Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Olmoniyaliklar tasavvuridagi O‘zbekiston: Afg‘onistondan xatar, ayollar xatnasi, karvonlar va hojatxona madaniyati
O‘rta Osiyo xalqlari qadimdan yer yuzining barcha qit'alarida joylashgan xalqlar bilan o‘zaro aloqalar o‘rnatib kelishgan. Ayniqsa, O‘rta Osiyo davlatlari Yevropaning ko‘plab mamlakatlari bilan turli sohalarda, xususan, savdo-sotiq, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi, adabiyot va san'at yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlik qilib kelishganligi to‘g‘risida tarix guvohlik beradi. Buni hech kim inkor qila olmaydi. Amir Temur O‘rta Osiyoni markazlashgan davlatga aylantirganidan keyingi davrda esa qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlar yanada mustahkamlanadi. O‘sha paytda Movarounnahr saltanatining dovrug‘i yetti iqlimga taraladi.
XIX asr oxiri XX asr boshlarida Rossiya imperiyasi tomonidan O‘rta Osiyo mamlakatlari bosib olingach, ushbu mamlakatlar imperiyaning mustamlakasiga aylantiriladi.
Mustamlaka mamlakat sifatida boshqa davlatlar bilan amalga oshiriladigan siyosiy-ijtimoiy, madaniy-ma'rifiy, sport, adabiyot va san'at, umuman, barcha sohalardagi diplomatik aloqalar bevosita rus imperiyasi nomidan amalga oshirila boshlaydi. Bu esa O‘rta Osiyo xalqlarini rus mustabidi soyasida qolib ketishiga sabab bo‘ladi.
Mustaqillikka erishganimizdan so‘nggina dunyo xalqlari O‘rta Osiyoda O‘zbekiston degan mamlakat borligini bila boshlashdi. Hozirgi kunga kelib ta'kidlash joizki, O‘zbekiston jadal sur'atlarda taraqqiy etib borayotgan davlatlar qatorida. Biroq shu o‘rinda men bir narsani aytib o‘tishni joiz deb topdim: O‘zbekiston va Markaziy Osiyo haqida ma'lumotlar yevropaliklarda, xususan, olmoniyaliklarda juda oz. To‘g‘ri, Yevropa davlatlari bilan siyosiy diplomatik aloqalar o‘rnatilgan, lekin u yerda yashovchi insonlarning bizning mintaqamiz, O‘zbekiston to‘g‘risida yetarlicha ma'lumotga ega emasligiga men har yili tashkillashtirayotgan tadbirlarim davomida doim amin bo‘laman.
Men 2009 yildan buyon turizm sohasida faoliyat yuritib kelaman. Xorijda (Germaniya va Angliya) o‘qib yurgan kezlarimda «O‘zbekistonga qaytgach, albatta, turizm sohasida faoliyat olib borib, yurtimizga sayyohlarni jalb etishni, uning boy tarixi, shonli o‘tmishi, xalqimiz urf-odat va an'analari, adabiyot hamda san'ati, ko‘hna va boqiy shaharlarimizdagi qadimiy obida va minoralarining ulug‘vorligini targ‘ib qilaman», degan fikrlarni dilimga tugib qo‘ygan edim.
O‘ylagan niyatlarimga nihoyat erishdim. Gid-tarjimon sifatida ishlash bilan bir qatorda badiiy adabiyot tarjimasiga ham qo‘l urdim. O‘tgan yillar mobaynida atoqli o‘zbek va nemis adabiyoti namoyondalari Haynts Erhardning «Noch’n Gedicht» («Yana she'riyat») deb nomlangan kitobi, G‘afur G‘ulomning «Shum bola» («Der Schelm»), O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» («Kein Himmel auf Erden»), Abdulla Qahhorning «Anor» («Der Granatapfel») kabi asarlarini, shuningdek, «Buyuk ipak yo‘li rivoyatlari» kitoblarini o‘zbek tilidan nemis — nemis tilidan esa o‘zbek tiliga tarjima qildim.
