Jahon | 07:41 / 16.01.2018
7225
2 daqiqa o‘qiladi

Tripolidagi aeroportga hujum qilinishi oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi 

Foto : AJL

Liviya poytaxti Tripolida joylashgan Mitiga xalqaro aeroportiga qurollangan kishilar hujum qilishi oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi, 60 kishi yaralandi. Bu haqda Liviya sog‘liqni saqlash vazirligiga iqtibos keltirgan holda Libyan Express nashri xabar bermoqda. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda hujum qaytarilgan. 

Avvalroq Libya's Channel mahalliy telekanali 15 yanvarda qurollangan guruh aeroportga hujum qilgani, uning faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilganini ma'lum qilgan. Hujum turli qurollar qo‘llangan holda olib borilgan. Ma'lum qilinishicha, aeroport ichidagi odamlarni evakuatsiya qilishga muvaffaq bo‘lingan.   

Sky News Arabia telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuv Tripolidagi milliy kelishuv hukumatini qo‘llab-quvvatlovchi ikki tuzilma o‘rtasida yuz bergan. Telekanalning ma'lum qilishicha, aeroportga “Al-Baqara” guruhi hujum qilgan.   

Bosqinchilar bilan aeroportni nazorat qiluvchi maxsus kuchlar jangga kirgan. 

Tripolida 2016 yilda BMT sa'y-harakatlari bilan shakllantirilgan Liviya milliy kelishuvi hukumati mamlakat sharqidagi hukumat va milliy armiyaning qo‘llab-quvvatloviga erisha olmagan va shu sababli turli mahalliy qurollangan tuzilmalar bilan hamkorlik qilishga majbur. 

Mavzuga oid