Andijonda xorijiy investor mulkini kim tortib oldi? Bunga haqi bormi o‘zi?
Yaqindagina saytimizda Qarshi shahar hokimligi Prezident qarorini ro‘kach qilib, tadbirkor foydalanayotgan yer maydonini tortib olayotgani haqida jurnalistik surishtiruvi o‘tkazgan edik. Buni qarangki, shunga o‘xshashroq holat Andijon viloyatining Xonobod shahrida ham yuz bermoqda. Farqi — hokimlik tortib olmoqchi bo‘layotgan mol-mulk xorijiy investorniki…
Tahririyatimizga Andijon viloyati Xonobod shahridagi «SIBUZ INVEST» MChJdan kelgan murojaat e'tiborimizni tortdi va ushbu murojaat yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazishni maqsad qildik.
Dastavval, muammo yuzaga kelgan nuqtaga e'tibor qaratsak.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 fevraldagi «Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida mahalliy hokimliklar tomonidan respublikadagi mavjud, foydalanilmay yotgan, biroq xususiylashtirilgan binolar ro‘yxati tuzildi.
Unga ko‘ra, Andijon viloyati Xonobod shahri, Ishchilar ko‘chasi 1-uy manzilida joylashgan, sobiq «Tarandubitel» charm-attorlik ishlab chiqarish birlashmasining bino va inshootlari va qariyb 4 gektarlik yer maydoniga hozirda egalik huquqi berilgan «SIBUZ INVEST» mas'uliyati cheklangan jamiyati ham ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan.
«SIBUZ INVEST» MChJning bu ro‘yxatdan o‘rin olishi adolatdanmi? Keling, o‘rganib chiqaylik.
1994 yilda «Tarandubitel» IChB Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan davlat tasarrufidan chiqariladi. Ta'kidlash kerak, ayni jarayon davlat raqobat qo‘mitasi ekspertlar guruhining xulosasi asosida o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qonun hujjatlariga to‘la muvofiq tarzda amalga oshirilgan.
2007 yilgacha «Tarandubitel» birlashmasi qarovsiz yotgan bino va inshootlar ayrim «mutasaddilar»ning rahnamoligida talon-taroj qilinadi. 2007 yilga kelib esa Xonobod shahar Davlat soliq inspeksiyasining da'vo arizasiga ko‘ra Andijon viloyati xo‘jalik sudi tomonidan bankrot, deb topiladi.
Shundan so‘ng, bankrot bo‘lgan korxonaning mol-mulklari davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan tuzilgan ekspertlar guruhi tomonidan baholanadi va Respublika ko‘chmas mulk birja savdosiga qo‘yiladi. Birja savdolari chog‘ida asli o‘zbekistonlik, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan neftchi, «Inkom-Neft» korxonasi ta'sischisi, Rossiya Federatsiyasi fuqarosi Jakbarali Akbarov qariyb 355 million so‘mga sobiq «Tarandubitel» ishlab chiqarish birlashmasi bino va inshootlarini sotib oladi.
Ulg‘ayib o‘sgan qishlog‘ida yangi ish o‘rni ochish niyatida ish boshlagan J.Akbarov shu tariqa «Inkom-Tarandubitel» shu'ba korxonasiga asos soladi.
Sotib olingach, binolarni zamonaviy ta'mirlash uchun 2007-2008 yilda 415,1 mln so‘m (310 ming AQSh dollari), tikuv-bichuv mashinalari va boshqa jihozlar uchun 201,2 mln so‘m (150 ming AQSh dollar) sarf qilinib 100 dan ortiq ish o‘rinlar yaratildi va mahsulotlar Rossiya davlatiga eksport qilindi. 2009 yilda Ishchilar ko‘chasi 1-uy manzilidagi bino va inshootlar «Inkom-Tarandubitel» shu'ba korxonasi J.Akbarov ta'sischi bo‘lgan «SIBUZ INVEST» MChJ ustav fondiga qo‘shib olinadi.
Korxona 2009 yil 107,5 ming AQSh dollariga xomashyo va mashinalar, 2013 yilda 142,3 ming AQSh dollariga yangi tikuv mashinalari xarid qilinib, 217,0 ming AQSh dollariga 3 ta tikuv dastgohi qo‘shimcha o‘rnatilib, 2014 yil ishga tushirildi.
Korxona faoliyatiga nazar solar ekanmiz qator ijobiy ko‘rsatkichlarni ko‘rish mumkin. Jumladan, korxona 2008–2009 yillar davomida ish joylar sonini 92 nafardan 250 gacha oshirib borgan.
2015 yilgacha o‘sish ko‘rsatkichi bilan faoliyat ko‘rsatgan korxona kadrlar muammosi sababli mahsulot ishlab chiqarish to‘xtab qoladi. Shundan so‘ng tadbirkorlarga binolar dastgohlari bilan ijaraga berildi. Ya'ni, binolar PVX-granula hamda ishchilar qo‘lqopi ishlab chiqaruvchi «Vodiy Universal Global» MChJ, «Uz-Dongvon Ko» YoAJ, hamda trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi «Zulayxo Elit Servis» MChJga ijaraga beriladi va bino-inshootlar ro‘yxatga qo‘shilgan kunga qadar ishlab kelayotgan edi.
Xo‘sh, «SIBUZ INVEST» MChJning mol-mulklari foydalanilmayotgan bino va inshootlar ro‘yxatiga kiritilishi adolatdanmi yoxud amaldagi qonunchilikka to‘g‘ri keladimi?
Agar haqiqatdan ham bino va inshootlardan foydalanilmayotgan bo‘lsa Prezidentning 2017 yil 23 fevraldagi «Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra bino va inshootlardan foydalanish bo‘yicha taklif so‘ralishi kerak emasmidi? Shundan so‘ng ham natijada bo‘lmasa soliq stavkalarini bosqichma-bosqich ko‘tarib chora ko‘rilishi kerakmasmidi? Afsuski bunday bo‘lmadi!
Xorijiy investor Jakbarali Akbarovning ukasi Haydarali Akbarov shunday hikoya qiladi:
— Viloyat prokuraturasiga chaqirishdi. Prezident qarorini ko‘rsatishdi. Bizda 85 foiz binolarimiz faoliyat ko‘rsatyapti dedim. Faqat ikkita bino boshdan bosh avariya holatida, deb tushuntirdim. «Sen hozir bino va inshootlarni o‘z ixtiyorim bilan nol balansda davlatga topshiraman, deb yozib berasan», deyishdi. Mening bunga vakolatim yo‘q, dedim. Quloq solishmadi. Tungi soat 9-10 larga olib o‘tirishdi. Baribir vakolatim yo‘q, yuridik kuchga ega emas, shulardan qutilay, deb yozib berdim arizani. Chunki men vakolatli emasman, investor yozib berishi kerak bunday xatlarni.
Undan so‘ng viloyat hokimligiga chaqirishdi. Respublika Bosh prokurorining o‘rinbosari keldi. Mendan so‘rashdi. 85 foiz binolarimiz faoliyat ko‘rsatayotgani, ishchilar ish bilan ta'minlanganini aytdim. Shunda respublikadan kelgan prokuror nega bu korxonani ro‘yxatga qo‘shib qo‘yding, dedi. Davlat raqobat qo‘mitasi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i (hozir - o‘rinbosar) Rustam Sharipov respublikadan kelgan amaldor oldida «Bo‘ldi, chiqarib yuboraman», degandi.
Keyin bu masala Xalqaro press-klubning Andijon viloyatida bo‘lib o‘tgan sayyor sessiyasi vaqtida ham ko‘tarilgan. Unda ham R.Sharipov so‘z olib, sudga binoni davlat ixtiyoriga qaytarish haqidagi da'vo arizasi noto‘g‘ri kiritilganligi, ariza qaytarib olishini jonli efirda aytgan edi.
Uning o‘zidan so‘raganimizda bu masala yuzasidan tuzuk-quruq javob bera olmadi. Ha biz chiqarmoqchi edik, shuning uchun XPKda chiqaraman deb, aytdim, lekin yuristlarimiz bilan maslahatlashib da'vo arizasini qoldirishga qaror qildik, qabilida.
Xullas, ikki marta korxonani ro‘yxatdan chiqarish masalasi ko‘tarilganida ham, R.Sharipov «bo‘ldi, xo‘p, chiqaraman», deb yo o‘zining, yo kimningdir ko‘rsatmasi bilan bu ishni paysalga solgan.
Tadbirkorlarga yordam qo‘lini cho‘zish uchun mas'ul bo‘lgan tashkilot — viloyat savdo-sanoat palatasi rahbari o‘rinbosari Abdumalik Nishonov ushbu ish bo‘yicha ma'lumotga endi ega bo‘lganini aytib o‘tiribdi.
Sud uchun materiallarni Xonobod shahar iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘limi rahbari Ixtiyor To‘xtaboyev tayyorlagani ma'lum bo‘ldi va u korxona hududidagi ikkita avariya holatidagi binoni suratga tushirib ma'lumot tayyorlagan. Mavjud 6 ta binodan 4 tasi ta'mirlangani va u yerda ishlab chiqarish bilan bog‘liq ish ketayotganini qasddan yashirgan.
Andijon viloyat hokimining o‘rinbosari Abdurashid Egamberdiyev bilan telefon orqali ayni shu mavzuda uchrashishni so‘radik. Ular rozi bo‘ldi. Biroq tasvirga tushirishimizni xohlamadi. Uchrashuvda esa u «SIBUZ INVEST» haqida hatto tasavvurga ham ega emasligi, viloyatda shu kabi korxonalarning 80 dan ortig‘i ro‘yxatga tushganligi, «SIBUZ INVEST»siz ham muammolari boshidan oshib yotganligini izhor etdi.
Hatto «SIBUZ INVEST» murojaatiga viloyat hokimligi taqdim etgan javob xatida hali bo‘lib o‘tmagan sud qarori ilova qilingani haqida so‘raganimizda esa shunchaki «Bilmadim, bo‘lishi mumkin emas, javob xatlarini tayyorlab olib kirishadi, men imzo chekib beraman», deyishi bizni qattiq taajjubga soldi.
Yuzlab insonlar taqdiri va boqi-beg‘am hokim o‘rinbosari. Quyida «SIBUZ INVEST» MChJ murojaatiga viloyat hokimligining javob xati. Javob xati 21 avgust kuni taqdim etilsa-da, unga 24 avgust kuni chiqariladigan sud hukmi ilova qilinmoqda! Bu korrupsiyami, folbinlikmi yoki murojaatlar bilan ishlashdagi ijro intizomidagi mas'uliyatsizlikmi? Bizda ikkita variant bor: yoki hokimlik sud qanday qaror chiqarishini oldindan bilgan yoki javob xatining muddati soxtalashtirilib, orqa sana bilan yuborilgan. Bu jumboqqa rasmiy izohni viloyat hokimligidan kutib qolamiz.
Xullas jurnalistik surishtiruvlardan so‘ng, Xonobod shahar hokimligining va Davlat raqobat qo‘mitasi Andijon viloyat bo‘limining pozitsiyasi o‘zgargandek bo‘ldi. Ya'ni ularda mulkni tortib olish istagi ortga tashlangandek tuyuldi. Biroq masala ochiqligicha qolmoqda. Ishlab chiqarish korxonasida 100 ga yaqin ishchilar — ishsiz. Vaqt esa o‘tib bormoqda.
Biz Andijonning Xonobodida hokim boshchiligidagi qator mutasaddilar 100 foiz xorijiy investorning mol-mulklarini ko‘r ko‘rona tortib oldimi? — degan savolimizga aniq javob olishni istaymiz.
Sudning qarorini tahlil qilishga vakolatimiz yo‘q. Lekin birgina jihatini xalqqa yetkazib qo‘yishni ma'qul deb topdik.
«SIBUZ INVEST»ning mulkini tortib olish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan sudda Raqobat qo‘mitasi mulkni olib qo‘yishga asos sifatida umuman boshqa sababni ko‘rsatgan. Ya'ni, xuddi 1994 yilda (23 yil muqaddam) ushbu binoni xususiylashtirish paytida narx noto‘g‘ri baholangan emish! Shu sababli 1994 yili «Tarandubitel» jamiyatiga, u bankrot bo‘lgach, 2007 yili birja orqali uni BeLGILAB QO‘YILGAN SUMMAGA ShAFFOF VA HALOL USULDA sotib olgan «Inkom-neft» AJga, undan keyin esa to‘liq xorijiy investor tomonidan ochilgan «SIBUZ INVEST» MChJga mazkur bino noqonuniy o‘tgan, deya da'vo kiritilgan!
Endi savol tug‘iladi, nima uchun hamma mojaro mulkni foydalanilmayotgan binolar ro‘yxatiga qo‘shishdan boshlanib, birdaniga sudda umuman boshqa masala ko‘rilgan? «Binodan foydalanmayapsan», deya e'tiroz qilayotgan raqobat qo‘mitasi hududiy boshqarmasi nima uchun to‘satdan, osmondan tushganday, 23 yil oldingi savdolarda baho noto‘g‘ri qo‘yilganini eslab qoldi?
Sababi oddiy. Raqobat qo‘mitasining sudga taqdim etgan hujjat va ma'lumotlarida bugungi kunda «SIBUZ INVEST»ga tegishli binolarning 50 foizidan kamroq qismi foydalanilmayotganligi qayd etilgan va bu sud qarorida ham yozilgan. Prezidentning 2017 yil 23 fevraldagi PQ-2796-sonli qarorining 4-bandida 50 foizdan ko‘proq qismi foydalanilmayotgan bo‘lsagina, binoni foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari sifatida e'tirof etilishi belgilangan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, «SIBUZ INVEST»ning mulkini har qanaqasiga foydalanilmayotgan binolar ro‘yxatiga qo‘shib bo‘lmasdi va ushbu sabab bilan binoni tortib olishga hech kimning haqi yo‘q edi. Lekin Raqobat qo‘mitasi ushbu mulkni qanday bo‘lmasin tortib olishga qaror qiladi va boshqa yo‘llarini qidirishga tushadi. Natijada 23 yil avval mulkni 1 mln. 139 ming so‘m-kuponga baholashganda xatolik ketgan degan o‘ta kulgili va mantiqsiz bahona topadi.
Nimasi noto‘g‘ri baholangan ekan deysizmi? Mulk mutaxassislar tomonidan 1993 yil 1 noyabr holatiga baholangan va oradan 3 oy o‘tmasdan, ya'ni 1994 yil 27 yanvar kuni sotilgan. Mana shu davrda mulk narxi oshgan bo‘lishi mumkin edi, shuning uchun oradan 23 yil o‘tgan bo‘lsa ham xorijiy investorning binosini tortib olamiz, deyishdan uyalmagan Raqobat qo‘mitasiga bahoni o‘zingiz bering: eng asosiysi — o‘sha paytda amalda bo‘lgan vaqtinchalik Nizomda baholangan mulklar 3 oy ichida sotilsa, qayta baholash shart emas deya belgilangandi. Demak, «SIBUZ INVEST»ga ochilgan da'vo talabi nafaqat kulgili va mantiqsiz, balki noqonuniy ham edi.
Biroq Toshkent shahar Yakkasaroy tumanlararo iqtisodiy sudi nima uchundir yuqoridagi asosli faktlarni, da'vo muddatini inobatga olmay, Raqobat qo‘mitasining da'vosini to‘liq qanoatlantirish haqida qaror chiqargan. Bu qaror adolatlimi yoki yo‘q, bunga ham o‘zingiz uchun xulosa chiqarib olavering.
Xurshid Daliyev,
Elmurod Ermatov,
KUN.UZ maxsus muxbirlari
Tahririyatdan: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot markazida o‘tkazilgan brifingda bosh vazir o‘rinbosari Suhrob Xolmurodov ham xorijiy investorlarning biznes-aktivlari daxlsiz ekanligiga alohida to‘xtalib o‘tdi:
«O‘zbekiston kelajagi xorijiy investitsiyalarsiz mavjud bo‘lmaydi, buni barchamiz juda yaxshi anglab turibmiz. Agar biz xorijiy investorlar ishonadigan, inonadigan investitsion iqlim hosil qilmasak, barcha sa'y-harakatlarimiz bekor ketadi. Valyuta bozorini liberallashtirish bilan foydani repatratsiya qilish masalasi hal bo‘ldi — jarayon ishga tushdi — ortga yo‘l yo‘q. Investitsion iqlim takomillashib boradi, barcha mavjud qonunchilik hujjatlari shunday qabul qilinadiki, O‘zbekistonda investorning hech narsasi hech kim hech qachon tortib ololmaydi, buning iloji bo‘lmaydi», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.
YouTube'da ko‘rish
Mover'da ko‘rish
Mavzuga oid
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
14:41 / 06.11.2024
5 sotix yerni fuqaroga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan ekologiya bo‘limi bosh inspektori 20 ming dollar bilan ushlandi
16:17 / 02.11.2024
Andijonda ishchidan alimentdan qarzini ushlab qolmagan fermer jarimaga tortildi
11:52 / 02.11.2024