O‘zbekiston | 12:17 / 20.01.2018
18286
2 daqiqa o‘qiladi

Ish beruvchilar homiladorlik va tug‘ruq bo‘yicha nafaqani o‘z hisoblaridan to‘lashda davom etadi

Foto: KUN.UZ

Prezidentning 29.12.2017 yildagi PQ–3454-son qarori bilan 2010 yilda joriy etilgan ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalarni to‘lash tartibi uzaytirildi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
 
Ma'lumot uchun: xodima homiladorlik va tug‘ish ta'tilining butun davri mobaynida nafaqa olish huquqiga ega. U jami 126 (tug‘ish qiyin kechgan yoki 2 va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda – 140) kalendar kunni tashkil etadi.
 
Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa xodimaning to‘liq ish haqi miqdorida to‘lanadi. Biroq ayol yana ishga qabul qilingan yoki bir yildan ortiq tanaffusdan keyin ishga chiqqan bo‘lsa, nafaqa miqdori tabaqalashtiriladi.
 
Nafaqani hisoblab chiqarish qoidalari Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomda bayon etilgan.  
 
2010 yilgacha nafaqa byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘langan. O‘shanda korxonalar tuman (shahar) ijtimoiy ta'minot bo‘limlariga tegishli mablag‘larni olish uchun buyurtmanomalar taqdim etganlar.
 
2010 yil 1 yanvardan boshlab tartib o‘zgardi – ishlovchi ayollarga nafaqalarni ish beruvchilar o‘z mablag‘laridan (byudjyet tashkilotlarida – byudjyet mablag‘laridan) to‘laydilar. Ushbu tartib yana bir yil – 2019 yil 1 yanvargacha uzaytirildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid