Jahon | 00:40 / 24.12.2017
15747
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Al-Quds bo‘yicha xatoga yo‘l qo‘ymasligi kerak – Erdo‘g‘an

Foto: Anadolu

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 24–27 dekabr kuni Sudan, Chad va Tunisga tashrifi oldidan Afrika ommaviy axborot vositalariga intervyu berdi, deb yozadi Anadolu agentligi.

Tramp Al-Quds masalasida xatoga yo‘l qo‘ymasligi kerak, degan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an AllAfrica nashriga bergan intervyusida.

Turk davlati rahbari AQSh prezidentining Al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olishi va bu shaharga Amerika elchixonasini ko‘chirish haqidagi qaroridan so‘ng Yaqin Sharqda ziddiyatlar kuchayayotganiga e'tiborni qaratdi.

Erdo‘g‘anning aytishicha, Oq Uy rahbari Donald Tramp Al-Quds masalasida nayranglarga uchmasligi va arab-isroil mojarosi bo‘yicha xato qarorga kelmasligi kerak edi.

Turkiya prezidenti BMT Xavfsizlik kengashining 1980 yilgi, jumladan, AQSh tomonidan ham ma'qullangan 478-sonli rezolyutsiyasini eslatib o‘tdi.

«Tramp BMT Xavfsizlik kengashining 478-rezolyutsiyasiga qaramasdan Al-Quds bo‘yicha qaror qabul qildi. Amerika tomonidan BMT pozitsiyasining rad etilishi — o‘ta qo‘pol xato», — deya ta'kidladi Erdo‘g‘an.

Turk yetakchisining aytishicha, AQShdek yirik davlat butun jahon hamjamiyatining e'tiroziga sabab bo‘lgan holda faqat Isroil bilan hamkorlik qilmasligi kerak edi.

Prezident yaqinda BMT Bosh assambleyasida Al-Quds statusining o‘zgarmas ekanligi borasidagi ovoz berish jarayonini eslatib o‘tdi. Hujjatni yoqlab 128 davlat ovoz bergan, unga AQSh va Isroil doxil 9 tagina davlat qarshi chiqqan.

«Al-Quds nafaqat musulmon olami, shuningdek, nasroniylar uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. Vatikan ham Vashington pozitsiyasi bilan murosa qila olmasligini bildirib o‘tdi. Al-Quds butun insoniyat uchun muhim mavzu hisoblanadi», — deya ta'kidlab o‘tdi Turkiya prezidenti va uning davlat Islom birdamligi tashkilotining amaldagi raisi ekanligini eslatdi.

«Tramp AQSh pozitsiyasini BMT Bosh assambleyasida qo‘llab-quvvatlagan davlatlar miqyosiga e'tibor qaratib, o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishi kerak», — dedi Erdo‘g‘an va AQShni ushbu qadamlar oqibati uchun Oq Uyning amaldagi rahbari va Isroil hukumati mas'ul ekanligidan ogohlantirar ekan.

Erdo‘g‘an Falastin-Isroil mojarosini tartibga solishning birdan-bir to‘g‘ri yo‘li «ikki xalq uchun ikki davlat» prinsipini hisobga olish ekanligini ta'kidlab o‘tdi. Sharqiy Qudsning 1967 yilgi chegaralar doirasida Falastin davlatining poytaxti ekanligini tan olish juda muhim, deya qo‘shimcha qilgan Turkiya yetakchisi.

Turkiya rahbari, shuningdek, Falastinning yahudiylar tomonidan bosib olingan yerlarida Isroil hukumatining xatti-harakatlarini tanqid ostiga oldi. «Isroil davlat terrori siyosatini qo‘llamoqda. U bosqinchi davlat», — degan Erdo‘g‘an.

Mavzuga oid