Jamiyat | 10:14 / 13.12.2017
42009
10 daqiqa o‘qiladi

Banklar tomonidan haq olinmaydigan xizmatlar qanday? (ro‘yxat)

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 sentabrdagi “Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturining ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasi tijorat banklari bilan birgalikda amaldagi bank xizmatlariga belgilangan tariflarni qayta ko‘rib chiqdi, deb xabar bermoqda Markaziy bank axborot xizmati.

Bunda, asosiy e'tibor, bankning ratsional daromadliligini ta'minlagan holda tijorat banklari tarif siyosatlarini optimallashtirish va shu orqali bank xizmatlari jozibadorligini oshirish va yangi mijozlar jalb etishga, eng asosiysi, mijozlar bilan yaqin hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishga qaratildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, bank xizmatlari bo‘yicha Tavsiyaviy tariflar ishlab chiqildi va mamlakat tijorat banklarining tarif siyosatlarini optimallashtirish bo‘yicha Banklararo kelishuv imzolandi.

Ta'kidlash lozimki, Banklararo kelishuvga asosan tijorat banklari bank xizmatlari bo‘yicha o‘rnatilgan to‘lovlarni Tavsiyaviy tariflarda belgilangan miqdorlardan asossiz ravishda oshirmaslik va ortiqcha tariflar o‘rnatilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda banklar tomonidan tasdiqlangan tariflarni o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirish belgilandi.

Tavsiyaviy tariflarga muvofiq 187 ta xizmat turi ko‘rib chiqilib, 63 ta xizmat turi bepul amalga oshirilishi, 86 ta xizmat haqi 15 foizdan 95 foizgacha arzonlashtirilishi, shuningdek xorijiy valyutada o‘rnatilgan 7 ta xizmat haqi milliy valyutaga o‘tkazilishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bepul amalga oshirilishi belgilangan xizmatlarning 29 tasi jismoniy shaxslarga, 25 tasi yuridik shaxslarga, 9 tasi esa yuridik va jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmatlardir (tijorat banklari tomonidan haq olinmaydigan xizmatlar ro‘yxati ilovada keltirilmoqda).

Jumladan, mijozlardan olinadigan kredit ajratish bo‘yicha 10 ta, buxgalteriya hisobini yuritish va bank hisobvaraqlari ochish bo‘yicha 12 ta, xorijiy valyutadagi xizmatlar bo‘yicha 9 ta, plastik kartalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 11 ta, jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan chakana bank xizmatlari bo‘yicha 17 ta va boshqa xizmatlar bo‘yicha 4 ta xizmat haqlari bekor qilindi.

Bank xizmatlari haqlarining bekor qilinishi, o‘z navbatida tijorat banklari tomonidan mijozlarga xizmat ko‘rsatilishida qo‘shimcha qulaylik yaratish bilan birga, aholi va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning pul mablag‘lari iqtisod qilinishiga xizmat qiladi.

Qayd etish lozimki, Tavsiyaviy tariflarga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlarning 18 tasi 30 foizgacha, 23 tasi 30 foizdan 50 foizgacha, 24 tasi 50 foizdan 80 foizgacha, 21 tasi 80 foizdan 95 foizgacha arzonlashdi.

Umumiy tartibda milliy valyutada jismoniy va yuridik shaxslarga plastik kartalar ochish, korporativ kartani almashtirish, korporativ karta yo‘qotilgan yoki shikastlanganda uni tiklash, to‘lovi rad etilgan yoki to‘lanmagan hujjatlarni qaytarish, omonat daftarchasini yo‘qotganligi uchun jarima hamda xorijiy davlatlar elchixonalariga beriladigan ma'lumotnomalar bo‘yicha ilgari xorijiy valyutada (yevro, AQSh dollari) belgilangan xizmat haqlari milliy valyuta – so‘mda belgilanadigan bo‘ldi.

Bank xizmatlarining sifatini oshirish maqsadida:

- bank xizmatlarini qat'iy ravishda mijoz bilan tuzilgan shartnoma shartlariga asosan ko‘rsatish (bunda, shartnomada ko‘zda tutilmagan boshqa xizmat haqlari olinishiga yo‘l qo‘ymaslik);
- xizmatlar ko‘rsatilishida shartnomada belgilangan muddatlarga amal qilish;
- shartnoma shartlariga faqatgina mijozning roziligi bilan o‘zgartirishlar kiritish;
- mijozlar faoliyatida yuzaga kelgan muammolarni ko‘rib chiqishda ularning moliyaviy holatining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda yondashish yuzasidan tijorat banklari bilan kelishib olindi.

Ushbu bank xizmatlari bo‘yicha o‘rnatilgan Tavsiyaviy tariflar tijorat banklari va ularning mijozlari o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarda 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab to‘liq tadbiq etiladi.

Tijorat banklari tomonidan haq (to‘lovlar) olinmaydigan xizmatlar ro‘yxati

1) Kredit ajratish bo‘yicha xizmat ko‘rsatishda:

- kredit hisobvarag‘ini ochish;
- kredit hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatish;
- garov ta'minotini rasmiylashtirish;
- garov ta'minotini to‘liq yoki qisman garovdan chiqarish;
- ajratilgan kredit bo‘yicha monitoring o‘tkazish;
- kredit qoldig‘ini boshqa bankka sotish;
- kredit byurosidan ma'lumotlar olish;
- garov reyestriga yozuv kiritish;
- ochiq kredit liniyalaridan foydalanilmagan kredit summasi;
- kredit bo‘yicha oylik abonent to‘lovi;

2) Buxgalteriya hisobini yuritish, bank hisobvaraqlari ochish bo‘yicha xizmat ko‘rsatishda:

