta TEU’ni tashkil qilgan.

 

Top