O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 28 dekabr kuni «2018 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida»gi farmonni imzolaganidan xabaringiz bor.

2018 yilda fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida to‘liq dam olishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish va dam olish, bayram kunlaridan oqilona foydalanishi, shuningdek, ichki turizmni yanada rivojlantirish Farmonning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Quvonarli tomoni, yil davomidagi ish va dam olish kunlarini oldindan rejalashtirish amaliyoti O‘zbekistonda ilk marta bo‘lmoqda. Bunday amaliyot o‘zining samaradorligi nuqtai nazaridan xorijiy tajribada keng qo‘llaniladi. Masalan, joriy yil Rossiyada 5 ta, Ukrainada 4 ta, Belarusda 7 ta, Qozog‘istonda 5 ta dam olish kunlari boshqa ish kuniga ko‘chirildi.

Faqat mazkur davlatlardan farqli o‘laroq bizda dam olish kunlarini tartibga solishga oid hujjat Prezident tomonidan qabul qilindi, ularda esa bu masala hukumat rahbari, ya'ni Bosh vazirning qarori bilan belgilanadi. Bu davlatimiz rahbari har bir sohada bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarda tashabbuskor bo‘layotganligining isboti, deyish mumkin.

Yil davomidagi ish va dam olish kunlarini hali yil boshlanmasdan avval belgilash xodimlarning bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazishlariga zarur sharoit yaratib beradi. Ilgari ma'lum bir bayramga 2-3 kun qolganda dam olish kunlarining ko‘chirilishi belgilanar, buning natijasida xodimlar bunday qisqa fursat ichida dam olish kunlari reja tuzish yoki uni amalga oshirishga ulgurmay qolardi. Shuningdek, ayrim ish beruvchilar Farmonning asl mazmun-mohiyatini anglamasdan o‘zgargan dam olish kunlari hisobiga xodimlarni qo‘shimchasiga o‘sha kuni yoki yakshanba kunlari ishlatish haqida noqonuniy qarorlar chiqarardi. Xuddi shu kabi muammolar dam olish kuni o‘zgargan oy uchun ish haqini hisoblash chog‘ida ham yuzaga kelardi. Endilikda joriy etilayotgan yangi mexanizm ushbu muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.