- milliy valyutada asosiy (yoki boshqa bank mijoziga ikkilamchi) talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘ini ochish;
- bank mijoziga ikkilamchi, boshqa hisobvaraq ochish va qayta rasmiylashtirish;
- talab qilib olinguncha, ikkilamchi va shu kabi depozit hisobvaraqlarni yopish;
- shu bank oldidagi kredit qarzdorligini qaytarish (qoplash) uchun mablag‘larni o‘tkazish (debet aylanma);
- mijoz boshqa bankka o‘tganda hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirish;
- bir filialda mijozning bir hisobvarag‘idan boshqa hisobvarag‘iga hamda maxsus hisobvaraqlarga pul mablag‘larini o‘tkazish;
- byudjyet tashkilotlarining byudjyet hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatish;
- kichik tadbirkorlik sub'yektlari hisobvaraqlaridan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘tkazish;
- hisobvaraqlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha oylik abonent to‘lovi;
- akkreditiv hisobvarag‘ini tasdiqlash;
- hisobvaraq orqali amalga oshirilgan to‘lovlar haqida ko‘chirma olish;
- ta'sis hujjatlariga asosan hisobvarag‘ini o‘zgartirish;

3) Xorijiy valyutadagi xizmatlar bo‘yicha:

- yuridik shaxslarga hisobvaraq ochish;
- yuridik shaxsning hisobvarag‘ini yopish;
- hisob-kitob cheklari summasini mijozning hisobvarag‘iga kirim qilish;
- jismoniy shaxslarga hisobvaraqlar ochish va hujjatlarni yuritish;
- omonat daftarchasini berish;
- mijoz omonat hisobvarag‘iga mablag‘larni naqd va naqdsiz kirim qilish;
- omonatni o‘z nomiga bankning boshqa filialiga o‘tkazish;
- fuqarolar buyurtmasiga ko‘ra omonatlarni qidirish;
- pul o‘tkazmalarni bekor qilish va orqaga qaytarish;

4) Plastik kartochkalariga xizmat ko‘rsatishda:

- ish haqi, stipendiya, pensiya, nafaqa, to‘lovlari uchun milliy valyutada plastik kartochkalar ochish;
- milliy valyutada plastik kartochkalar hisobvaraqlarini qo‘shimcha mablag‘lar bilan to‘ldirish;
- milliy valyutada plastik kartochkalarga mablag‘larni kirim qilish;
- milliy valyutada plastik kartochkadan pul o‘tkazmalarini amalga oshirish;
- milliy valyutada plastik kartochkalar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatish (“stop” listga ko‘yish);
- milliy valyutada plastik kartochka “taqiqqa” (blokirovkaga) tushgan holda qayta faollashtirish;
- korporativ plastik kartochkadan mablag‘larni chiqim qilish;
- korporativ plastik kartochkasi bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatish (“stop” listga qo‘yish);
- korporativ plastik kartochka “taqiqqa” (blokirovkaga) tushgan holda qayta faollashtirish;
- jismoniy shaxslarning chet el valyutasidagi konversion kartasini valyuta mablag‘lari bilan to‘ldirish;
- milliy valyutadagi terminallar orqali kirim qilingan naqd pulsiz mablag‘larni depozit hisobvaraqlariga o‘tkazish (inkassatsiya);

5) Jismoniy shaxslarga chakana bank xizmatlari ko‘rsatishda:

- omonat hisobvarag‘i ochish;
- fuqarolar buyurtmasiga ko‘ra omonatlarni qidirish;
- omonat daftarchasini olish;
- kredit asosiy qarzi va foiz to‘lovlari bo‘yicha bir martalik to‘lovlar;
- aliment to‘lash uchun to‘lovlarni amalga oshirish;
- naqd pulsiz mablag‘larni omonatga kirim qilish;
- ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni plastik kartalardan omonatga kirim qilish;
- omonat hisobvarag‘iga naqd pul mablag‘larini kirim qilish;
- kreditlarni so‘ndirish;
- omonat mablag‘larini “harakatsiz hisobvarag‘lar” toifasiga o‘tkazish;
- bir bank tizimidagi omonat hisobvaraqlaridagi mablag‘larni ushbu bankning boshqa filiallaridagi yoki shu bankning o‘zidagi boshqa omonat hisobvaraqlariga o‘tkazish;
- ish haqi, nafaqa, pensiya va unga tenglashtirilgan naqd pul mablag‘larini bank kassasidan berish;
- omonat foizlari va asosiy summasini berish;
- jismoniy shaxslarga ipoteka krediti olish uchun to‘langan boshlang‘ich badali qaytarib berish;
- bir bank tasarrufidagi filiallarga boshqa banklardan kelib tushgan mablag‘larni talab qilib olinguncha, muddatli va jamg‘arma omonatlariga o‘tkazish;
- bank balansidagi garovga (balansga) qabul qilingan mol-mulklarni sotib olish uchun mablag‘larni shakllantirish;
- bir bank tizimida boshqa filiallaridan omonatlarni yechib olish;

6) Boshqa xizmatlar:

- yuridik shaxslarga ish haqi va unga tenglashtirilgan mablag‘larni bank kassasidan berish;
- inkassatsiya qilingan naqd pul tushumlarini qabul qilish, qayta sanash va hisobraqamga kirim qilish;
- inkassator xaltasiga mablag‘larni noto‘g‘ri joylashtirilganda dalolatnoma tuzish;
- kafolatlarning shartini (miqdori va muddatini o‘zgartirmagan holda) o‘zgartirish kabi xizmat turlari ko‘rsatilganda, mijozlardan xizmat haqlari olinmaydi.

Mavzuga oid