O‘zbekiston | 20:10 / 10.01.2018
22174
5 daqiqa o‘qiladi

Qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekistondan chiqishini vaqtincha cheklash qanday amalga oshiriladi? 

Foto: Depositphotos

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 9 yanvar kuni «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini imzoladi.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2017 yil 18 dekabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2017 yil 20 dekabrda ma'qullangan.

Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 2001 yil 29 avgustda qabul qilingan «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonuniga quyidagi o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritiladi:

1)  23-moddaning uchinchi qismidagi «besh» degan so‘z «o‘n besh» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

2)  24-moddaning to‘rtinchi qismi quyidagi mazmundagi jumla bilan to‘ldirildi:

«Sud yoki boshqa organ ijro hujjatida yo‘l qo‘yilgan nuqsonlarni qaytarilgan ijro hujjati kelib tushgan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida bartaraf qiladi va uni takroran davlat ijrochisiga yuboradi»;

3)  42-1-modda quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«42-1-modda. Qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash

Sud hujjati asosida berilgan ijro hujjatidagi yoki ijro hujjati bo‘lgan sud hujjatidagi talablar belgilangan muddatda qarzdor jismoniy shaxs tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmaganda, davlat ijrochisi undiruvchining arizasi bo‘yicha yoki o‘z tashabbusi bilan qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli.

Davlat ijrochisining qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risidagi qarori katta davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlanadi. Mazkur qarorning ko‘chirma nusxalari qarzdor jismoniy shaxsga (agar uning turgan joyi ma'lum bo‘lsa), ichki ishlar organlarining kirish, chiqish va fuqarolik bo‘limiga (boshqarmasiga) hamda Davlat chegarasini qo‘riqlash organlariga yuboriladi.

Agar ijro hujjati sud hujjati bo‘lmasa va sud hujjati asosida berilmagan bo‘lsa, undiruvchi qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni belgilash to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqli.

Davlat ijrochisining qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risidagi qarori ustidan shikoyat qilinishi yoki protest keltirilishi mumkin.

Qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashga asos bo‘lgan ijro hujjatining talablari amalda ijro etilganda yoxud u bo‘yicha ijro ishi yuritish ushbu Qonunda belgilangan asoslarga ko‘ra tugatilganda yoki tamomlanganda, davlat ijrochisi keyingi kundan kechiktirmasdan qarzdor jismoniy shaxsni, ichki ishlar organlarini va Davlat chegarasini qo‘riqlash organlarini qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini cheklash olib tashlanganligi to‘g‘risida yozma shaklda xabardor qiladi.

Voyaga yetmagan bolalar ta'minoti uchun alimentlar oldindan to‘langan yoki aliment to‘lash majburiyatini ta'minlash uchun garov shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, davlat ijrochisi to‘lov yoki garov shartnomasi to‘g‘risidagi tegishli hujjat olingan kunning ertasidan kechiktirmasdan manfaatdor shaxslarni, ichki ishlar organlarini va Davlat chegarasini qo‘riqlash organlarini qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini cheklash olib tashlanganligi to‘g‘risida yozma shaklda xabardor qiladi. Bunda garov qiymati qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqining ikki yuz ellik baravaridan kam bo‘lmasligi lozim.

Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek chiqib ketishga cheklashni olib tashlash uchun aliment to‘lash majburiyatini ta'minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni ta'minlash yuzasidan davlat ijrochilarining, ichki ishlar organlari va Davlat chegarasini qo‘riqlash organlarining hamkorligi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadi».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid