Sport | 22:22 / 17.01.2018
7503
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda maktab o‘quvchilari o‘rtasida sport turlari bo‘yicha bolalar ligasi tashkil etiladi

Foto: KUN.UZ

Bugun Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan 2017 yil davomida Toshkent shahrida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va 2018 yildagi vazifalar rejasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda qatnashgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, boshqarmaning yangi yilga rejalashtirilgan ishlari orasida quyidagilar o‘rin olgan:

  • ijodiy g‘oya va ishlanmalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida boshqarma tizimidagi muassasalar o‘rtasida «Sport sohasidagi eng yaxshi innovatsion loyiha» tanlovi o‘tkazish;
  • mavjud inshootlar quvvatidan samarali foydalanish foydalanish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanuvchilar sonini yanada kengaytirish, ular orasidan iqtidorli yoshlarni aniqlab professional sportga jalb qilish maqsadida 2018 yilda o‘tkaziladigan sport tadbirlari sonini 2017 yilga nisbatan ikki yarim barobarga oshirish.
  • 2018 yil 15 fevraldan umumta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida sportning basketbol, voleybol va gandbol sport turlaridan «Maktablar ligasi» tashkil qilish.
  • Bolalar va o‘smirlar sport maktablari va professional klublari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida sportning futbol, basketbol, voleybol va gandbol sport turlaridan «Bolalar ligasi–2018» tashkillashtirish.
  • Sport ta'lim muassasalari o‘rtasida sport turlari bo‘yicha «Yosh chempionlar», «Olimpiya umidlari», «Olimpiya cho‘qqilari», «Futbolimiz yulduzlari» sport musobaqalarini o‘tkazish va shu orqali eng kuchli sportchilarni aniqlash.

Shuningdek, boshqarmaning yillik ish rejasidan respublikamizning davlat boshqaruv idoralari va tashkilotlari xodimlari o‘rtasida, faxriylar va keksalar o‘rtasida, mahalla sport jamoalari o‘rtasida sport turlari bo‘yicha turli ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish hamda aholining jismoniy tayyorgarligi va salomatligi darajasini belgilovchi «Alpomish» va «Barchinoy» maxsus test sinovlari va musobaqalarini o‘tkazish o‘rin olgan.

Qayd etib o‘tish joizki, milliy terma jamoalari a'zolarini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarining shtat jadvaliga «Sportchi» lavozimi joriy etildi.

Umumta'lim, bolalar-o‘smirlar sport maktablari tarbiyalanuvchilari orasidan iqtidorlilarini saralash (seleksiya) ishlarini sifatli o‘tkazish maqsadida «Sport to‘garagi va seleksiya bo‘yicha trener» lavozimi joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 martdagi «O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio (Yaponiya) shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXII  yozgi Olimpiya va XVI Paraolimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida»gi PQ-2821-sonli qarori ijrosi bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilib, qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan Toshkent shahar hokimligining hududiy dasturi ishlab chiqildi.

Hududiy dasturga ko‘ra, 2018 yilda  «Bolalar va o‘smirlar sport maktablari – Respublika Olimpiya zaxiralari kolleji – Oliy sport mahorati maktabi – Milliy terma jamoalar» sxemasi bo‘yicha iqtidorli sportchilarni milliy terma jamoalar tarkibiga kiritish maqsadida saralash, tayyorlash, sport mahoratini oshirish bo‘yicha uzluksiz tizimni samarali tashkillashtirishning aniq chora-tadbirlar dasturi amalga oshiriladi.

2018 yilda qilinadigan ishlar orasida eng muhimi bu — Indoneziyada tashkillashtiriladigan yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasining munosib ishtirokini ta'minlash. Hozirgi kunda ushbu yirik musobaqaga Toshkent shahar sportchilari alohida tayyorgarlik ko‘rmoqda.

O‘z muxbirimiz.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid