Sport | 15:10 / 20.12.2017
19349
8 daqiqa o‘qiladi

«Barselona» Grizmanni «Atletiko»dan tortib oladimi? To‘liq tafsilotlar

«Atletiko» «Barselona» ustidan FIFAga shikoyat qildi. Sabab: kataloniyaliklar klubi rahbariyati vakillari Antuan Grizmann va uning vakillari bilan uchrashgani. Madriddagilarning hisoblashicha, bu orqali «Barsa» raqobatchiga zarar yetkazib, uni chempionlik poygasidan chiqarmoqchi – ayni vaqtda «Atletiko» turnir jadvalida kataloniyaliklarni 6 ochkolik farq bilan ta'qib qilib, ikkinchi o‘rinda bormoqda.

Gettyimages.ru/Gonzalo Arroyo Moreno

Madridliklar klubi rahbariyati FIFA qoidalariga tayanmoqda: «Professional futbolchi bilan shartnoma imzolashni istagan klub, u bilan muzokaralar boshlashdan avval birinchi navbatda uning jamoasiga rasmiy xat bilan murojaat qilib, o‘z niyatini bildirishi kerak».

2017 yilning iyunida «Atletiko» Grizmann bilan shartnomani 2022 yilgacha uzaytirdi, yangi shartnomaga ko‘ra, uning transfer narxi 200 mln yevroga yetkazildi, ammo bir mavsum o‘tib – 2018 yilning yozida forvardni 100 mln yevroga sotib olish mumkin bo‘ladi. Shu tufayli madridliklar klubi 18.3 moddaga jon-jahdi bilan yopishib olgan: «Professional futbolchi boshqa klub bilan faqat shartnoma muddati tugagach yoki shartnoma muddati tugashiga 6 oy vaqt qolganida yangi shartnoma imzolashi mumkin bo‘ladi. Aks holda, tegishli sanksiyalar qo‘llanadi».

«Atletiko» avvaldan sug‘urtalanib olmoqda – bu mantiqqa to‘g‘ri keladi. 2005 yilning iyunida FIFA «Roma»ni Meksesning «Oser»dan transferi vaqtida qoidalar buzilgani uchun jazolagandi: himoyachi 2004 yil yozida, fransuz klubi bilan shartnomasi bo‘lishiga qaramasdan Rimga kelgandi. Yakunda italiyaliklar klubi «Oser»ga 5,3 mln yevro miqdorida jarima to‘ladi, futbolchi 6 haftalik diskvalifikatsiyaga uchradi, «Roma» – ikki transfer oynasi davomida yangi futbolchi sotib ololmaydigan qilindi.

2007 yilda FIFA shunday holatni «Lans» futbolchisi Gael Kakutaning transferida qayd etdi. Ikki yil o‘tib «Chelsi» ikki transfer oynasi mobaynida yangi futbolchilarni transfer qilishdan mahrum etildi va klubga 780 ming yevro miqdorida jarima belgilandi. Ammo klub keyinroq apellyatsiya berib, Sport arbitraj sudida yutib chiqqandi.

Grizmanning «Barselona»ga transferi haqida ilk mish-mishlar Neymarning «PSJ»ga ketishidan keyin urchigandi. Ammo bu haqdagi gaplar tezda tinchidi: «Manchester Yunayted» futbolchi uchun asosiy da'vogarga aylandi, ispan matbuoti esa kataloniyaliklarning asosiy nishonida Dembele va Di Mariya turganini, buni jamoaning yangi bosh murabbiyi Ernesto Valverde istayotgani haqida yoza boshladi. Yakunda Usmon Dembele katta narx evaziga Kataloniyaga olib kelindi. Grizmann esa insoniylik ko‘rsatib, yangi futbolchi sotib olishi taqiqlangan «Atletiko»ga yordam berish uchun qolishga qaror qildi.

Sentyabr oyida «Barsa» fransuz futbolchisini qo‘lga kiritishdan umid uzmagani, uning uchun 140 mln yevro to‘lashga tayyorligi haqida xabarlar tarqaldi. Bu g‘oya Leonel Messiga ham ma'qul kelgani aytildi, ammo transferlar qilishdan mahrum etilgan «Atletiko» u bilan xayrlashishni istamaydi.

REUTERS/Javier Barbancho

Noyabr oyi boshida Sky Sports nashri Le10Sport manbasiga asoslangan holda Grizmann «Barselona» bilan 5 yillik shartnoma tuzish borasida kelishuvga erishgani, uning maoshi 20 mln yevroni tashkil etishi haqida yozdi. Albatta, buni hech kim jiddiy qabul qilmadi.

