O‘zbekiston | 22:55 / 05.01.2018
36972
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati ma'muriy markaziga hokim tayinlandi

Toshkent viloyatining ma'muriy markaziga aylantirilgan Nurafshon (sobiq To‘ytepa) shahriga hokim tayinlandi.

Viloyat hokimligidagi manbaning «Kun.uz»ga tasdiqlashicha, Toshkent viloyat hokimining kapital qurilish va kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Usmon Ismoilovich Rahimov Nurafshon shahriga hokim etib tayinlangan.

O‘tgan yilning avgustida o‘tkazilgan Oliy Majlis Senati o‘n birinchi yalpi majlisi birinchi ish kunida To‘ytepa shahrini Toshkent viloyatining ma'muriy markazi etib belgilash to‘g‘risidagi taklif ma'qullangan edi. Ko‘p o‘tmay, Senat To‘ytepa shahrining nomini Nurafshonga o‘zgartirish haqidagi qarorni tasdiqladi.

Noyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qaroriga ko‘ra, Toshkent viloyati tarkibida Toshkent tumani hamda  Yangiyo‘l, Ohangaron va Nurafshon shahar hokimliklari tashkil etildi.

Shahar O‘zbekistondagi birinchi «aqlli» shahar bo‘ladi, unda ma'muriy binolar, zamonaviy va qulay turar joylar, biznes markazlar, mehmonxonalar, sport majmualari, yoshlar ijodiyot markazi, kutubxona, maktablar, ko‘p tarmoqli shifoxona bunyod etiladi.

Istirohat bog‘lari, bog‘lar, maydonlar, piyodalar va velosipedchilar uchun xiyobonlar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Samarali jamoat transporti tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Shahar markazi orqali sun'iy anhor oqib o‘tadi, uning yoqasi bo‘ylab yo‘l yotqizilib, kafe, do‘kon va boshqa obektlar ochiladi.

Toshkent va Nurafshonni tezyurar avtomobil yo‘li bog‘laydi.

Mavzuga oid