O‘zbekiston | 19:55 / 26.12.2017
11677
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon davlat rahbari Ilhom Aliyevni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi. 

"O‘zbekistonda Sizning hurmatli Otangiz - yetuk davlat arbobi, mustaqil va suveren Ozarboyjon Respublikasi asoschisi Haydar Aliyev xotirasiga katta ehtirom bilan munosabatda bo‘lishadi. Bu ulug‘ insonning O‘zbekiston va Ozarboyjon xalqlari o‘rtasidagi birodarlik aloqalarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi minnatdorchilik tuyg‘usi bilan qayd etiladi. 

Biz sizni tajribali siyosiy arbob, mamlakatingizda va xalqaro maydonda katta nufuzga ega bo‘lgan Otangiz boshlagan ulug‘ ishlarning munosib davomchisi, O‘zbekistonning eng yaqin do‘sti, deb hisoblaymiz.

Shuni alohida ta'kidlab o‘tmoqchi edimki, Ozarboyjon Respublikasining ichki va tashqi siyosatida erishilgan barcha muvaffaqiyatlar Sizning nomingiz va uzoqni ko‘ra biluvchi oqilona siyosatingiz bilan bog‘liq va ular, darhaqiqat, jahon miqyosida tan olingan. 

Azal-azaldan umumiy til va din, qadriyatlar va an'analar, madaniyatga ega O‘zbekiston va Ozarboyjonni ahil qo‘shnichilik, do‘stlik, o‘zaro hurmat, ishonch, bir-biriga bo‘lgan samimiyat va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek qo‘shma sa'y-harakatlar tamoyillariga asoslangan birodarlik aloqalari bog‘lab turadi.

So‘nggi vaqtlarda davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar amaliy jihatdan yangicha mazmun kasb etayotgani bizni quvontiradi. 

Xususan, joriy yilda bir necha marotaba o‘tkazilgan iliq uchrashuvlarimiz O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirish uchun sarmahsul asos yaratdi. 

O‘zaro hamkorlik sohasidagi ulkan imkoniyatlarning mavjudligini tan olib, kelgusidagi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha aloqalarimizning kengayishi bizning do‘stona mamlakatlarimiz manfaatlariga to‘liq muvofiq keladi, deb hisoblaymiz.

Ishonchim komilki, kelgusidagi yuksak darajali uchrashuvlarimiz do‘stona munosabatlarimizni yanada mustahkamlaydi.

Hurmatli, Ilhom Haydar o‘g‘li, Sizga va oila a'zolaringizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, yuksak davlat faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tilayman, birodar Ozarboyjon xalqiga esa – tinchlik va barqaror taraqqiyot, - deyiladi tabrik matnida.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid