O‘zbekiston | 17:15 / 07.01.2018
25143
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rnini topishi kerak – Prezident

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston jahon hamjamiyatida o‘z o‘rnini topishi kerak, lekin bitta prezidentning o‘zi bu vazifani uddalay olmaydi. O‘zbekiston davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida o‘tkazgan videoselektorda shu haqda fikr bildirgan. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanali xabar bermoqda. 

“Albatta, biz dunyo hamjamiyatida o‘zimizning o‘rnimizni topishimiz kerak. Lekin o‘zimizning o‘rnimizni bitta prezident o‘zi topolmaydi. Prezident harakat qiladi, prezident siyosat yuritadi. O‘rnimiz qachon topiladi? Odamlar rozi bo‘lsa topiladi. O‘zbekistonning obro‘ topishi oson ish emas. Atigi bir yil ichida Amerika prezidenti bekorga telefon qilmaydi. Prezident o‘z yo‘liga, Amerika siyosati bekorga telefon qilmaydi. Buni tushungan tushunadi, - dedi prezident. Xo‘sh, shunday ekan, biz qachon o‘zgaramiz?

Yaqinda Abdulla Nig‘matovich Tojikistonga borib tashrifni muhokama qilib keladi. Biz katta-katta shartnomalarga qo‘l qo‘yib, temir yo‘lni ham ochamiz, elektr energiyasi uzatishga kelishdik. Boshqa-boshqa masalalar ham shunday. Hamma o‘tadi bu dunyodan, ammo qo‘shni bilan yaxshi bo‘lmaganni hech kim, hech qachon kechirmaydi. Shuni hamma bilishi kerak. Bizga qo‘shnilarning hammasi yaxshi bo‘lishi kerak. Bu oson emas. Biz 20 yillik muzni eritishimiz kerak.

Dunyo hamjamiyati nima deydi: sen avval qo‘shning bilan til topishgin, biz keyin do‘st bo‘lamiz, deydi. Sen qo‘shning bilan til topishmasang, biz bilan qanday do‘st bo‘lishing mumkin, deydi”, - deya tashqi siyosat masalalariga doir fikrlarini bildirdi Prezident.

Mavzuga oid