Uzbekistan Airports AJ hamda Saudiya Arabistonining Vision Invest kompaniyasi boşçiligidagi, tarkibiga Yaponiyaning Sojitz Corporation va Koreya Respublikasining Incheon International Airport Corporation kompaniyalari kiruvçi xalqaro konsorsium örtasida Toşkentning yangi xalqaro aeroportini quriş va boşqariş böyiça davlat-xususiy şeriklik kelişuvi imzolandi.
Loyihani amalga oşiriş doirasida xalqaro moliya institutlari talablariga muvofiq ekologik va ijtimoiy baholaş işlari ötkazildi. Şuningdek, muhandislik kommunikatsiyalarini köçiriş böyiça loyiha hujjatlari işlab çiqilib, bölajak aeroport hududini tayyorlaş işlari boşlab yuborilgan.
Uzbekistan Airports boşqaruvi raisi Javlon Umarxöjayevning ta’kidlaşiça, mazkur loyiha mamlakat prezidenti taşabbusi bilan hukumat, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Transport vazirligi kömagida işlab çiqilgan.
Uning sözlariga köra, yangi xalqaro aeroport kelgusi ön yilliklarda yölovçi va yuk taşişga bölgan talabni qondiruvçi zamonaviy texnologik aviatsiya markaziga aylanadi. Şu bilan birga, loyiha orqali Özbekiston xalqaro darajadagi aeroportlarni loyihalaş, quriş va boşqariş böyiça ilğor tajriba hamda texnologiyalarni jalb etadi.
Prezidentning tegişli qaroriga muvofiq, yangi aeroport Toşkent viloyatining Örta Çirçiq va Quyi Çirçiq tumanlari hududida, umumiy maydoni 1310 gektar bölgan yer maydonida quriladi.
Loyihaning birinçi bosqiçida har biri 4 kilometr uzunlikka ega bölgan ikkita uçiş-qöniş yölagi, 208 ming kvadrat metr maydonli yölovçi terminali, havo kemalari uçun 98 ta töxtaş joyi, yonilği quyiş majmuasi hamda zamonaviy dispetçerlik minorasi barpo etiladi.
2030 yil oxirida foydalanişga topşirilişi rejalaştirilgan aeroport yiliga 20 million nafar yölovçi va 300 ming tonnagaça yuk qabul qiliş imkoniyatiga ega böladi.
Imzolangan bitimga muvofiq, xususiy şeriklar konsorsiumi yölovçi terminali va vokzal atrofi infratuzilmasini quriş hamda ekspluatatsiya qiliş uçun mas’ul böladi. Davlat şerigi esa aerodrom majmuasini quriş va boşqariş vazifasini öz zimmasiga oladi.
Tasdiqlangan jadvalga köra, joriy yilning iyun oyida muhandislik tarmoqlarini köçiriş işlarini boşlaş, hududni qurilişga tayyorlaş va bosqiçma-bosqiç quriliş işlarini amalga oşiriş rejalaştirilgan.
Mutasaddilarning qayd etişiça, yangi xalqaro aeroport mamlakatning şakllanayotgan transport-logistika tizimining muhim böğiniga aylanib, xalqaro aviaqatnovlar, savdo va turizm rivojiga qöşimça turtki beradi.












