O‘zbekiston | 20:40 / 12.01.2018
8950
3 daqiqa o‘qiladi

Elchilar muayyan hudud va iqtisodiyot tarmog‘iga biriktiriladi

11 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari faoliyati tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Prezident har bir elchixonaga mamlakatning muayyan hududi va iqtisodiyot tarmog‘ini biriktirish taklifini bildirgan.

«Endi har bir elchi ish kunini o‘ziga biriktirilgan hudud hokimi va tarmoq rahbari bilan telefon orqali muloqot qilishdan boshlaydi. Eksport va turizmni rivojlantirish, biznes kooperatsiyasini kuchaytirish bo‘yicha aniq investitsion loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar tezkor hal qilinadi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

O‘z navbatida, viloyat hokimlari bir yilda kamida ikki marta tegishli mamlakatlarga xizmat safariga shaharsozlik va hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy axborot texnologiyalari, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, sanoat va qishloq xo‘jaligi, ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida borishi shart.

Yig‘ilishda, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi va uning diplomatik missiyalarining daxldor vazirlik hamda idoralar, mahalliy ijro organlari bilan o‘zaro idoralararo munosabatlarining aniq va samarali tizimini shakllantirish muhimligiga alohida e'tibor qaratildi.

Prezident tizimli va aniq targ‘ibot-tashviqot ishlari, ayniqsa, xorijiy mamlakatlarda yo‘lga qo‘yilmaganini tanqid qildi.

«Xorijiy sheriklarimiz haligacha yurtimizda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarish va islohotlardan, ichki va tashqi siyosatimizning ustuvor jihatlari, biznes va investitsiya uchun yaratilayotgan qulay, yangi shart-sharoitlar haqida yetarlicha ma'lumotga ega emaslar», degan prezident.

Shu munosabat bilan prezident «Jahon» axborot agentligi negizida yosh, salohiyatli mutaxassislarni jalb qilgan holda, eng ilg‘or texnikalar bilan jihozlangan zamonaviy media-markaz hamda Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparatida Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘yicha alohida tuzilma tashkil qilishni taklif etdi.

Yig‘ilishda, shuningdek,  diplomat kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida istiqbolli, o‘z kasbiga sodiq va professional yosh kadrlar tayyorlash sifatini oshirish zarurligiga alohida e'tibor qaratildi. Belgilangan ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi keng ko‘lamli islohotlar va yangilanishlar muvaffaqiyatining muhim sharti ekani ta'kidlandi.

Yig‘ilishda Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid