Sport | 09:58 / 18.12.2017
14220
2 daqiqa o‘qiladi

Video: Suares rabona usulida gol urdi. Hakam yana «Barselona»ning toza golini inobatga olmadi

«Barselona» – «Deportivo» uchrashuvi vaqtida Luis Suares mehmonlar jamoasi darvozasiga rabona zarbasi bilan gol urdi. Ammo uchrashuv arbitrlari mavsumning eng chiroyli gollaridan birini inobatga olishmadi.

Quyidagi video va fotolarda ushbu holatda to‘p chiziqni kesib o‘tgani yaqqol ko‘rinib turibdi.

Suaresning ajoyib zarbasidan keyin to‘p chiziqdan o‘tgan, ammo darvozabon Ruben Martines uni darvoza ichidan ortga qaytargan. Bu vaziyatda tabloda hisob 3:0 ko‘rinishida edi.

Suares o‘yinda ikkita gol urdi va «Barselona» 4:0 hisobida g‘alaba qozondi

Ispaniyalik sobiq hakam Iturralde Gonsales ushbu epizodga munosabat bildirgan: «Bunday vaziyat La Liga uchrashuvlarida kuzatilishi tabiiy. Golni aniqlash tizimiga zarurat 5 foiz holatlarda ro‘y berishi mumkin, ammo bu muhim vaziyatlar bo‘lib chiqadi. «Kamp Nou» stadioni golni aniqlash tizimini o‘rnatishga tayyor, ammo La Liga bunga ruxsat bermayapti».

Qayd etish kerakki, «Barselona» joriy mavsumda ikkinchi marta shunday holat tufayli goldan quruq qolmoqda.

14-tur doirasida «Valensiya»ga qarshi kechgan va 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangan uchrashuvda ham arbitrlar Lionel Messining zarbasidan keyin to‘p «ko‘rshapalaklar» jamoasi darvozasi chizig‘ini kesib o‘tganini qayd etishmagandi.

«Barselona» – «Deportivo» uchrashuvida Mateu Laos boshchiligidagi hakamlar brigadasi ishladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid