Sport | 01:40 / 23.01.2018
4577
3 daqiqa o‘qiladi

FIFA Rossiyada o‘tadigan JCh-2018’da videotakrorlar tizimi joriy etilishini tasdiqladi

Foto: The Edwardsville Intelligencer

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) tijorat direktori Filipp Le Flok hakamlarga videoko‘mak berish tizimi (VAR) Rossiyada o‘tadigan 2018 yilgi jahon chempionatida aniq joriy etilishini ta'kidladi, deya uning so‘zlarini keltirmoqda Associated Press agentligi.

Dushanba kuni Tsyurixda o‘yin qoidalardagi o‘zgarishlar uchun mas'ul bo‘lgan Futbol assotsiatsiyalari xalqaro Kengashi (IFAB) ning har yillik biznes-uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, unda turli masalalar bilan birga VARni kelayotgan jahon chempionatida va milliy chempionatlarda joriy qilish masalasi muhokama qilindi. Ilgariroq Britaniyaning The Times gazetasi IFAB a'zolari texnologiyaning Rossiyada o‘tajak jahon chempionatida qo‘llanilishini yoqlab ovoz berishlari haqida xabar bergan edi. Nashr, shuningdek, FIFA VAR tizimini JCh-2018 da taqdim etishni juda-juda xohlayotganini ta'kidlagan edi.

«Videotakrorlar tizimidan [jahon chempionatida] aniq foydalanamiz. Fikrimcha, texnologiyalar futbolga joriy etilayotgani juda ajoyib, ular o‘yinni yanada adolatliroq qiladi», — degan Le Flok.

Le Flok shuningdek, FIFA VAR tizimini jahon chempionatida joriy etishga ko‘maklashuvchi potensial homiylar bilan muzokaralar olib borayotganini xabar qilgan. «Biz turli kompaniyalar bilan muzokaralar olib bormoqdamiz. Ular futbolning texnologik tomonlari bilan bog‘liq masalalarda FIFA bilan hamkorlik qilishga zo‘r qiziqish bildirishmoqda», — degan tashkilotning tijorat direktori.

2016 yil martida IFAB hakamlarga videoko‘mak tizimini sinovdan o‘tkazishni ma'qullagan edi. Tizim 2016 yil Yaponiyada o‘tgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida va 2017 yil Rossiyada o‘tgan Konfederatsiyalar kubogida sinaldi. Ayni paytda Yevropaning yetakchi chempionatlaridan Italiya va Germaniyada videoko‘mak tizimi ishlamoqda.

Futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlari 2018 yilning 14 iyunidan 15 iyuliga qadar Rossiyaning 11 ta shahrida bo‘lib o‘tadi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid