Iqtisodiyot | 01:00 / 01.01.2018
30082
12 daqiqa o‘qiladi

Yakka tartibdagi tadbirkorlar daromadlarini hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasining qarori bilan Savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromadlarini va tovar operatsiyalarini hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, import tovarlari savdosini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkor tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib keluvchi yakka tartibdagi tadbirkor sifatida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak.

Chakana savdo faoliyatini amalga oshiradigan yakka tartibdagi tadbirkorlar daromadlar va amalga oshirilgan tovar operatsiyalari hisobini daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlarida yuritishlari shart.

Quyidagilar daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari hisoblanadi:

chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorning daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish daftari (bundan buyon matnda Hisob daftari deb yuritiladi);

Tovar cheklari daftari.

Hisob daftari va Tovar cheklari daftari shakllari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining 2013 yil 4 martdagi 23, 2013-8-son “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining (ro‘yxat raqami 2439, 2013 yil 22 mart) 15-ilovasi bilan tasdiqlangan.

Daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari yakka tartibdagi tadbirkor ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi (bundan buyon matnda soliq organi deb yuritiladi). Bunda yakka tartibdagi tadbirkor soliq organiga mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda ariza taqdim etishi kerak.

Arizaga daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari ilova qilinadi.

Soliq organi ro‘yxatdan o‘tkazishni asoslantirilgan holda rad etadi yoki yakka tartibdagi tadbirkorga u shaxsni tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatgan holda tilxat bilan:

hujjatlar olingan paytdan boshlab uch ish kuni mobaynida - Hisob daftarini;

hujjatlar olingan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida - Tovar cheklari daftarini taqdim etadi.

Yangi Daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari faqat yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan registrni taqdim etilganidan keyingina ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Soliq organi registrlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jurnaliga tegishli belgi qo‘yadi, avvalgi registrning bo‘sh ustunlari, satrlari va varaqlari ustidan chizadi va yangi registrni ro‘yxatdan o‘tkazadi.

Hisob daftari va Tovar cheklari daftari soliq organi muhri bilan tasdiqlanadi.

Daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlarida barcha ko‘rsatkichlar tuzatish va qisqartirishlarsiz sharikli ruchkada (havorang, binafsha yoki qora rangda) to‘ldiriladi. Noto‘g‘ri ma'lumotlarga ega yozuvlar buzilgan hisoblanadi va ustidan chiziladi hamda yakka tartibdagi tadbirkorning imzosi bilan tasdiqlanadi.

Daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari oxirgi yozuv kiritilgan paytdan boshlab besh yil mobaynida yakka tartibdagi tadbirkorda saqlanadi hamda raqamlanishi, ip bilan tikilishi va soliq organi muhri bilan tasdiqlanishi kerak.

O‘z faoliyatining xususiyatiga ko‘ra aholi bilan pulli hisob-kitoblarni nazorat-kassa mashinalarini qo‘llamasdan amalga oshirishi mumkin bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar Tovar cheklari daftarini yuritishlari shart.

Hisob daftaridagi yozuvlar ularni to‘g‘riligini tasdiqlash uchun Hisob daftari bilan birga saqlanadigan hujjatlar asosida yuritiladi.

Quyidagilar yuridik shaxslar - ishlab chiqaruvchilar yoki ulgurji savdo bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslardan xarid qilingan tovarlarni sotish chog‘ida tovarlarni xarid qilish manbaini tasdiqlaydigan hujjatlar bo‘lib hisoblanadi:

shartnoma;

agar shartnomada oldindan to‘la yoki qisman haq to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa, yetkazib berilgan tovarlar uchun haq to‘langani to‘g‘risida to‘lov topshiriqnomasining nusxasi. Agar shartnomada oldindan haq to‘lash nazarda tutilmagan bo‘lsa, sotish paytida to‘lov topshiriqnomasining nusxasi talab qilinmaydi, lekin yetkazib berilgan tovarlar uchun haq to‘langanidan keyin, tovarlarni xarid qilish manbaini tasdiqlaydigan hujjatlar bilan birga, belgilangan muddat mobaynida yakka tartibdagi tadbirkorda saqlanadi;

tovarlar olinganligini tasdiqlovchi hujjat.

Tovarlar sotilayotganida yakka tartibdagi tadbirkor, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda, sotilayotgan tovarning muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi shart.

Boshqa yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlar sotilishi chog‘ida quyidagilar tovarlarni xarid qilish manbaini tasdiqlaydigan hujjatlar bo‘lib hisoblanadi:

yakka tartibdagi tadbirkor - ishlab chiqaruvchi bilan tuzilgan shartnoma;

agar shartnomada oldindan to‘la yoki qisman haq to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa, yetkazib berilgan tovarlar uchun haq to‘langani to‘g‘risida to‘lov topshiriqnomasining nusxasi. Agar shartnomada oldindan haq to‘lash nazarda tutilmasa, sotish paytida to‘lov topshiriqnomasining nusxasi talab qilinmaydi, lekin yetkazib berilgan tovarlar uchun haq to‘langanidan keyin yakka tartibdagi tadbirkorda belgilangan muddat mobaynida tovarlarni xarid qilish manbaini tasdiqlaydigan hujjatlar bilan birga saqlanadi;

tovarlar olinganligini tasdiqlovchi hujjat.

Quyidagilar tovarlar sotilganligini tasdiqlaydigan hujjat bo‘lib hisoblanadi:

nazorat-kassa mashinasi umumiy ko‘rsatkichi (“Z” hisoboti) - nazorat-kassa mashinasi qo‘llanilishi bilan tovarlar sotilganda;

bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda to‘lovlar qabul qilish bo‘yicha hisob-kitob terminallari cheklari nusxalari - hisob-kitob terminali qo‘llanilganda;

Tovar cheklari daftari - tovar cheki berilganda.

