O‘zbekiston | 22:32 / 14.12.2017
7676
3 daqiqa o‘qiladi

«Inspektor avvalo xalq ishonchini qozonishi kerak» – Samarqand viloyat IIB tadbiridan

Foto: KUN.UZ

Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i A.Toshpo‘latov shahar va tuman ichki ishlar bo‘limlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar beradi KUN.UZ’ga viloyat IIB matbuot xizmati.

Tadbirda hududlarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilik, turli huquqbuzarliklarning oldini olish, jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitning barqarorligini ta'minlashda profilaktika inspektorlariga ko‘rsatilayotgan e'tibor, ularga yaratib berilayotgan sharoitlar muhim ahamiyat kasb etayotgani hamda oldinda turgan ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, tizim rahbari ichki ishlar organlari faoliyatiga doir Prezident qarorlari, yaratilayotgan priferentsiyalar, xizmat tartib-qoidalaridagi o‘zgarishlarga to‘xtaldi.

Muloqot davomida joriy yilning o‘tgan davrida jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilgan 1008 ta mahalladagi holat muhokama etildi. Jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymagan 81 ta mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va profilaktika inspektorlariga osoyishtalikni ta'minlashda ko‘rsatgan faolligi uchun minnatdorlik bildirildi.

— Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan joylarda turli profilaktik tadbirlar, aholi bilan ochiq muloqot va huquqiy targ‘ibot ishlarini o‘tkazishga alohida e'tibor qaratilayotgani huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda qo‘l kelyapti, — deydi Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Qo‘shtepa» va «Yangiobod» mahallalari profilaktika inspektori B.Qirqjigitov. — Misol uchun, ushbu sa'y-harakatlar natijasida joriy yilning shu davrigacha 6700 nafar aholi istiqomat qiladigan ma'muriy xizmat hududimizda birorta jinoyat sodir etilmadi. Bugungi tadbirda har 10 kunda profilaktika inspektorlarining olib borgan ishlari natijalari to‘g‘risida mahalla faollari, keng jamoatchilik oldida hisobot berish tartibini joriy etish tashabbusi ilgari surildi.

Shuningdek, tadbirda o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoatchilik bilan hamkorlikni mustahkamlash, o‘g‘irlik, firibgarlik yoki voyaga yetmagan, o‘smir yoshlarni jinoyat yo‘lidan qaytarishda yosh inspektorlarga tajribali murabbiylarni biriktirish masalasi ham o‘rtaga tashlandi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid