Fan-texnika | 23:42 / 08.01.2018
18583
2 daqiqa o‘qiladi

LG’dan «o‘rama»-televizor - CES 2018 yangiliklari

Foto: LG

Yuksak texnologiyalar ixlosmandlari uchun yilning boshlanishi — bu avvalo CES  ko‘rgazmasi va bu yirik texnologik shou davomida ommaga namoyish etiluvchi yangiliklar, degani. LG kompaniyasi navbatdagi marta yana g‘ayrioddiy narsani namoyish etishga muvaffaq bo‘ldi — rulon qilib o‘rasa bo‘ladigan, yuqori tiniqlikdagi televizor, deb yozadi hi-news.ru.

Unchalik ko‘p joyni egallamaydigan ulkan televizor orzusidagilarning orzusi ushalganga o‘xshaydi. Shunaqasi bo‘lishi mumkinmi? Bu savolga javoban LG Display tomonidan taqdim etilgan, 65 dyuymli OLED ekranga ega, rulon qilib o‘rasa bo‘ladigan televizor ko‘rsatilmoqda.

Foto: LG

Ikki yil muqaddam, xuddi shu Las Vegasda o‘tkazilgan CES davomida LG Display 18 dyuymli, oddiy gazetadek o‘rab olsa bo‘ladigan OLED-displeyni namoyish etgan edi. 1200x800 piksel zichligiga ega bo‘lib, 3 santimetr diametrli rulon shakliga kira olar edi.

Endi esa o‘tmishdagi prototip 65 dyuymgacha «o‘sgan». Yangi televizor nafaqat yirik, 65 dyyumli ekrani bilan, shuningdek, ko‘pchilikka 4K format sifatida tanish UHD tiniqligi bilan ham kishini hayratga soladi. Yangi ishlanma OLED texnologiyasining yuqori salohiyatidan darak berib turibdi.

Foto:LG
Foto: LG

Televizorni gazetadek o‘rash nega kerak o‘zi? Albatta, saqlash va tashishni osonlashtirish uchun. Bundan tashqari, yangi televizor texnologik devaysdan ko‘ra ko‘proq  devorga ilinadigan kartinaga o‘xshab ketadi. U haqda ortiq ma'lumot oshkor etilmagan.

O‘tgan hafta ichida LG kompaniyasi o‘zining boshqa bir innovatsion ishlanmasi — 8K formatdagi 88 dyuymli, ekrani OLED-texnologiya asosida yaratilgan televizori bilan tanishtirdi. Bu yangilik ham Las Vegasda iste'molchilik klassidagi texnologiyalar shousida debyut qiladi.

Mavzuga oid