Hisob daftariga quyidagi yozuvlar kiritiladi:

tovarlar rekvizitlari to‘g‘risida (tovar nomi, tovar manbaini tasdiqlaydigan hujjat, kirim hujjati, to‘lov hujjati, tovar kodi, o‘lchov birligi, xarid narxi, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha xarajatlar, boshqa xarajatlar, miqdori, o‘rtacha narx tovarni sotib olish bo‘yicha xarajatlarni hisobga olgan holda) - ular turg‘un savdo shoxobchasi hududida joylashtirilganidan keyin darhol. Bunda tovar kodini tadbirkorning o‘zi Hisob daftari doirasida takrorlanmaydigan qilib erkin ravishda belgilaydi;

“Oy” va “Oy boshidagi qoldiq” ustunlari - har oy savdo boshlanishigacha;

“Sotildi”, “Kun oxiridagi qoldiq”, “Xarajatlar” va “Daromad” ustunlari - har oy savdo kuni oxirida.

Bunda:

“Boshqa xarajatlar” satrida tovarni xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlargina ko‘rsatiladi;

“Xarid qilish xarajatlarini hisobga olgan holda o‘rtacha narx” satrida “xarid narxi”, “bojxona rasmiylashtiruvi xarajatlari” va “boshqa xarajatlar” satrlari summasini “miqdor” satriga bo‘lish yo‘li bilan hisob-kitob qilinadi;

bir kunda sotilgan tovarlar summasi nazorat kassa mashinasi ko‘rsatkichi bilan mos tushishi kerak (“Z” hisoboti) va (yoki) bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda to‘lovlar qabul qilish bo‘yicha hisob-kitob terminallari cheklari yoki yozilgan tovar cheklari summasi bilan;

“Oy boshidagi qoldiq” ustuni bundan oldingi oy “Oy oxiridagi qoldiq” ustuni bilan mos kelishi kerak;

“Xarajatlar” ustuni tegishli oyda “Xarid xarajatlarini hisobga olgan holdagi o‘rtacha narx” satri ko‘rsatkichini ushbu oyda sotilgan tovar miqdoriga (“Sotildi: miqdor” ustuni) ko‘paytirish yo‘li bilan hisob-kitob qilinadi;

“Daromad” ustuni “Sotildi: summa” va “Xarajatlar” ustunlar o‘rtasidagi farq sifatida belgilanadi.

Hisob daftari jadvallari tovarlarning har bir guruhiga alohida to‘ldiriladi.

Tovarlarni har bir xaridorga sotish Tovar cheklari daftarining alohida varag‘ida aks ettiriladi. Tovar cheki ikki nusxada to‘ldiriladi, bir nusxasi qirqib olinadi va xaridorga beriladi, boshqasi Tovar cheklari daftarida tikilgan holda qoladi. Bunda xaridorga beriladigan tovar chekidagi barcha yozuvlar, Tovar cheklari daftarida tikilgan tovar cheki bilan aynan bir xil bo‘lishi kerak.

Tovar cheki raqami bosmaxona usulida qo‘yiladi. Tovar cheklari daftarida chek raqamlari qat'iy izchil bo‘lishi kerak. Xaridorga beriladigan tovar cheki raqamlari va Tovar cheklari daftarida tikilgan tovar cheki bilan aynan bir xil bo‘lishi kerak.

Tovar chekiga quyidagi yozuvlar kiritiladi:

sotuvchining STIR, F.I.O. va imzosi - daftarni soliq organida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqtsim etishgacha barcha varaqlarda yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan mustaqil ravishda;

qolgan yozuvlar - tovar cheki xaridorga berilishigacha sotish paytida.

Tovar cheklari daftarining varaqlari to‘ldirilganda:

“Tovar nomi (kodi)” ustunida Hisob daftari bo‘yicha tovar kodi yoki tovarning qisqa nomi aks ettiriladi;

bir xaridorga sotiladigan har bir tovar alohida satrda aks ettiriladi. Agar bitta xaridorga sotiladigan tovarlarning barcha nomini Tovar cheklari daftarining bir varag‘ida aks ettirish mumkin bo‘lmasa, bitta xaridorga sotish bir necha varaqlarda rasmiylashtiriladi va unga bittadan ko‘p tovar cheki beriladi;

Tovar cheklari daftari varag‘ining to‘ldirilmagan satrlari chizib qo‘yiladi;

narx, miqdor va summa to‘g‘risidagi ma'lumotlar raqamlar bilan kiritiladi;

narx va summa to‘g‘risidagi ma'lumotlar so‘mlarda ko‘rsatiladi.

Sotish aylanmasi hajmi ancha bo‘lganda, yakka tartibdagi tadbirkorning arizasiga binoan, tovar cheklari daftari ilgari berilgan daftar tugashiga qadar ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. Bunda ilgari soliq organida ro‘yxatdan o‘tkazilgan, yakunlangan daftarni taqdim etmasdan turib faqat bitta Tovar cheklari daftarini ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlar soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga:

savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan, bundan tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlar olib kiradigan yakka tartibdagi tadbirkorlar mustasno, - yilning har bir choragi yakunlari bo‘yicha hisobot choragidan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay;

tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib kiradigan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan - har oyning yakunlari bo‘yicha hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay taqdim etiladi.

Hisobot shakllari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining 2013 yil 4 martdagi 23, 2013-8-son “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining (ro‘yxat raqami 2439, 2013 yil 22 mart) 15-ilovasi bilan tasdiqlangan.

Nizomni buzganlik uchun yakka tartibdagi tadbirkorlar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.

Mazkur Nizomga rioya qilinishi ustidan nazoratni davlat soliq xizmati organlari amalga oshiradi.

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikam Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid