10:10 / 19.12.2017
6074

Amerikalik jahon chempioni doping kontrabandasida gumon qilinmoqda

Foto: Global Look

Yengil atletika bo‘yicha jahon chempioni, amerikalik sprinter Jastin Getlin va uning murabbiyi, sobiq Olimpiya chempioni Dennis Mitchell taqiqlangan vositalar kontrabandasida gumon qilinmoqda. 

TASS axborot agentligining ma'lum qilishicha, The Telegraph britan nashrining jurnalistlari 2017 yil yozda niqob ostida sportchi va uning murabbiyining doping yetkazib berishga aloqadorligini tergov qila boshlashgan. Nashrga sportchilarni jismoniy unumdorlikni oshiruvchi vositalar bilan ta'minlovchi agent va murabbiylar haqida ma'lum qilingandan keyin, tergovni boshlashga qaror qilingan. Gumonlanuvchilar orasida Getlin bilan hamkorlik qiluvchi Robert Vagner ismi ham keltirilgan.

Jurnalistlar o‘zlarini yengil atletikachilar haqida film suratga olayotgan guruh vakillari sifatida tanishtirishgan. Ular Floridadagi mashg‘ulot markazida bo‘lganlarida film ssenariysi bo‘yicha yengil atletikachi-aktyor haqiqiy sportchilar bilan barobar musobaqalasha olishi kerak bo‘lgan. Jurnalistlarga bunga erishish uchun shartnoma bo‘yicha doping yetkazib berish taklif qilingan. Bu xizmatning qiymati 250 ming dollarni tashkil qilgan. Jurnalistlarning ushbu masala bo‘yicha Mitchell va Vagner bilan muzokaralari audio va video qurilmalarga yozib olingan. Vagner suhbat chog‘ida jahon chempioni Getlin ham taqiqlangan va ularni niqoblovchi vositalar qabul qilganini tan olgan.

1998 yilda Dennis Mitchell Olimpiya chempioni bo‘lgan, biroq bir necha kundan keyin qonidagi testosteron moddasi me'yoridan ko‘pligi aniqlangach, musobaqalardan chetlatilgan. U Olimpiya oltin medalidan mahrum etilgan.

Jastin Getlin 4 karra jahon chempioni, o‘z vaqtida doping uchun 4 yilga musobaqalardan chetlatilgan. Yengil atletika bo‘yicha so‘nggi jahon chempionatida 2017 yil avgustda 100 metrga yugurish finalida afsonaviy Useyn Boltni dog‘da qoldirib, g‘olib bo‘lgandi.

Mavzuga oid
Top