Jahon | 15:57 / 18.12.2017
48817
3 daqiqa o‘qiladi

Damashq chekkasida onasiz qolgan go‘dak bor kuchi bilan hayot uchun kurashmoqda

Foto: Anadolu

Damashq chekkasi Sharqiy Guteda tinch aholi halok bo‘lishda davom etmoqda. Xalqaro hamjamiyat Suriya poytaxti sharqidagi vaziyatga loqayd, bu esa u yerdagi tartibsizliklarning yanada avjiga chiqishiga sabab bo‘lmoqda. 14 noyabrdan beri ushbu hududga deyarli har kuni havo hujumi uyushtiriladi.

Suriya muxolifati nazorati ostidagi hududdagi otishmalar natijasida yuzlab jarohatlanganlar orasida Karim ismli bola ham bor.

Bolaning onasi Xamuriyya dahasidagi bozor o‘qqa tutilishi natijasida halok bo‘lgan, farzandining esa chap ko‘zi ko‘rmay qolgan, u paytlar Karim 1 oylik bo‘lgan.

Kuni kecha u ikki oylik bo‘ldi. Bolaning boshida snaryad uchqunlari natijasida chuqur chandiqlar qolgan. Aka va opalari uning omon qolishiga yordamlashish maqsadida avaylab parvarish qilishmoqda. 

Foto: Anadolu

Chaqaloqning otasi - Abu Muhammad "Anadolu" bilan bo‘lgan suhbatda bir necha oydan beri o‘qqa tutib kelinayotgan dahada yashash juda qiyin ekanini aytdi.

"Mening 4 nafar farzandim bor. Kenjamiz bir oylik bo‘lganida turmush o‘rtog‘im halok bo‘ldi. Karimga parvarish va tibbiy yordam zarur. U ko‘rish qobiliyatidan qisman mahrum bo‘ldi. Bosh suyagida yoriqlar bor", - deydi Abu Muhammad.

Sharqiy Gutedagi gumanitar inqiroz haqida, shuningdek, Damashq chekkasida istiqomat qiluvchi Um Ahmad ham so‘zlab berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, doimiy otishmalar tufayli hudud aholisi o‘z farzandlariga hatto yegulik topa olmaydi. "Vaziyat og‘ir. Bolalar och-nahor qolmoqda. Arpadan un qilib, non yopayapmiz. Bu bizda mavjud yagona yegulikdir", - deydi u.

Foto: Anadolu

Beshinchi yil qamal davom etayotgan Sharqiy Guteda bugungi kunda 400 ming kishi istiqomat qilmoqda.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, Suriyadagi ziddiyatlar davomida 400 mingdan ziyod kishi halok bo‘lgan, 10 milliondan ortig‘i o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. 4,8 million kishi mamlakat tashqarisidan boshpana izlashiga to‘g‘ri kelgan. 

Mavzuga oid