O‘zbekiston | 14:10 / 12.01.2018
16363
2 daqiqa o‘qiladi

Masjidlarda diniy ilmlarni o‘rgatish kursini tashkil etish taklif qilinmoqda

Foto: KUN.UZ

Jamoatchilik tomonidan 2018 yilgi Davlat dasturida ko‘rsatilgan bandlarga nisbatan munosabat bildirilmoqda. Shulardan biri diniy sohadagi yangilanishlarga bag‘ishlangan bo‘lib, «​faqat diniy bilim yurtlarda emas, hukumat tomonidan ruxsat berilgan masjidlarda ham diniy ilmlarni pullik asosda, ro‘yxatga olingan tartibda yo‘lga qo‘yishga ruxsat»​ berilishi so‘ralgan.

Avvalroq, «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgani haqida ma'lum qilingandi. Unga ko‘ra, 237 banddan iborat Dastur loyihasi 15 yanvarga qadar umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqilishi belgilangan.

E'tirof etilgan bandlardan biri Konfessiyalararo hamjihatlik 
va millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash, davlat institutlari va diniy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni hamda tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga bag‘ishlangan.

Unda:

- diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirish;

- diniy tashkilotlar tomonidan tajvid, hadisshunoslik, kalom va boshqa diniy ilmlarni o‘rgatishni tartibga solish;

- diniy tashkilotlarning faoliyat yuritishi hamda tugatish asoslari, davlat institutlari bilan hamkorligi va faoliyat mexanizmlarini takomillashtirish masalalari nazarda tutiladi.

Bundan tashqari, Tolakov Adxamjon nomi bilan ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi maktablarda diniy ta'limni yo‘lga qo‘yish zaruriyati haqida yozadi.

«​Mening farzandimga maktabda Pushkinni yoki Napoleonni kimligini o‘rgatiladi. Lekin Payg‘ambari kimligini o‘rgatilmaydi. Maktab programmasiga aqida, hadis, din asoslari kabi fanlarni qo‘shish kerak. Terroristlar va diniy adashganlar kamroq bo‘ladi»​, deb izohini yakunlagan u.

Ko‘plab izoh egalari diniy ta'limni diniy muassasalar, masjid va maktabda birdek tashkil etishga maqsadga muvofiq bo‘lishini ta'kidlagan.

Mavzuga oid