Shu bilan bir qatorda 2014 yildan buyon Germaniyada «O‘zbekiston — Buyuk ipak yo‘lining marvaridi» mavzusida madaniy-ma'rifiy, adabiy-badiiy kechalar o‘tkazib kelayapman. Ushbu yilning bahor oyida Germaniyada shunday kechalarni o‘tkazib qaytgan edim. Kuzning uchinchi oyi (2 noyabr–11 dekabr)da Germaniyaning 27 ta (Frankfurt, Lage, Detmold, Vesseling, Hasslox, Lyudvigshafen, Kyoln, Dyusseldorf, Arvayler, Erfurt, Shenshtedt, Ayzenax, Bad Tabarts, Bad Langenzaltsa, Myulhauzen (Tyuringen), Gota, Yyena, Gerlitts, Drezden, Goslar, Noy Ulm, Augsburg, Feldkirxen, Grefenberg, Bamberg, Myunxen) shaharlarida O‘zbekiston haqidagi navbatdagi taqdimotlarimni o‘tkazib keldim.
O‘tkazilgan madaniy-adabiy kechalarda 1000 nafardan ortiq olmon va shveysariya fuqarosi ishtirok etdi. Ular orasida aholining turli qatlamlari, shu jumladan, turli kasb egalari, shahar merlari va siyosatchilar, tadbirkorlar va maktab-kollej o‘quvchilari va oliy ta'lim muassasalari talabalari qatnashishdi. Bo‘lib o‘tgan har bir tadbirda ishtirokchilarning aksariyati O‘rta Osiyo, xususan, O‘zbekiston haqida deyarli ma'lumotga ega emasliklarini ta'kidlashadi.
Ushbu taqdimotlarda men o‘zim tarjima qilgan kitoblardan, O‘zbekiston haqidagi broshyura va flayyerlardan foydalandim. Bu galgi safarim juda tig‘iz jadvalda o‘tdi. Har ikki kunda yo‘lda edim. Safar uchun avtomashina ijaraga oldim. Yo‘lda menga do‘stim va hamkasbim, suratchi va yaxshigina tanqidchi Xurshid Mamatqulov hamrohlik qildi. Germaniya bo‘ylab deyarli 5000 km yo‘lni bosib o‘tdik.
Ishtirokchilar bilan har gal suhbatlashganimda ular menga «Germaniyada O‘rta Osiyo xalqlari haqida beriladigan ma'lumotning bori ham salbiy xarakterga ega ekanligini aytishdi, ma'lumotlarning kamligi tufayli ko‘pchilik yevropaliklar O‘rta Osiyoga sayohat qilishdan qo‘rqishini, aksariyati, hattoki, hozirgacha, O‘zbekiston sayohat qilish uchun xavfli mamlakat, deb bilishadi. Chunki O‘rta Osiyo mamlakatlari to‘g‘risida avvaldan qolib ketgan eskicha qarashlar hanuzgacha qolgan. To‘g‘ri, Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlari haqida germaniyaliklar eshitishgan, lekin bu shaharlar aynan qayerda joylashganligi, O‘zbekiston tinch va osoyishta hamda sayohat uchun juda qiziqarli o‘lka ekanligini bilmaydilar», — degan fikrlarni bildirishadi.
Har bir tadbirim so‘ngida ishtirokchilar bilan erkin muloqot olib boraman. Unda berilayotgan (siyosiy-ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy ruhdagi) savollarning men uchun naqadar sayozligini (ba'zida dahshatli) va lekin yevropaliklar uchun bu oddiy savolligidan xafa bo‘lib ketadi kishi.
Shunda Markaziy Osiyo, shu jumladan, O‘zbekiston to‘g‘risida Yevropada tasavvur va tushuncha nechog‘lik sayozliligiga yana bir bor amin bo‘laman. Bunga misol sifatida bir necha ishtirokchilarning savollaridan hech mubolag‘asiz iqtibos keltiraman:
«Ko‘pchilik g‘arb davlatlarida, jumladan, Germaniyada yurtingizdagi siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy muhit haqida tasavvur deyarli yo‘q. Men shaxsan mamlakatingizda bo‘lmaganman va shahrimizga kelib shunday tadbir o‘tkazmaganingizda, bu davlat xayolimga ham kelmas edi. O‘zbekiston Afg‘oniston bilan chegaradosh davlat, buni O‘zbekiston barqarorligi uchun qanchalik ta'siri bor? Umuman, O‘zbekistonda ham Afg‘onistondagi notinchliklar sezilib turadimi?»
«Janob Ostonov, men O‘zbekistonga bundan 12 yil ilgari kasbim bo‘yicha juda qisqa muddatga tashrif buyurganman, o‘shanda men O‘zbekistonda ayol kishi o‘z turmush o‘rtog‘iga xiyonat qilsa, shariat qonunlariga binoan uni toshbo‘ron qilinishini, va bu albatta, jahon matbuotidan sir tutilishi haqida eshitganman. Mening savolim: bu vahshiylik hozirgacha ham yurtingizda mavjudmi va islom dini davlatingiz siyosatida qanchalik ahamiyatga ega? Ayollaringiz hali ham hijob kiyishadimi? (Shu joyida hijobni «nindza kiyimi»ni kiyishadimi», deb so‘radi).
«Sizlarda turizm sohasida infratuzilma qanchalik rivojlangan, shaharlararo trassalar ham mavjudmi? Karvonlar hali ham yurmoqdami? (Shu yerda A.Qahhorning «Dumli odamlar» hikoyasi yodimga tushdi).
«O‘zbekistonda aholining aksariyati musulmon diniga mansub ekan, bunda o‘g‘il bolalar xatna qilinishi tayin. Ayting-chi, sizning yurtingizda qiz bolalar ham xatna qilinadimi? (To‘g‘risi, ushbu savolga tushunmadim va internetdan ma'lumotlarni topib o‘qib, dahshatga tushdim. Bu Afrikaning 28 ta mamlakatida, shu jumladan, Misr, Sudan va Somali davlatlarida keng tarqalgan «urf» ekan).
«Biz rafiqam bilan 2002 va 2012 yillarda hech qanday sayyohlik firmasining ko‘magisiz ommaviy yo‘l transport vositalaridan foydalangan holda, yurtingizni kezib chiqdik. Va 10 yil ichida O‘zbekistonda deyarli hech qanday o‘zgarishni ko‘rmadik, bu albatta, juda achinarli holat. Davlatingiz o‘zining boy qazilma resurslari bilan dunyo mamlakatlari orasida yetakchi o‘rinlarni egallasa-da, nega xalq buncha qashshoq yashaydi? Nega turistik infratuzilmada hech qanday o‘zgarish yo‘q, bunga misol sifatida: Nega hojatxona madaniyati sizlarda hech qanday ahamiyatga ega emas? Xiva – Buxoro va boshqa yo‘nalishlarda qariyb 500 km masofa bosib o‘tgan yo‘lovchi va sayyohlar uchun biror bir foydalansa bo‘ladigan hojatxona yo‘q».
«Bizning tashqi ishlar vazirligimiz Farg‘ona vodiysida tez-tez notinchliklar bo‘lib turishi sababli, ushbu hududga sayohat qilishni maslahat bermaydi. Biz yurtingizga sayohat qilishni istaymiz va Farg‘ona vodiysini ham bajonidil borib ko‘rmoqchimiz. Bu borada Siz nima deysiz? Bizga nima maslahat berasiz?»
Tadbirlarim davomida juda ko‘pgina ijobiy ruhdagi — kishiga xush yoquvchi savollar ham beriladi. Ularning ham bir nechtasidan iqtibos qilishga qaror qildim:
«Tadbiringiz juda qizg‘in o‘tdi, buning uchun katta rahmat. To‘g‘risi, O‘zbekiston bunday go‘zal, qiziqarli va barqaror davlat ekanligini tasavvur qilmagan edim. Shu yili Eronga sayohat qilgan edim, lekin bugungi tadbirdan so‘ng O‘zbekistonning rang-barang jilosini, ajoyib arxitekturasini, madaniy merosini hamda xushchaqchaq insonlarini suratlaringizda ko‘rdim va yurtingizga, albatta, sayohat qilmoqchiman. Ayting-chi, O‘zbekistonning shunday sayyohlik potensiali bo‘la turib, nega bu haqda bizning matbuotimizda ma'lumot yo‘q. Nega yurtingiz Yevropada hech qanday reklama qilmaydi?»
«Janob Ostonov, ma'ruzangiz a'lo darajada o‘tdi, Vataningizni qanchalik ardoqlashingiz bilinib turibdi. O‘zbekiston haqiqatda juda go‘zal mamlakat ekan. Shaxsan meni zavqlantirgan narsa, bu yurtingizdagi turli dinlarning hamjihatlik va totuvlikda yashayotganidir. Buni o‘zbekistonliklar qanday uddasidan chiqqan? Biz g‘arbliklar sizlardan ko‘p narsani o‘rganishimiz kerak ekan».
«Har gal tadbirlaringiz doirasida Germaniya bo‘ylab, shaharlararo ma'ruzalar qilasiz. Bundan maqsadingiz nima? Bu iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydimi? Siz ushbu loyihangizdan mamnunmisiz? (Bilaman, bunga ko‘pchilik ishonmasligi mumkin: Lekin marhum so‘z ustasi X.Tojiboyev aytganidek, yong‘oqning shaqir-shuqiriga ishqibozmiz).
Tarixdan bilamizki, davlatlar o‘rtasidagi madaniy munosabatlar, siyosiy, iqtisodiy munosabatlarga qaraganda davlatlarni birlashtiradi, bir-biriga yaqinlashtiradi. Davlatlarimiz urf-odatlari, madaniyati, qadriyatlari to‘g‘risida qanchalik ko‘p bilsak, bu bir-birimizni yanada yaxshiroq tushunishimizga yordam beradi. Adabiyot ana shunday madaniy aloqalarni o‘rnatishda muhim ko‘priklardan biridir. Germaniyada o‘tkazgan tadbirlarimda aynan shunday fikrlarim bilan ishtirokchilarga ma'ruzalar qildim. Ayniqsa, har bir shahardagi uchrashuvlarda O‘zbekistonning go‘zal tabiati, o‘lkaning maftunkor manzaralari, purviqor tog‘lari, sharqirab oqayotgan zilol suvlari, tarixiy shaharlari, me'moriy obidalari, urf-odat va an'analari, adabiyot hamda san'atini tarannum qiluvchi slaydlar, videoroliklar, buklet hamda broshyuralarni namoyish qilganimdan so‘ng ishtirokchilarning barchalari yurtimizni naqadar betakrorligini, xalqimizning samimiy va mehmondo‘st xalq ekanligini e'tirof etishdi.
Endi O‘zbekiston haqida 1000 dan ziyod olmon fuqarolari bilishadi. Yaqinda O‘zbekistonga qaytdim va qilgan safarimdan, bu galgi taqdimotlarimdan xursand va mamnunman. Deyarli har hafta nemis tinglovchilarimdan, o‘rtoqlarimdan xatlar olaman. Ular o‘z xatlarida mening taqdimotlarimda qatnashganlaridan xursandliklarini yoki ular haqida kimdandir eshitganlarini aytib yozishadi.
Yurtimizning nafaqat Yevropa, balki butun dunyoda ma'lumu mashhur bo‘lishida shunday madaniy-ma'rifiy hamda adabiy badiiy kechalarning o‘rni va ahamiyati g‘oyatda muhimdir. Zero, biz kimmiz va kimlarning avlodlari ekanligimizni dunyo bilishi kerak.
Oybek Ostonov
Mavzuga oid
10:35 / 22.06.2026
Ukraina Germaniya ishlab chiqarayotgan 600 ta raketaga buyurtma berdi
10:15 / 22.06.2026
Germaniyada ishlashni istovchilar uchun yangi dasturlar ishga tushirildi
12:04 / 18.06.2026
O‘zbekiston va Germaniya birinchi xonimlari inklyuziv ta’lim masalalarini muhokama qildi
21:45 / 17.06.2026