Jahon | 12:10 / 03.01.2018
16008
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston Afg‘onistonga elektr energiyasi bo‘yicha bir oy muhlat berdi

Foto: Dreamstime

Afg‘onistoni hukumati seshanba, 2 yanvar kuni Turkmanistondan mamlakatning shimoliy mintaqalariga elektr energiyasi yetkazib berilishi ikki kunlik qisqa tanaffusdan so‘ng yana tiklanganini ma'lum qildi. Bu haqda mahalliy Pajhwok nashri xabar bermoqda.

Har ikki tomon Afg‘onistonga bir oy muddatga elektr energiyasini yetkazib berishni uzaytirish to‘g‘risida kelishib oldi.

Avvalroq, Turkmaniston Afg‘onistonning shimoliy viloyatlariga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi uchun narxni 100 foizga oshirgani xabar berilgandi. Avval 1 kilovatt $0,02 turgan bo‘lsa, Turkmaniston yangi yildan narxni $0,04 ga ko‘targan.

Afg‘oniston hukumati yangi shartlarda shartnoma imzolashdan bosh tortdi, shu sababdan Turkmaniston tomoni Hirot, Faryob, Sari-Pul va Juzjonga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatdi.

Afg‘on hukumatining umid bildirishicha, ularning delegatsiyasi tez orada Turkmanistonga tashrif buyuradi va elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston qo‘shni Afg‘onistonga elektr energiyasini bir kilovatt-soat uchun 4,059 sentlik narxda eksport qiladi.

Mavzuga oid