Mundo Deportivo nashri esa dekabr oyida muqovasiga «Forvard «Barselona»ning 2018 yildagi asosiy maqsadi» deya yozdi va o‘quvchilarini ushbu transfer amalga oshishiga ishontirdi. Nashr xabarida, kataloniyaliklar rahbariyati vakillari fransuz futbolchisining vakillari bilan uchrashgani va transfer jarayonlari boshlangani, Grizmanning o‘zi ham transferga roziligi haqida aytilgan. Muzokaralarda «Barsa» bosh direktori Pep Segura va texnik kotib Robert Fernandes ishtirok etgan.

bolavip.com

O‘tgan hafta oxirida Mundo Deportivo tafsilotlarni ochiqladi: dastlabki kelishuvlardan keyin «Barselona» prezidenti Jozep Bartomeu ham ishga aralashgan. U Antuanning opasi, ukasining ishlari bilan shug‘ullanuvchi (uning agenti yo‘q) – Mod hamda uning boshqa qarindoshlari bilan Kataloniyadagi restoranlardan birida uchrashgan. Tomonlar o‘sha kuni bo‘lajak kelishuvni muhokama qilishgani aytildi.

«Barselona»ning rasmiy shaxslari bu xabarlarni inkor qilib chiqmadi. «Deportivo» bilan o‘yindan keyin esa klub direktorlaridan biri Gilermo Amor yangiliklarga shunday munosabat bildirdi: «Futbol dunyosida mish-mishlardan qochib bo‘lmaydi: Grizmann bilan aloqa qiladigan odamlar juda ko‘p. Turli futbolchilar bilan aloqada bo‘lib turish – klub uchun zarurat». Shundan so‘ng, «Atletiko» g‘azabga mindi.

Grizmanning ehtimoliy transferini «Barselona» futbolchilari ham muhokama qila boshlashdi. Kataloniyadagi Rac 1 radiosiga bergan intervyusida Luis Suares shunday dedi: «Klub hamisha eng yaxshi futbolchilarni jamlaydi, Grizmann va Koutino – aynan shunday, elitar futbolchilar, ular hozirda yuqori formada. Menimcha, agar ular bu yerda o‘ynasa, bizni katta kelajak kutadi».

Xordi Alba ham Onda Cero radiosiga bergan intervyusida Grizmann haqidagi gaplar uni xursand qilganini bildirdi: «Antuan – top-futbolchi. Oxirgi yillarda u «Atletiko» yetakchisi. U ajoyib futbol namoyish etmoqda. «Barselona» shunday futbolchi bilan kuchayishi kerak».

REUTERS/Albert Gea

«Barselona» murabbiyi Ernesto Valverde esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berishdan qochdi va uning o‘rniga Inestaning «Deportivo»ga qarshi o‘yindagi harakatlari haqida gapirdi. «Grizmann – zo‘r futbolchi, ammo u bizning jamoamizda emas», dedi u.

Diyego Simeone L’Equipe uchun bergan intervyusi orqali jarayonni yanada qizitdi: «Albatta, Grizmann qachondir ketishi mumkin – xuddi, o‘z vaqtida Diyego Kosta va Arda Turon bilan shunday bo‘lgani kabi. Men o‘z futbolchilarimni yoqtiraman va menga ularning o‘sib borishini kuzatish yoqadi. Men nonko‘r odammasman. Agar biron futbolchi kelib, «Murabbiy, menga orzuimdagi jamoadan taklif tushdi, endi ketishim kerak», desa, muammo bo‘lmaydi. Bu Grizmann bo‘lsa ham. Muammo yo‘q. Bilaman, u yana o‘sishi kerak».

«Atletiko»ning shikoyati Futbolchilar statusi qo‘mitasiga jo‘natilgan va u jiddiy tarzda o‘rganib chiqiladi. Shundan so‘ng, shikoyat Intizom qo‘mitasiga yuboriladi.

Agar «Barselona» aybi isbotlansa, klub moliyaviy jarimaga tortilishi yoki transfer taqiqiga uchrashi mumkin. «Barselona» yosh futbolchilar bilan shartnoma imzolashda yo‘l qo‘ygan firibgarligi uchun, xuddi shu tarzda jazolangan, 2014-2015 yillar mavsumida klub yangi futbolchilarni tarkibga qo‘shib ololmagandi.

Bugun Mundo Deportivo «Barselona» Grizmann bilan hech qanday muzokara o‘tkazmagani, jamoa hech qanday transfer qoidalarini buzmagani haqida xabar tarqatdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid