Jamiyat | 12:14 / 29.12.2017
33594
4 daqiqa o‘qiladi

Lahzalik “zavq”ni deb...

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Yangi yil arafasida dunyo bo‘ylab pirotexnika vositalaridan foydalanish ko‘lamining ortishi hech kimga sir emas. Ammo, bayramga yarashmaydigan lahzalik “zavq” ortidan tashvishli va hattoki qayg‘uli holatlar sodir bo‘lishi hech kimga sir emas.

Pirotexnika buyumlari muomalasi bo‘yicha samarali davlat nazorati o‘rnatilishi eng avvalo fuqarolar manfaatlarini himoya qilishda, xususan ularning salomatliklari va jamoat xavfsizligini ta'minlashda muhim rol o‘ynaydi. Amaldagi tartiblarga muvofiq, respublikada pirotexnika buyumlari muomalasini litsenziyalash joriy etilgan.

Ammo, ayrim fuqarolar qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan ushbu normalarni mensimay, yangi yil yaqinlashgan sayin pirotexnika vositalarini respublikaga olib kirishga urinishmoqda.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari pirotexnika vositalarining noqonuniy olib kirilishiga doir bir qator bojxona qoidabuzarliklarini fosh etishdi. Xususan, birgina 20 dekabrning o‘zida “G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona kompleksida 4 ta shu turdagi bojxona qoidabuzarligi aniqlangan.

Jumladan, qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro J.Jo‘rayev xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, ushbu shaxs kurtkasi ostidan yenglariga 800 ming so‘mlik 960 dona bengal shamchiroqlari pirotexnika vositasini yashirib olib kirishga uringani fosh bo‘ldi.

Bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilishga uringanlarning yana biri – fuqaro A.Jo‘rayevdir. Bojxona nazorati zonasiga kirib kelar ekan, ushbu shaxs ham kurtkasi cho‘ntaklariga yashirilgan va oyog‘iga yopishtirib bog‘langan jami narxi 1 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan 550 dona paqildoqlar, 20 dona petarda va 840 dona bengal shamchiroqlaridan iborat pirotexnika vositalarini hech kim sezmaydi deb yanglishgan edi.

Xuddi shu usulni qo‘llab, ya'ni oyog‘ining boldir qismiga bog‘lab olgancha, pirotexnika vositalarini olib kirishga uringan fuqarolar B.Mambetov va S.Baymaxamatovlarga ham qing‘ir rejalari naf bermadi. Ushbu shaxslar salkam 1.5 mln. so‘mlik 1872 dona bengal shamchiroqlarini yashirincha olib kirishayotgan paytda to‘xtatib qolindi.

Shuningdek, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi pirotexnika vositalarining yashirin olib kirilishiga chek qo‘yildi.

“Oqko‘prik” temir yo‘l stansiyasida qo‘shni davlatdan kirib kelgan yuk poyezdi vagonlaridan biri belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, yuklar orasida 5 turdagi salkam 219 kg. pirotexnika buyumlari noqonuniy ravishda olib kirilganligi fosh bo‘ldi.

Yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan ushbu tovarlarning umumiy qiymati 38 mln. 640 ming so‘mdan ortar ekan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Ta'kidlanishicha, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida respublika bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 78 ta bojxona qoidabuzarliklari natijasida qiymati salkam 102 mln. so‘mlik 63,5 ming donadan ortiq pirotexnika vositalarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi.

Mavzuga oid