O‘zbekiston | 03:25 / 10.01.2018
9308
2 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar hamda byudjyet xalq uchun ochiq va oshkora bo‘ladi

Foto: KUN.UZ

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi e'lon qilindi.

Dasturning «Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari» deb nomlangan III bobi, Makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlarini saqlab qolishga bag‘ishlangan bo‘limida bank tizimi va byudjyetning shaffofligini ta'minlash choralari haqida so‘z boradi.

Bank tizimining moliyaviy barqarorligini ta'minlash va unga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, jumladan, «mijozlar bank uchun emas, bank mijozlar uchun ishlashi lozim» shiorini keng joriy qilish uchun Idoraviy hujjat loyihasi ishlab chiqish, shuningdek, mazkur loyiha bilan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanishi nazarda tutilgan.

Dasturda:

  • aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ochiqligi va shaffofligini ta'minlash;
  • ko‘rsatilayotgan xizmatlar tartibini soddalashtirish va yangi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilgan holda xizmatlar turlarini ko‘paytirish, shu jumladan, masofadan turib xizmat ko‘rsatish turlarini joriy qilish nazarda tutiladi.

Byudjyet daromadlari va xarajatlarini xalq uchun ochiq va oshkora bo‘lishini ta'minlash uchun normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Loyihada davlat byudjyeti va byudjyetdan tashqari davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining daromadlari va xarajatlarini xalq uchun ochiqligi hamda shaffofligini ta'minlash, byudjyetnoma muhokamasida jamoatchilik fikrini inobatga olishga qaratilgan aniq mexanizmlar nazarda tutiladi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid